Tramp: «Urushni tugatish uchun yaxshi imkoniyat bor»
Prezident Donald Tramp kecha, 30-noyabr kuni Floridada bo‘lib o‘tgan AQSh-Ukraina muzokaralaridan so‘ng, Air Force One samolyoti bortida jurnalistlar bilan suhbatda Ukrainaning tinchlikka intilayotganini ta’kidladi.
«Ammo Kiyevdagi «bir necha kichik muammolar», xususan, korrupsiya mojarosi jarayonga ta’sir qilyapti. Shunga qaramay, har ikki tomon urushni tugatishni xohlayotgani uchun «juda yaxshi imkoniyat» mavjud», – deydi AQSh prezidenti.
Kecha, yakshanba kuni Floridada Ukraina va Amerika Qo‘shma Shtatlari delegatsiyalari o‘rtasidagi muhim uchrashuv bir necha soatdan beri davom etdi. Axios’ning yozishicha, muzokaralar Mayamidagi Stiv Uitkoffga tegishli golf-klubda o‘tkazilgan.
Muzokaralarda AQSh tomonidan AQSh davlat kotibi Marko Rubio, prezidentning maxsus elchisi Stiv Uitkoff hamda Trampning kuyovi Jared Kushner, Ukraina tomonidan esa Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov va Ukraina TIV rahbariyatining yuqori martabali vakillari qatnashgan.
The Wall Street Journal manbalariga ko‘ra, uchrashuvda Ukrainada saylovlarni o‘tkazish uchun ehtimoliy taqvim, hududlar bo‘yicha kelishuv imkoniyati, xavfsizlik kafolatlariga oid bahsli nuqtalar hamda urushni to‘xtatish uchun texnik va siyosiy shartlar muhokama qilingan.
Oq uy manbalari muzokaralarning asosiy maqsadi hudud va xavfsizlik masalalaridagi oxirgi kelishmovchiliklarni bartaraf etish ekanligini bildirdi.
Uitkoff muzokaralarning «ijobiy atmosferada» o‘tganini aytdi.
Ukraina TIV rahbari o‘rinbosari Sergey Kislitsa esa «iliq va ishonchli muhit» mavjudligini ta’kidladi.
«Muzokaralar juda samarali bo‘ldi, lekin oldinda yana juda katta ish turibdi», – deb bayonot berdi Marko Rubio uchrashuv yakunida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington Rossiya bilan ham doimiy aloqada bo‘lib, Moskva pozitsiyasidan yaxshi xabardor.
Rubio shu bilan birga, 1 dekabr kuni Stiv Uitkoff Moskvaga borishini ham tasdiqladi.
Yaqin kunlarda Stiv Uitkoffning Moskvaga safaridan keyin jarayon yanada aniqroq shakl olishi kutilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter