Tramp Medvedevning shov-shuvli bayonotiga munosabat bildirdi

Tramp va Medvedev ASEAN sammitida. Filippin, 2017 yil.
AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari, mamlakat sobiq prezidenti Dmitriy Medvedevning Eronga jangovar yadro komplektlari berilishiga doir bayonotiga munosabat bildirdi.
“Rossiya sobiq prezidenti Medvedev “N” so‘zini (nuclear, ya’ni yadro quroli nazarda tutilmoqda – tahr.) ehtiyotsizlik bilan qo‘llagani, u va boshqa mamlakatlar Eronga yadro kallaklarini yetkazishga tayyor ekani haqida aytgani to‘g‘rimi? U chindan ham shunday dedimi yoki menga shunday tuyuldimi? Agar u shunday degan bo‘lsa, bu chindan ham tasdiqlansa, iltimos, bu haqda menga zudlik bilan xabar beringlar. “N” so‘ziga bunday ehtiyotsizlik bilan munosabatda bo‘lish yaramaydi. O‘ylaymanki, aynan shuning uchun ham Putin “boss”dir”, – deb yozdi Tramp o‘zi asos solgan Truth Social tarmog‘ida.
E’tiborga molik jihati, yadro quroli haqida ehtiyotsizlik bilan bayonotlar berish oqibatidan ogohlantirgan Trampning o‘zi posti davomida AQSh suvosti atom kemalari, jumladan, “dunyodagi eng kuchli va ajalvor qurol”ga ega ekanini pisanda qilgan.
Avval xabar berganimizdek, RF Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev 22 iyun kuni Telegramdagi sahifasida dunyoning bir qator mamlakatlari Eronga jangovar yadro komplektlarini berishga tayyor ekani haqida shov-shuvli post qoldirgandi.
AQShning Eronga qarshi havo hujumlariga munosabat tarzida bayonot bergan Rossiya sobiq prezidenti o‘z postida aynan qaysi davlatlar, qanday shartlarga ko‘ra Tehronga yadro kallaklarini taqdim etmoqchi ekaniga oydinlik kiritmagan.
Darvoqe, Trampning so‘nggi bayonotiga javob qaytargan Medvedev Moskvaning Tehronga ommaviy qirg‘in quroli berishini istisno etgan.
“Rossiya Eronga yadro qurolini yetkazish niyatida emas. Negaki, Isroildan farqli o‘laroq, biz Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi Shartnoma ishtirokchisimiz”, – deb ta’kidlagan D.Medvedev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter