Xavfni xavf deb o‘ylamaslik xavfi yoxud «Hech narsa qilmaydi» qurbonlari
«Tok urdi...», «zaharlandi...», «tushib ketdi...»
Bolalar bog‘chasi hududi. Besh yoshli bolakay transformator yerto‘lasining darchasidan pastga tushib ketadi. Yuqori kuchlanishli tok jajji vujudni kuydiradi, bola og‘ir jarohatlar bilan shifoxonaga yotqiziladi.
Boshqa bir manzil. 11 yoshli qizaloq tomdan o‘yinchog‘ini olib tushmoqchi bo‘ladi. Simlarga tegib ketishi oqibatida tok urishi qizchaning hayotiga nuqta qo‘yadi.
Temiryo‘l stansiyasi. Jizzax viloyatida 17 yoshli o‘smir yigit do‘stlari bilan vagon ustiga chiqadi. Ammo yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘i soniya ichida ularing navqiron hayotini kulga aylantiradi.
Oradan hech qancha o‘tmay, xuddi shunday manzara, xuddi shunday temiryo‘l vagon ustida chirchiqlik 14 yoshli maktab o‘quvchisi tok urishidan og‘ir kuyish jarohati oladi.
O‘smirlar-ku hali yosh, qiziqqon deylik. Lekin hayot tajribasiga ega kattalarga, soha mutaxassislariga nima bo‘lgan?
2023-yil 22 iyul. Toshkent viloyatining Nurafshon tumanida «Toshkent kommunal qurilish servis»ning to‘rt nafar xodimi kanalizatsiya tarmog‘ini tozalash ishlarini olib borayotgan edi. Jarayonda 57 yoshli ishchi quduq ichidagi zaharli gazlardan hushini yo‘qotadi. Uni qutqaraman deb orqasidan hech qanday himoya vositasiz, tavakkal qilib chuqurga tushgan 23, 27 va 55 yoshli hamkasblari ham zaharlanadi. Ulardan uch nafari o‘sha yerning o‘zida jon taslim qiladi, biri esa og‘ir ahvolda shifoxonaga olib boriladi. Sud-tibbiy ekspertizasi o‘lim sababini vodorod sulfididan (serovodorod) o‘tkir zaharlanish deb ko‘rsatdi. Oradan uch yil o‘tib, Jinoyat kodeksining 247-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan ochilgan jinoyat ishlariga qaramay, Andijonda xuddi shu ayanchli o‘lim ssenariysi takrorlandi. Yana to‘rt nafar inson, yana quduq va yana o‘sha mehnat xavfsizligiga rioya qilmaslik...
Bu esa uch yil ichida Nurafshondagi fojeadan hech qanday xulosa chiqarmaganimizdan, o‘sha to‘rt qurbonning ayanchli o‘limi tizim uchun dars bo‘lmaganidan dalolat beradi. Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, ularning ham o‘limiga vodorod sulfiddan o‘tkir zaharlanish va yuqori nafas yo‘llarining suyuqlik bilan berkilishi natijasida yuzaga kelgan mexanik asfiksiya sabab bo‘lgan.
Jamiyatimizda nafaqat ish joylarida mehnat muhofazasi, balki kundalik hayotimizda, mahalla va ko‘chalarimizda ham eng oddiy xavfsizlik madaniyati butunlay falajlangan. Nega biz xavfni ko‘rib turib, u bizga zarar yetkazsa-da hushyor tortmaymiz? Bolalarni tok urishi va quduq ichidagi to‘rt nafar katta yoshli insonlarning vafoti o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor? Bog‘liqligi shundaki, jamiyatimizda bolalar, yoshlar, kattalar va ish beruvchi rahbarlar xavfni xavf deb o‘ylamaslik XAVFi ostida yashayotgani...
Xo‘sh, nima uchun o‘smir xavfni xavf deb bilmaydi? U poyezd vagonlari tepasida necha ming volt kuchlanishli tok borligini, bu tok odamni bir soniyada kuydirib kul qilishini bilmaydimi?
Xavfni pisand qilmaslik...
O‘smirlar psixologiyasida juda xavfli omil bor, ya’ni «Shaxsiy mif» (Personal Fable) deb ataladigan psixologik fenomen. Bu yoshdagi bolalarning miyasida «Yomon voqealar, o‘lim yoki baxtsiz hodisalar kimgadir sodir bo‘lishi mumkin, lekin menga emas. Men boshqachaman, menga hech narsa qilmaydi» degan mutlaq ishonch bo‘ladi. Ular o‘zlarini kino qahramondek his qilishadi.
Bunday «xavfni pisand qilmaslik» faqat bizning yoshlarimizga xos muammo emas. Dunyoning eng rivojlangan davlatlari ham vaqtida xuddi shu ijtimoiy inqiroz bilan to‘qnash kelgan. Masalan, Avstraliyaning Melburn shahrida o‘smirlarning temir yo‘l va metro atrofidagi beparvoligi, xavfli harakatlari ortidan baxtsiz hodisalar soni keskin ortib ketgan edi.
Ammo ular yoshlarga qarata «Poyezd yaqiniga yo‘lama!», «Tok uradi!» kabi balandparvoz va zerikarli shiorlar ish bermasligini allaqachon anglab yetishdi. Chunki o‘smirlar quruq taqiqlarni eshitishni istamasligini juda yaxshi bilishadi. Shu sababli, 2012-yilda Avtraliya jamoatchilikni xabardor qilish kampaniyasi va Melburn shahridigi Metro Trains dunyoga mashhur «Dumb Ways to Die» (O‘limning ahmoqona usullari) deb nomlangan animatsion videokampaniyani taqdim etishdi.
Rolikning mazmuni juda oddiy, lekin ta’sirli: unda rang-barang, sodda «loviyasimon» qahramonlar o‘zlarining turli ahmoqona harakatlari — sochlariga o‘t qo‘yish, ayiqqa tayoq sanchish, muddati o‘tgan dorilarni ichish tufayli bevaqt halok bo‘lishadi. Videorolikning eng asosiy va yakuniy qismida esa poyezd platformasining chetida turish, relslar ustidan yugurib o‘tish kabi temir yo‘ldagi ehtiyotsizliklar «dunyodagi eng ahmoqona o‘lim usuli» sifatida ko‘rsatiladi.
Ijodkorlarning asosiy maqsadi xavfli trendlar ketidan quvayotgan o‘smirlarga ularning bu ishi «qahramonlik» yoki «jasurlik» emas, shunchaki axmoqlik ekanini o‘z tillarida vizual va hajviya orqali ongiga singdirish edi. Bu urinish kutilganidek natija berdi. Mahalliy metro yo‘llaridagi baxtsiz hodisalar soni qisqa vaqt ichida 20 foizdan 30 foizgacha kamaydi. Ushbu loyiha rahbari Jon Meskal o‘z intervyusida uning muvaffaqiyati haqida shunday degan edi: «Ushbu kampaniyaning maqsadi hech qanday xavfsizlik xabarini eshitishni istamaydigan auditoriyani jalb qilishdir va biz ushbu rolik buni amalga oshiradi deb o‘ylaymiz».
E’tibor berganmisiz?...
Ko‘p qavatli uylarning tepa qavatida hech qanday himoya kamarlarisiz, deraza tashqarisiga oyoq qo‘yib, oyna yuvayotgan ayollarga ko‘zingiz tushganmi? Yoki soha mutaxassisi bo‘lmay turib, hech qanday himoyasiz mahalladagi baland simyog‘ochga chiqib, uzilgan chiroqni ulashga urinayotganlarga? Bu manzaralar biz uchun shunchaki oddiy kundalik holatga aylanib bo‘lgan.
Xavfni pisand qilmaslik, afsuski, faqat ish joylarida emas, maishiy hayotimizda ham qon-qonimizga singib ketgan. Masalan, har yili qish mavsumi kelishi bilan mo‘rilarni tozalamaslik, uy ichida ochiq chelakka ko‘mir yoqib isinishga harakat qilish oqibatida butun boshli oilalarning is gazidan fojiali vafot etgani haqidagi sovuq xabarlarga ko‘zimiz tushadi.
Yoki qo‘l telefoni hojatxonaga tushib ketganda, uni olib chiqaman deb hech qanday himoyasiz chuqurga kirgan va u yerda to‘planib qolgan zaharli gaz tufayli soniyalar ichida halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz haqidagi xabarlar ham, afsuski, to‘qima emas. (XXI asrda hojatxonalarning hali hamon o‘radek holatda bo‘lishining o‘zi alohida e’tiborsizlik, alohida mavzu....)
Mana shu yerda kattalar o‘rtasidagi eng dahshatli virus «hech narsa qilmaydi» xotirjamligi pand beradi. «Oldin ham qilganman, hech narsa ro‘y bermagan, menga hech narsa bo‘lmaydi» degan ishonch odamlarning bevaqt hayotdan ko‘z yumishiga sabab bo‘lmoqda.
«Xavfsizlik madaniyati» nima?
Xo‘sh, jamiyatimizda xavfsizlik madaniyati qay darajada?
— Xavfli joylarda hech qanday himoya vositasisiz faoliyat olib borish, «menga hech narsa bo‘lmaydi» degan odat bilan ish yuritish holatlari afsuski uchramoqda, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Xodimlarning malakasini oshirish markazi professori, texnika fanlari doktori Ozodaxon Yo‘ldosheva. — Bularning asosiy sababi “xavfsizlik madaniyati”ning yetishmayotganligi. Xavfsizlik madaniyati, bu xavfsizlikni faqat qoida emas, balki kundalik odat va mas’uliyat sifatida qabul qilish demakdir».
Professorning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Respublikasining «Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi 410-sonli Qonuni (17-modda) hamda Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 24 dekabrdagi 819-sonli qarorida tashkilotlarda mehnat muhofazasi sohasida qayta tayyorlash va malaka oshirish vazifalari aniq belgilab qo‘yilgan. Ammo amaliyotda ahvol boshqacha.
— Afsuski, hamma tashkilotlar ham ushbu vazifalarni birdek qabul qiladi deb ayta olmayman, — deydi Ozodaxon Yo‘ldosheva. — Ba’zan xavfsizlik choralari mavzusida dars o‘tayotganimda ayrim tashkilot rahbarlarida, ayniqsa, xavfsizlik texnikasiga mas’ul shaxslarda befarqlikni kuzataman. Ularga mana shu holatlar saboq bo‘lishi kerak. Xavfsizlik texnikasi, mehnat muhofazasi bular shunchaki hisobotlar uchun qilinadigan tadbirlar emas. Bular muhim fanlar, dolzarb qoidalar majmuasidir, negizida ishchi-xodimlar, fuqarolar taqdiri, salomatligi, hayoti, oilasining xotirjamligi turibdi».
Ha, suhbatdoshim aytganidek, bizda xavfsizlik texnikasi ko‘pincha «shunchaki qog‘ozdagi hisobot» deb qaralgani uchun ham Andijondagidek fojialar yangilik emas. Agar qonundagi vazifalar shunchaki tekshiruvchi kelganda ko‘rsatiladigan papkalar uchun emas, ongli ravishda bajarilganda edi, bugun to‘rt nafar inson bevaqt nobud bo‘lmasdi.
Quduqni kim tozalashi kerak?
Kun.uz surishtiruvida oshkor bo‘lgan ba’zi faktlar esa tizimdagi befarqlik va mas’uliyatsizlik naqadar chuqur ildiz otganini ko‘rsatadi. Fojiadan so‘ng tashkilot mas’ullarining «biz ularga quduqni tozalash haqida buyruq bermagandik, o‘zlari tavakkal qilib tushib ketishibdi» qabilida o‘zini oqlashi va javobgarlikni marhumlarning bo‘yniga qo‘yishga urinishini nima deb tushunishni ham bilmaysan. Ish joyida xavfsizlik tizimi shu qadar izdan chiqqanki, hatto sohaga umuman aloqasi bo‘lmagan, oddiy bog‘bon, qorovul, elektr muhandisi, haydovchi quduq tozalash mas’uliyatini o‘z bo‘yniga olgan. Yoki halokatga uchragan xodimni qutqarishga haqqim bor deb o‘ylashgan. Rahbariyatning «buyruq bermaganmiz» degan bahonasi mehnat qonunchiligi qarshisida mutlaqo asossizdir. Chunki tashkilot hududida mehnat qilayotgan har bir xodimning hayoti va xavfsizlik vositalari bilan ta’minlanishi uchun birinchi navbatda aynan o‘sha rahbarlar javobgar hisoblanadi. Xodimning maxsus kiyim va gaz analizatorisiz quduq yaqiniga borishining o‘zi nazorat mutlaqo yo‘qligidan dalolat beradi.
Surishtiruv davomida oshkor bo‘lgan eng dahshatli va yurakni ezadigan fakt esa boshqa nuqtada. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, quduqqa tushgan yurtdoshlarimiz kamida 5-10 daqiqa davomida pastdan yordam so‘rab, jon talvasasida baqirishgan. Ular o‘sha paytda hali tirik bo‘lgan! Eng achinarlisi, voqea joyiga yetib kelgan Favqulodda vaziyatlar vazirligi (MChS) xodimi esa «Qo‘limizda hech qanaqa maxsus apparat yo‘q, ustiga-ustak rahbariyatning ruxsatisiz quduqqa tushib qutqarolmaymiz», deya shunchaki qarab turgan...
Inson hayoti soniyalar bilan o‘lchanayotgan bir paytda, qutqaruvchining «ruxsat kutib» va «quruq qo‘l bilan» turishi, tizimimizdagi eng ayanchli og‘riqdir. Bu holat Mehnat muhofazasi va Favqulodda vaziyatlar organlarining o‘zaro hamkorligi, tezkorligi va eng oddiy texnik vositalar (kislorod niqoblari) bilan ta’minlangani darajasi qay ahvolda ekanini yaqlon ko‘rsatib qo‘ydi.
Boshqa mamlakatlarda xavfsizlik madaniyatiga munosabat qanday?
Yaponiyada temir yo‘l ishchilari yoki qurilish sektoridagi xodimlar biror harakatni qilishdan oldin o‘sha obyektga barmoq bilan ishora qilib, baland ovozda holatni aytishlari shart. Ishchi biror xavfli harakatni qilishdan oldin o‘sha obyektga barmog‘i bilan ishora qilib, baland ovozda: «Klapan yopiq — xavfsiz!» yoki «Niqob taqildi — soz!» deb aytishi va sherigi buni tasdiqlashi shart. Bu miyani avtomatlashtirilgan (robot) holatdan uyg‘otadi.
Yevropa va AQShning yirik sanoat korxonalarida ishchi quduqqa yoki xavfli shaxtaga tushishdan oldin maxsus ko‘zoynaklarini taqadi. Unga virtual dunyoda himoya niqobisiz quduqqa tushganda sodir bo‘ladigan zaharlanish va o‘lim holati realdek his ettiriladi. Virtual olamda bo‘lsa-da, xatosi tufayli «o‘lib ko‘rgan» yoki og‘ir jarohat olgan ishchi real hayotda ushbu xatoni aslo takrorlamaydi.
Ishchilarni dahshatli avariya suratlari bilan qo‘rqitish korxonalarda vaqt o‘tib immunitet paydo qiladi («bu men bilan bo‘lmaydi» deyish tizimi ishga tushadi). Shu sababli hozir G‘arbda xavfli obyektlar kirishiga ishchilarning o‘z farzandlari, oilasi bag‘rida baxtli yashab yurgan suratlari va ularning: «Dadajon, sizni sog‘-salomat uyda kutib qolaman!» degan audio xabarlari qo‘yiladi. Oilaviy mas’uliyat insonni xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishga majburlaydi. Bu insonni «men faqat o‘zim uchun emas, oilam uchun ham tirik va sog‘ bo‘lishim shart» degan mas’uliyatni uyg‘otadi.
Rivojlangan davlatlarda agar ishchi maxsus himoya kiyimi (kaska, maska, kamar) kiymagan bo‘lsa va bu kameraga tushib qolsa, u sug‘urta pulidan mahrum bo‘ladi. Jarohatlangan taqdirda ham, agar ayb ishchining beparvoligida bo‘lsa, davolanish xarajatlarini sug‘urta qoplamaydi va korxona ham badal to‘lamaydi. Bu omil odamlarni tirik qolish va oilasini boqish uchun qoidalarga bo‘ysunishga majbur qiladi.
Avstraliyaning «Dumb Ways to Die» multfilmini tomosha qilish asnosida loviyalar ustidan kulishingiz mumkin. Lekin real hayotda elektrichka ustiga chiqayotgan o‘smirlarimiz ham, hech qanday himoyasiz turli xavfli yumushlarga o‘zini urayotgan katta yoshli hamyurtlarimiz ham aslida o‘sha animatsiya qahramonlaridan farq qilmay qolmoqda.
«Afsus», «Essiz, kech bo‘ldi», «Juda yosh edi-ya»…
Biz qachongacha fojialardan keyin bir xil gaplarni takrorlaymiz?
Tan olaylik, jamiyatda xavfsizlik qoidalari qat’iy o‘rnatilmas ekan, xatolardan xulosa chiqarishni emas, balki mana shunday mudhish yo‘qotishlarga ko‘nikishni boshlaymiz. Vaholanki, qat’iy tartib-intizom o‘rnatish orqali bu bevaqt o‘limlarning oldini olish, qanchadan-qancha hayotlarni saqlab qolish mumkin edi.
Agar korxona va tashkilotlarda, hatto o‘z uyimizda xavfsizlik madaniyati shakllanmas ekan, mehnat xavfsizligi qoidalari faqat hisobot va navbatdagi imzo uchun xizmat qiladigan rasmiyatchilik bo‘lib qolaveradi. Oqibatda esa, Andijonda yuz bergan dahshatli voqea kabi fojialar va bevaqt o‘limlar zanjiri to‘xtamaydi.
Barno Sultonova


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter