Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Velotrek bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida ilk marotaba para velosportchilar ham ishtirok etyapti (foto)

Velotrek bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida ilk marotaba para velosportchilar ham ishtirok etyapti (foto)

Toshkentda velosportning trek yo‘nalishi bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati start oldi. Ahamiyatlisi, chempionatda ilk marotaba para velosportchilar ham ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi, Sportning qishki va murakkab texnik turlari bo‘yicha respublika oliy sport mahorati maktabi, «Asakabank» hamda qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda o‘tkazilayotgan mazkur chempionatda Qoraqalpog‘iston respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri terma jamoalari qatnashmoqda.

Chempionat ochilishiga bag‘ishlab o‘tkazilgan marosimda mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, faxriy sportchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda sport sohasiga qaratilayotgan ulkan e’tibor va bu borada amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi. Yurtimiz nomini xalqaro maydonda sharaflash, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda aholi salomatligini mustahkamlashda sportning, jumladan, velosportning muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Prezidentimizning 2020-yil 30-oktyabrdagi «Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonining qabul qilinishi, hujjatga muvofiq, bosqichma-bosqich barcha tumanlarning aholi uchun qulay bo‘lgan ko‘chalarida velosipedda yurish uchun «Salomatlik yo‘laklari» tashkil etish singari vazifalarning belgilanishi  velosiped uchish, velosport bilan shug‘ullanish salomatlik uchun koni foyda ekanidan dalolat.

Tadbir ochilishida mehmonlar va chempionat qatnashchilariga milliy taomimiz – sumalak tortiq etildi. Bu esa sportchi va mehmonlarga o‘zgacha bahoriy kayfiyat ulashdi.

Para velosport turi bo‘yicha trener Dilmurod Siddiqov musobaqaning bu tarzda ko‘tarinki ruhda boshlangani sportchilar qayd etadigan natijalarga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishini aytdi.

— Respublika miqyosida kuchli sportchilarni jamlagan mazkur chempionatda birinchi bor para velosportchilarning ishtirok etayotgani tarixiy bir voqelikdir. Milliy paralimpiya assotsiatsiyasida para velosport turi ochilganiga ko‘p vaqt bo‘lmasa-da, chempionatda ishtirok etish istagini bildirganlar talaygina. Mazkur chempionatda yaxshi natijalarni qayd etgan sportchilarni saralab olishni maqsad qilganmiz.

Chempionatning birinchi kunida erkaklar o‘rtasida shaxsiy poygada 4 km masofaga kechgan bahsda Danil Yevdakimov, ayollar o‘rtasidagi shaxsiy poygada 3 km masofaga o‘tkazilgan musobaqada Yanina Kuskova birinchilikni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Yanina Kuskova ayollar o‘rtasidagi guruh poygada ham birinchi bo‘lib marra chizig‘ini kesib o‘tdi.  Erkaklar o‘rtasidagi guruh poygada esa Kamron Mirzarahimov birinchi o‘rinni egalladi.

Poytaxtimizdagi velotrek bazasida tashkil etilgan mazkur O‘zbekiston chempionati karantin qoidalariga to‘liq rioya etilgan holda  o‘tkazilayotgan bo‘lib, bahslar 21-martga qadar davom etadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring