Vatan qadrin bilay desang — sayohat qil, dunyo ko‘r!

Amerika Qo‘shma Shtatlari... Mustaqilikkacha biz kabilar bu mamlakatga shubha, shu bilan birga, nafrat bilan qarab ulg‘ayganimiz, rost. Chunki sovet tuzumi bu mamlakat haqida miyamizga ming xil negativlarni joylagan edi-da... Insoniyat dushmani, manfur ishlar makoni... Yoshlik damlarimizda Amerikani orzu qilish qayda edi?!
Shu boisdan bolalarim to‘satdan Amerikaga o‘qishga ketib, keyinchalik yashab qolishlari mumkinligini eshitganda esim og‘ib qolayozdi. Qanday qilib, nega aynan Amerikaga, nega? Bu ne hol? Butunlay qolib ketishsa-ya! Ularni oylab, yillab ko‘rmay qanday yashayman? Axir mening yuragim faqat va faqat vatan deydi, vatan deya uradi. Bundan buyog‘iga sabr, sabr, sabrdan najot qidirdim.
O‘sha kun keldi. Kuzatdik. Tinchim yo‘qoldi. Boshqa hayot, boshqacha tashvishlar boshlandi. Qanday tong otib, kech kiradi, kunlarim parishon, ko‘z yoshlarim shashqator. Sog‘inch azobli bo‘larkan. «Amerikani orzu qilmang, aslo intilmang», degan edim-ku! Hamma quvoning, faxrlaning deydi. Men esa... Bolalar tanlovi, rozi bo‘ling — bu opa-singillarim, qudam Ma’suda hoji onaning yupatishi, ofitser ukamning esa — hozirgi yoshlar «qizil» mafkura nimaligini bilmaydi, ilg‘or fikrlaydi, bizlar ularni tushunishimiz, tushunishga harakat qilishimiz zarur, opajon, degan daldasi — hech biri kor qilmaydi.
Shu zayl yarim yillar qarama-qarshi fikrlar girdobida yashadim. Keyinroq nailoj taqdirga tan berdim. Sog‘inch iztiroblari nihoyasiz edi. Garchi Telegram orqali ko‘rishib, gaplashib tursak ham nevaralarni bag‘rimga bosolmasam, erkalab suya olmasam — shu ham hayotmi axir? To‘g‘ri, yonimda ham nevaralar bor, biroq o‘nta bo‘lsa, o‘rni boshqa deydilar-ku!
Bir kuni «Dadajon, ayajon, kelinglar Amerikaga! Nevaralaringiz ham sizlarni juda sog‘inishgan», deyishdi. Dadasi ko‘nmadi — siz borib keling, ayasi, mening ko‘nglim Amerika demagan, demaydi ham. Keyingi yil iloji bo‘lsa, o‘zlari kelishsin, dedilar. Qisqasi, yuragimni o‘rtagan sog‘inch qo‘ymadi, boradigan bo‘ldim. Ruhan tayyor bo‘lish ham oson kechmadi. Hech kimga, Amerikaga ketyapman, deb og‘iz ocholmasdim. Maqtanish deb qabul qilsalar-chi, o‘zlari Vatan haqida to‘xtovsiz bong uradilaru «Vatanni sev, tuprog‘ini o‘p» deya, buyog‘i qandoq bo‘ldi, kabi malomat qilsalarchi... ming xil o‘ylar, ming xil taxminlar yopirilar, Allohga tavakkal qilishdan o‘zga choram ham qolmagandi. O‘zimdan o‘tganini faqat o‘zimu xudo bildi. Negativlarni unut, jigarbandlaring umid bilan qadam qo‘ygan zaminga quchoqlaringni katta ochib bor...
Faqat yaxshilikdan so‘zlayin
Toshkentdan uchgan samolyot 13 soat deganda Nyu-Yorkka qo‘ndi. Aeroportdan qani tezroq chiqsamu nevaralarimni tezroq bag‘rimga bossam... Aksiga olib aeroportdan chiqish jarayoni cho‘zilarkan. Yuklarimni olgach, tashqari yo‘naldim. Avvalo yuzimga issiq havo urildi. So‘ng ana ular, ana! Nigoron ko‘zlarim yaraqlab ochilib ketdi. Birini qo‘yib, birini bag‘rimga bosaman. Birinchi sinfga borayotgan nevaram Farg‘onadan Toshkentga borganimda aytadigan gaplarini shivirlaydi: Ketmaysiz-a, ketmaysiz-a, buvijon, qolasiz, xo‘pmi, qolasiz! — Tomog‘imga bir tosh tiqiladi, ko‘z yoshlarimni bazo‘r yutib yuboraman. Buning aslo mumkin emasligini koshki tushunsa! Xudo xohlasa, o‘zlaringiz borasizlar, xo‘pmi...
— «Ozodlik» haykalini ko‘rishni xohlaysizmi, oyijon, — deydi kelin-qizim. — Charchab qolmadingizmi?
— Dunyo haykali — Nyu-Yorkning timsolinimi? Hozirmi?
— Ha-da, hozir!
Yo‘l charchog‘i sezilsada tetiklashdim.
— Ketdik unda!
Haykal ichiga kirish chiptalari ikki oylar oldin, toj qismiga kirish uchun chipta esa uch oy oldin olinarkan, kuzatuv-tomosha darchalari (oynalari) bo‘lgan bu ikki qismga kirish baxti taassufki, nasib qilmas ekan. Chipta olishga ulgurishmabdi.
— Sal olisdan bo‘lsa ham haykalni ko‘ring, deyapmiz, — davom etadi kelinim. — Keyingi gal dadajon bilan kelar kuningiz aniq bo‘lsa, chiptani ertaroq olib qo‘yamiz, xudo xohlasa!
Aeroportdan manzilga bir zumda yetdik. Ana, jahon haykali ko‘zga tashlandi. Ajabo, naqadar tantanavor va ulug‘vor! Asosi 93 metr, o‘zi 46 metr! Salobati shunchalarki, olisdan turib bir on tomosha qilsangiz bas, yuragingiz hapqiriblar ketadi. Hurlik timsoli! Muhabbat, matonat va qudrat ramzi! Bir qo‘lida mash’ala, oyoqlarida uzilgan zanjir... Xonim benihoya mag‘rur, benihoya maftunkor! U olis-olislarga boqib turibdi — ozodlik uchun kurashmoq kerak! Tojidan yetti nur taraladi — bu nurlar yetti dengiz, yetti qit’a, yana aytmishlarki, bu yetti nur grajdanlik, husnoobodlik, milliylik, ma’naviylik, ruhoniylik, tabiiylik, siyosiy erkinlikdir! Chindan ham unga bir boqasiz yana va yana boqasiz, ko‘z uzgingiz kelmaydi!
— Eduar Rene g‘oyasi bo‘yicha haykaltarosh Ogyust Bartoldi boshchiligida yaratilgan bu haykal, — deya izoh beradi o‘g‘lim.
— O‘zingiz ham bilsangiz kerak. Haykalning ochilishi tantanasi 1886-yil 28-oktyabrda, ya’ni Amerika mustaqilligining yuz yilligi nishonlanayotgan kunda fransuz xalqining Amerika xalqiga tuhfasi sifatida topshirilgan ekan!
O, qaniydi insonlar birdamligi shunday oliy maqomlarda mangu qolsaydi! Haykaltarosh Bartoldi xonimning jiddiy va yop-yorug‘ siymosini qayerdan olgan, degan savollar yuradi. Ayrimlarning taxminlaricha, «Bu chehrani o‘z onasidan olganmish», menimcha, bu fikr ayni haqiqat. Zero, ijod ahli xudo bergan iqtidor va ONA mehru muhabbati bilan buyukdir, tengsizdir. Haykal jozibasi, uning xayoli xotiramda o‘chmas iz qoldirdi. Ha, shunday — yuz marta eshitgandan bir marta ko‘rgan afzal! Shukurkim, uzoqdan bo‘lsa ham bir marta ko‘rdim. Bor bo‘l hurlik, bor bo‘l, ozodlik!
Ikkinchi Manhetten yoki ezguliklar shahri — Pittsburg!
Pittsburg — Pensilvaniya shtati g‘arbida, uchta daryo qo‘shilgan joyda barpo bo‘lgan shahar. Uni Nyu-Yorkning mo‘’jaz nusxasi, «Ikkinchi Manhetten» ham deb ataydilar. Markazidagi osmono‘par binolari bilan ehtimolki o‘xshar, biroq Pittsburg ozoda va osudaligi bilan har qanday boshqa shahardan butunlay farqlanadi. Bu mening shaxsiy xulosam. Nyu-York nihoyatda gavjum, qimmat va sershovqin. Pittsburg esa yashash uchun har jihatdan qulay, ya’ni hozirgina ta’kidlaganimdek, ozoda, so‘lim va osuda shahar. Aynan shuning uchun Pittsburg juda ham qadrlanadi. Yashash uchun kelayotganlar safi ortib borayotgani ham shundan bo‘lsa kerak.
Shahar nomi graf Uilyam Pitt sharafiga qo‘yilgan. Biroq «Po‘lat shahar» degan «taxallusi» ham bor. Negaki, qazilma boyliklari tufayli XIX asrda sanoatlashtirish avj oldirilgan. Po‘lat quyish kompaniyalari ko‘paygandan-ko‘paygan. O‘z vaqtida bu shahar AQShning sanoat poytaxti hisoblangan. Shahar ushbu shtatda kattaligi jihatidan Filadelfiyadan keyin ikkinchi o‘rinda turadi.
Shunaqa men uchun ertaknamo shahar o‘rmonzorlar ichida barpo etilgan. Buni men kabi mutaxassis bo‘lmaganlar ham darrov sezadi. Odamlarining xotirjam va hatto xushholligiga ham avvalo ana shundanmikan? Iyun oyining dastlabki yarmi har kuni uch-to‘rt marta 10-15 daqiqadan yomg‘ir yog‘ish bilan o‘tdi. Besh kun issiqina bo‘lgandi, bugun yana yomg‘ir yog‘di, yetti daqiqa mobaynida quydi. Biram salqiney, biram huzurbaxsh, paqirlab quyulishidan taralgan ovoz ham rohatu rohat! Havo shunchalar musaffoki, o‘pkangizni to‘ldirib nafas olasiz, yengillashib ongu shuuringiz ham ravshan tortib ketadi. Fikrlaringiz teranlashadi.
Tep-tekis, ravon yo‘llariga, yo‘l harakatini tartibga soluvchi katta va yorqin tablolariga ham besh ketmay iloj yo‘q. Tartib-intizomli, hech qanday signallarsiz, baqir-chaqiriqsiz harakatlanadilar. Qanchalar uzoq yurmang, charchoq bilmaysiz. Yana meni hayratga solgani avtobuslardagi ijtimoiy reklamalar bo‘ldi. Masalan, «Yaxshilik qilmoqchimisiz, unday bo‘lsa yaxshilikni ertaga emas, bugun qiling!». Ofarinlar bo‘lsin, muzeylarda ham ijtimoiy ahamiyatga ega bitiklarni uchratdik. Hatto bir muzeyida «Yaxshilik qurilmasi»ni ko‘rdik. Yonida ancha vaqt to‘xtalib oldik. Qurilmaning qandaydir siri bormi, kelganlar qurilma ekraniga boqib, kulishar, bir nimalarni muhokama qilishardi. Navbatimiz keldi. Dilbandim Muhammadjon qurilma tugmachasini bosib ekranga qaragan edi «Yaxshi insonni izlayapsizmi, keling, o‘sha yaxshi inson siz bo‘la qoling!» degan yozuv, so‘ng u videoda bor bo‘yi-basti bilan ko‘rindi, bu hikmatni anglashga intilayotgan porlagan ko‘zlaringdan aylanay, deyman va bolani ham mushohada undaganlardan minnatdor bo‘ldim. Avval o‘g‘lim, keyin kelinim qo‘lda kichkintoyi bilan ekranga yuzlanishdi. Shukur, ular solih amallarni kanda qilishmaydi. O‘zlarining ekrandagi aksini qarab, yana qandaydir yaxshiliklar ulashishni dillariga tukkan bo‘lsalar, ne ajab. Mening dilimda esa duo: Hamisha o‘zlariga buyurilgan amallarni to‘kis ado etuvchilardan qil Alloh. Ularga to‘ymay termularkanman, nevaram meni ham «Buvijon, keling, siz ham», deb, qo‘llarimdan tortqiladi va shoshilib tugmachani bosdi. Videoda meni ko‘rib-la «Ana, buvijonim!» dedi baralla quvonchi ichiga sig‘may.
Sen unutmayman, unuta olmayman, Niagara!
Sakkizinchi mo‘’jiza sanaluvchi Niagara sharsharasi eng diqqatga sazovor qadamjolardan biri. Bu mashhuri jahon Niagara sharsharasining qiziqarli tarixi bor, lekin muddao ularni sanash, yozish emas. Qiziqqanlar allaqachon internetdan bilib olishgan, albatta. Ayrim o‘rinlarini eslatay: Niagara sharsharasi Nyu-York shtatida joylashgan bo‘lib, Eri va Ontario ko‘llarini birlashtiruvchi daryo nomi bilan ataladi, shahar ham shu nomda — Niagara Fols. Hozirda bir yilda 22-30 mln turist tashrif buyuradi. Sharshara «Taqa» (Kanada tomonda) deb ham yuritiladi, «Amerika» va «Fata» (kelinchak fatasi) sharsharalaridan tashkil topgan. Soniyasiga 16 800 kubometrdan ziyodroq suv oqib tushgani uchun ham bu sharshara dunyoda eng ulkan deb tan olingan. Balandligi 52-59 metr. Sharshara qachondir to‘xtab qolganmi, dedingiizmi. Ha, bu yerda eshitganimizga qaraganda, 1948-yilda kutilmaganda to‘xtagan va mahaliy aholi favqulodda jimlikdan uyg‘onib, sharshara tomon yugurishgan. Vahima ichra sharsharaga «jon kirishi»ni xudoga tavallo qilib, zor-intizor kutishgan va xayriyatki, 40 daqiqadan so‘ng sharshara yana 25 km naridan ham quloqlarga orom beruvchi «qo‘shig‘i»ni boshlab yuborgan ekan. Muzlaganmi, dedingiz chog‘i. 11 yil muqaddam odamlar esini og‘dirayozib, muzlab sumalaklar hosil qilgani rost va bu niagaraliklar hamda ilm-fan kishilarini tashvishga solgan. Qarangki, bu g‘ayriodatiy hol ham uzoq davom etmagan. Sumalaklar tomchilay boshlagan. Ana shu lahzalar quvonchini kattalar maroq bilan xotirlashadi. Birinchi elektrostansiya 1890-yili qurilgan va quvvatidan bor-yo‘g‘i 100 metrda foydalanilgan. Keyinchalik elektrostansiya yiriklashtirildi, AQSh va Kanadaniki hisoblanadi. Demoqchimanki, taraqqiyotda, inson hayoti farovonlashuvida sharsharaning ahamiyati qanchaligini tasavvur etish mushkul emas.
Endi taassurotlardan so‘zlay. Sharshara bizlarni kiraverish sahnida ko‘zni qamashtiruvchi anvoyi gullari — gulzorlari bilan olqishlab kutib oldi. Menga dastlab eng yoqqanini xizmatchi yigitning keksalarni ehtiyotlab, ko‘m-ko‘k yomg‘irpo‘shni kiyishga yordamlashgani va samimiy salomi bo‘ldi. Ayniqsa, kelin-qizim — tarjimonimning bort kapitanini gapga tutgani, meni tanishtirgani biroz og‘riqli dilimga malhamdek tatidi. Kapitan menga boqib, olisdan ham olis O‘zbekistondan kelganingiz uchun sizdan minnatdorman deganidan juda xursand bo‘ldim, mamnuniyat ila urg‘u berib «O‘zbakiston» deya cho‘zib talaffuz qilgani keyingi kunlarda vatanni qo‘msab mahzunlashga ko‘nglim osmonlarini birdan yorishtirib yubordiki, asti qo‘yaverasiz. Keyin uzundan-uzoq navbatda turganlarni ko‘rdim. Juda madaniyatli, shamg‘alat qilib oldinga o‘tishlar yo‘q. Hammalari kiyimlari ustidan ko‘m-ko‘k sellofan yomg‘irpo‘sh tashlab olishgan, nigohlarida ajib taraddud namoyon. Narigi sohildagilarning egnilarida esa qizil yomg‘irpo‘sh. Sababi oddiy — u sohil Kanadaga tegishli.
Shunday qilib, g‘aroyibdan-da g‘aroyib olamga tushdim-qoldim. Bu ulug‘vor jozibaning, mahobatning videolarini ko‘rganman, yurakdan his etganman, deb yuraveribman, unday emas ekan. Yuz marta eshitgandan, televizor, telefonda ko‘rgandan ko‘ra, bir marta sharsharaning sirli «dunyo»siga «sho‘ng‘ish» afzal ekan, o‘zingizni uning ixtiyoriga aqalli bir martagina topshirib, shavqini suring ekan!
Niagara, o, Niagara... Termulaveraman, termulaveraman — ko‘z uza olmayman. Ko‘zlarni tomchilar yuvadi, sharshara shovqini shunchalarki, ba’zilar ovozini boricha qichqirib hayratini bo‘lishgisi keladi, bir ko‘hlikkina qoramag‘iz hind qiz ham sheriklariga qarab, ko‘zlarni bu suv yuvsa yuz darddan xalos bo‘larmish, qo‘yib beringlar, ko‘zlaringiz yuvilaversin, deganini tushundim. Boshdan to oyoqqacha ming-ming tomchilardan hosil bo‘lgan muzdekkina suv shovullab oqadi, fikr-o‘ylaringiz tiniq tortadi, ayni shu onlarda yashaysiz, hayotda faqat va faqat go‘zalliklar ichra, yaxshiliklar ichra yashagandek baxti bekamsiz go‘yo! Paydar-pay yuz-ko‘zlarimga urilayotgan tomchilar va tomchilarga aylanayotgan bug‘lar hayratni o‘n chandon oshirgandan oshiradiki, yayraysiz-yey yayraysiz! Ha, yuz-ko‘zlaringizni tinimsiz artaverasiz-artaverasiz, qalbingizda jo‘shqin-jo‘shqin his-tuyg‘ular sharsharasi otilib chiqadi va hayajonlarini ichiga sig‘dirolmayotganlar hayqirig‘iga beixtiyor qo‘shilib ketasiz: O, hayot! O, Niagara, bunchalar maftunkorsan, bunchalar qudratli! Seni sevmay, senga intilmay bo‘lurmi, Niagara? O‘zing ayt, ayta qol, Niagara?
Sir-sinoatda tengsiz sharsharani ortda qoldirib, kemamiz judayam ohistalik bilan qirg‘oqqa buriladi. Nahotki endi ko‘rmayman seni, Niagara! Kemadan chiqdimu ammo yana sharshara tomon yosh boladay talpindim. Taassuflarkim, bu mutlaqo imkonsiz. Ikkinchi marta kirolmaysiz. Eh-he, kirish qismida navbatda turganlar sonmingta! Ikkinchi bor kirishga yo‘l bo‘lsin! Ajab, qayerdan quyosh charaqladi — bizdan oldinroq kemadan chiqqanlar yon tomondan sharshara sari ko‘tarilishardi, biz ham zinalardan yuqoriladik va yanayam yaqinroqdan tomoshani miriqib davom ettirdik. Bu onlar ham juda-juda shirin edi, ta’rifiga so‘z bisotim yetishmadi. Eng baland zina maydonchasiga yetgach, bizlar ham umrimizning qaytmas onlarini videolargayu suratlarga muhrladik. Bu mo‘’jizani boshqa rakursdan kuzatishda ham gap ko‘p, hikmat ko‘p ekan!
Ha, asrlar bo‘yi Niagara sharsharasi o‘z jozibasi bilan dillarni rom etgani etgan, ohanrabosi tortgani tortgan, uning haybatini har kim ayricha ta’riflaydi, ayricha tasavvur etadi, ayricha huzurlanadi! Chindan ham kimlardir uning suvlaridan bahra olib, g‘uborlardan, xastaliklardan forig‘ bo‘lar. Kim biladi? Sog‘ayishni dil-dildan istaganlarga e’tiqod ham, suv ham davo deganlar. Muhimi, ishonch, muhimi, hayotga, borliqqa, fikri ojizimcha, odamlarga muhabbat!
Alal-oqibat istar-istamas tashqari chiqdik. Shunisi qiziqki, Niagara daryosi bo‘ylab yurarkanmiz sharshara bag‘ishlagan yangicha ruh bizlarni tark etay demasdi. Uzoqlaysiz. Uzoqlayverasiz. Nigohingizdan esa Niagara ketmaydi, ketay demaydi! Olis-olislardan kel, kelaqol, mehru sehrimdan, muhabbatimdan bahra ol, hayot sen o‘ylaganchalik murakkab emas, deyayotgandek o‘ziga chorlayveradi...
Qanchlar chorlamagin, sehr-mehring yo‘llamagin, seni qanchalar sevmay ey maftunkor Niagara, yurak qurg‘ur yakkash vatan deydi, VATAN deya uraveradi...
Hafiza Salyahova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter