Tramp tinchlikparvar rolini Yaqin Sharqda ham yo‘qotyapti – Euronews

Donald Trampning tinchlikparvar roli nafaqat Ukrainada, balki Yaqin Sharqda ham muvaffaqiyatsizlikka uchramoqda.
Isroil va HAMAS o‘rtasida haligacha o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilgani yo‘q, G‘azodagi vaziyat esa yomonlashishda davom etmoqda, deb yozmoqda Euronews.
Prezident Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff payshanba kuni AQSh G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatayotganini, bunga HAMASning «sulh bitimiga erishish istagi yo‘qligi» sabab bo‘lganini ma’lum qildi. U, shuningdek, AQShning muzokaralar guruhini Qatardan maslahatlashuvlar uchun qaytarayotganini aytdi.
«Vositachilar qattiq harakat qilgan bo‘lsa-da, HAMAS o‘z harakatlarini muvofiqlashtirmayapti yoki vijdonan harakat qilmayapti, - dedi Uitkoff bayonotida. – Endi biz garovga olinganlarni uylariga qaytarishning muqobil variantlarini ko‘rib chiqamiz va G‘azo aholisi uchun yanada barqaror muhit yaratishga intilamiz».
Qo‘shma Shtatlar qanday «muqobil variantlar»ni ko‘rib chiqayotgani noma’lum. Oq uy hozircha hech qanday izoh bermadi, Davlat departamenti ham.
G‘azodagi vaziyat yomonlashishda davom etar ekan, Tramp ma’muriyati Isroil va HAMAS o‘rtasida bir necha oy davomida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda muvaffaqiyatga erisha olmadi.
Falastin anklavida yaqinda 21 oylik urush davomidagi eng halokatli kun sodir bo‘ldi – yakshanba kuni kamida 85 falastinlik oziq-ovqat olishga urinayotgan paytda halok bo‘ldi.
Tomonlar Qatarda bir necha haftalik muzokaralar olib borishgan bo‘lsada, anklavda tinchlik o‘rnatish borasida katta yutuqlarga erisholmadi.
Rasmiylarning ta’kidlashicha, muzokaralarda asosiy to‘xtab qolgan nuqta Isroil qo‘shinlarini o‘t ochishni to‘xtatishdan keyin qanday qilib qayta joylashtirish masalasidir.
Payshanba kuni ertalab Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu idorasi ham muzokara olib borayotgan guruhini chaqirib oldi. Qisqa bayonotda bosh vazir idorasi Uitkoff va vositachilar – Qatar hamda Misrning sa’y-harakatlari uchun minnatdorchilik bildirdi, ammo hech qanday ma’lumot bermadi.
Ma’lum bo‘lishicha, muhokama qilinayotgan kelishuv 60 kunlik otashkesimni o‘z ichiga oladi, unga ko‘ra HAMAS Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan falastinliklar evaziga 10 nafar tirik garovdagini ozod qiladi va yana 18 kishining jasadini topshiradi. Shuningdek, anklavga insonparvarlik yordami yetkazib berilishini ko‘paytiradi va ikki tomon o‘rtasida uzoq muddatli sulh bo‘yicha muzokaralar olib boradi.
Euronews nashrining yozishicha, muzokaralar ziddiyatli talablar tufayli to‘xtab qoldi. HAMAS barcha garovdagilarni faqat Isroil qo‘shinining to‘liq olib chiqib ketilishi va urushni tugatish evaziga ozod qilishini aytmoqda.
Isroil, HAMAS hokimiyatdan voz kechmagunicha va qurolsizlanmaguncha urushni tugatishga rozi bo‘lmasligini aytgan, bu shartni esa Falastin guruhi rad etgan.
«Bu o‘zini tinchlikparvar sifatida ko‘rsatgan va Tinchlik uchun Nobel mukofotini qo‘lga kiritish istagini yashirmagan Tramp uchun yana bir omadsizlikdir. Respublikachi prezident, shuningdek, Ukrainadagi urushni tezda tugatish bo‘yicha muzokaralar olib borishga va’da berdi, biroq u yerda ham ozgina muvaffaqiyatga erishildi, xolos.
G‘azodagi urushga kelsak, Tramp shu oy boshida Netanyahu bilan Oq uyda uchrashgan va uning muvaffaqiyatga erishish va o‘t ochishni to‘xtatishga qaratilgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlagan.
Ammo Isroil rahbari Eron yadroviy inshootlariga qo‘shma zarbalar berganidan keyin hech qanday muvaffaqiyatga erisha olmay Vashingtonni tark etgan bo‘lsa ham, Amerika prezidentining Netanyahu bilan hamkorligi yanada mustahkamlandi», – deb yozadi nashr.
Manba: ru.euronews.com
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter