Xitoy AQShdan obro‘li, Isroil eng yoqimsiz davlat, marhum papa va Tramp — Democracy Perception Index

2025-yilgi Demokratiyani qabul qilish indeksi (Democracy Perception Index) yangi ma’lumotlariga ko‘ra, Donald Trampning Oq uyga qaytishi fonida butun dunyoda AQShga munosabat sezilarli darajada yomonlashdi.
100 ta mamlakatdan 110 mingdan ortiq kishi qatnashgan so‘rovda demokratiyani qabul qilish, geosiyosat va yetakchi jahon davlatlari baholandi.
AQSh. So‘rovda qatnashganlarning aksariyati AQShga nisbatan salbiy munosabat bildirdi, bu o‘tgan yilga nisbatan keskin pasayishni ko‘rsatadi. Ayniqsa, Amerika imiji Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida jiddiy pasaydi — bu, eng avvalo, Trampning Yevroittifoq haqidagi «dahshatli», «achinarli» va «AQShni aldash uchun yaratilgan» degan bayonotlari tufayli yuz berdi.
Xitoy. Ayni paytda Xitoy o‘z mavqeini yaxshiladi va global simpatiya darajasi bo‘yicha AQShni birinchi marta ortda qoldirdi. Dunyoning aksariyat mintaqalarida Xitoyga munosabat yaxshi.
Rossiya. 2022-yilda Ukrainaga bostirib kirgan Rossiyaning obro‘si hamon AQShga nisbatan past, ammo asta-sekin o‘nglanmoqda.
Donald Tramp. AQSh prezidentining jahondagi nufuzi uning mamlakati imijiga mos kelmoqda. Nufuz borasida u Vladimir Putin va Si Szinpindan ortda qolyapti. Siyosat, madaniyat va din namoyandalari orasida eng past baho olgan ham Tramp — Ilon Mask, Bill Geyts, marhum papa Fransisk, Teylor Svift va Kim Kardashyan undan obro‘liroq.
Isroil. So‘rovga ko‘ra, simpatiya darajasi bo‘yicha Isroil eng oxirgi o‘rinni egalladi, ayniqsa, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyoda bu mamlakatni yoqtirishmaydi. Hatto an’anaviy tarzda do‘stona munosabatni saqlab kelgan Germaniya kabi Yevropa mamlakatlarida ham, G‘azo sektori va G‘arbiy sohildagi xunrezliklar sababli, Isroil siyosatidan norozilik o‘smoqda. Xalqaro jinoiy sud 2024-yilda bosh vaziri Binyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni harbiy jinoyatlari uchun hibsga olishga order berganidan so‘ng norozilik yanada kuchaygan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter