Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tramp shaxsiy vertolyotini sotuvga qo‘ydi

Tramp shaxsiy vertolyotini sotuvga qo‘ydi

Foto: «Autoevolution.com»

AQSh prezidenti Donald Trampning shaxsiy vertolyotlaridan biri Sikorsky S-76B sotuvga qo‘yildi. Amerika yetakchisi 2016-yilgi saylovoldi kampaniyalarida undan ko‘p foydalangan. Vertolyot 1,5 million dollarga baholanishi mumkin, deya xabar berdi «Newsweek».

Nashrning yozishicha, vertolyot joriy yil avgust oyida N76DT raqami ostida «Jet Edge Partners» va «Aero Asset» maxsus savdo maydonchalarida sotuvga qo‘yilgan, biroq aniq bahosi ko‘rsatilmagan. To‘rt yil oldin «New York Times» nashri uni 875 ming dollarga baholagandi. Biroq hozir saylovlar paytida uning narxi ko‘tarilib, taxminan 1,5 million dollarni tashkil etishi mumkin, deb yozadi «Newsweek».

Hozir vertolyot Nyu-Jersidagi angarda saqlanmoqda. Gazetaning yozishiga ko‘ra, Afrika qizil daraxti panellari bilan qoplangan, gilamlar to‘shalgan saloniga olti kishi sig‘adi. Shuningdek, vertolyot ichida tovush o‘tkazmaydigan tizim, shuningdek, sovitkich va ichimliklar uchun javoncha o‘rnatilgan.

Ta’kidlanishicha, Tramp prezident etib saylanganidan beri ushbu vertolyotda biror marta ham uchmagan. Chunki davlat rahbari bo‘lganidan so‘ng unga harbiy vertolyot berilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring