Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiyadan qaytgan ayol murojaatiga Bosh prokuratura munosabat bildirdi

Turkiyadan qaytgan ayol murojaatiga Bosh prokuratura munosabat bildirdi

Yaqinda Toshkentlik N. T. (ayol) 2014 yilning yoz oylarida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning bosimidan cho‘chib, Qirg‘iziston orqali Turkiya Respublikasiga chiqib ketishga majbur bo‘lgani, O‘zbekistondagi yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar sabab yurtga qaytgach, umidlari puchga chiqib, jinoiy ta’qibga hamon uchrayotgani mazmunidagi gaplar bilan ijtimoiy tarmoq orqali murojaat qilgandi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati N. T.ning murojaatiga huquqiy oydinlik kiritishi asnosida quyidagicha munosabat bildirdi.

Mahkama matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning Xabar.uz’ga ma’lum qilishicha, Toshkent shahar Sergeli tumanida istiqomat qilgan N.T. 2014 yilning yoz oylarida noma’lum shaxslar bilan oldindan jinoiy til biriktirib, aylanma yo‘llar orqali Qirg‘iziston Respublikasi hududiga o‘tib, so‘ng Turkiya davlatiga uchib ketgani rost. Uning bunday yo‘l tutishiga sabab qilib ko‘rsatgan vajlariga kelsak, 2014 yil 23 iyul kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan «Kompleks» tezkor profilaktik tadbir jarayonida N.T. ijarada yashab kelgan xonadon ko‘zdan kechirilib, 20 dona diniy mazmundagi adabiyotlar, A4 formatdagi 386 ta varaq, 24 dona CD disklar topilgan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tegishli xulosasiga ko‘ra, mazkur ashyolardagi matn va ma’lumotlar diniy aqidaparstlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilganligi aniqlangan. Shundan kelib chiqib, N.T.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-2-moddasi (Diniy ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlarda ishtirok etish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Sergeli tumani IIB TBga yuborilgan. Bundan tashqari ayolning respublika hududidan qonunsiz ravishda chet elga chiqib ketgani e’tiboridan unga nisbatan 223-moddasi (Belgilangan tartibni buzib chet elga chiqish ) 2-qismi «b» bilan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Har ikki modda bilan N.T.ga ayb e’lon qilinishi ortidan unga nisbatan qidiruv e’lon qilinib, unga sirtdan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llash haqida qaror qabul qilingan.

Shu yilning 10 fevral kuni N.T. Istanbul shahridan Toshkentga «O‘zbekistonga qaytish uchun guvohnoma» bilan (voyaga yetmagan uch nafar farzandlarini olib) qaytgan paytda poytaxt xalqaro aeroportida qo‘lga olinadi. Buning izohi shuki, o‘sha paytda unga nisbatan sirtdan chiqarilgan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasini qo‘llash qarori qonuniy kuchga bo‘lgan. Biroq, oradan ikki kun o‘tib, prokuratura tashabbusi bilan ayolga nisbatan qo‘llangan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi «shaxsiy kafillik»ka o‘zgartirilgan va N.T. hibsdan ozod etilgan.

Ayolning yurtga qaytganidan keyin ham jinoiy ta’qibga uchrayotgani mazmunidagi vajlari unga nisbatan yangi ayblov e’lon qilinganini bildirmaydi. Balki avval qo‘zg‘atilgan va qidiruvda ekani sababli to‘xtatilgan mavjud jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari qayta tiklanganini anglatadi.

Ayni paytda jinoyat ishining O‘zbekiston Respublikasi JKning 223-moddasi 2-qismi «b» bandiga oid qismi o‘z tasdig‘ini topgani, dastlabki tergov muddati o‘tib borayotgani hamda sud tomonidan ko‘rib chiqilishiga ta’sir qilmasligi bois uni (ishning shu qismini) sud muhokamasiga yuborilishi masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Jinoyat ishining 244-2-moddasiga oid qismi bo‘yicha yetarli dalillar to‘plashni imkoni bo‘lmagani, biroq N.T.ni ayni shu jinoyatda ayblanayotgan boshqa fuqarolar bilan faol munosabatda bo‘lganiga oid ma’lumotlar mavjud. Ularga faqat tergov yo‘li bilan aniqlik kirtilishi mumkin. Bu borada tegishli protsessual harakatlar olib borilmoqda.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring