Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xorijlik talabalarning havasi (foto)

Xorijlik talabalarning havasi (foto)

Foto: Xabar.uz

Avval xabar berganimizdek, bugun Tatariston hududidagi eng yirik oliy ta’lim muassasalaridan biri — Qozon milliy tadqiqot texnologik universitetida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligi uchun muddatidan oldin ovoz berish jarayoni barvaqt boshlandi. Sababi oddiy — talabalarning ta’lim olishiga xalaqit bermaslik. Ushbu oliy ta’lim muassasasida 600 nafardan ziyod o‘zbekistonlik talaba tahsil oladi. Universitet aspirantlar uyida o‘tkazilayotgan muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatidan birinchilardan bo‘lib nanotexnologiya va nanomateriallar yo‘nalishi talabasi Yevgeniya Pavlova foydalandi.

Yana bir universitetning eng faol talabalaridan biri Nuriya Tumparova kimyo texnologiyasi bo‘yicha ta’lim olyapti. «Rosatom» agentligi Rossiya Federatsiyasidagi xorijiy talabalar uchun o‘tkazgan tanlovda ekologiya xavfsizligi bo‘yicha loyihasi bilan qatnashgan va faxriy diplom bilan taqdirlangan. Tanlovda bir o‘ringa o‘n nafar talaba da’vogarlik qilganini aytsak, Nuriya g‘olib bo‘lish uchun qanchalik mashaqqat chekkanini anglash qiyin emas.

– Saylovda qatnashish meni hayajonga soldi, – deydi Nuriya. – Beshta nomzoddan biriga ovoz berishimiz kerak, mas’uliyati og‘ir. Chunki bugun biz ovoz bergan nomzod yoki partiya mamlakatimizning taraqqiyotiga hissa qo‘shishi kerak. G‘olib bo‘lgan partiya Bosh vazir nomzodini beradi. Shuning uchun ham hayajonlandim.

Nuriyaning aytishicha, Qozon shahridagi Bosh konsulxona o‘zbekistonlik talabalarning hayoti bilan doim xabar olib turarkan. Birgalikda turli madaniy dasturlar amalga oshilarkan.

— Ayniqsa, «Navro‘z»ga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirlarimizga xorijlik talabalar havas bilan qarashadi va kutishadi, — deydi Nuriya. — Milliy an’ana, urf-odatlarimiz, taomlarimizni ko‘rsatib beramiz. Umuman olganda, xorijlik talabalar o‘zbekistonlik yoshlarning o‘zaro do‘stona munosabatlarini doimo e’tirof qilishadi.

Saylovda muddatidan oldin ovoz berishga shoshib kelayotgan yoshlarimizning yurtimiz taqdiriga, kelajagiga befarq qaramayotganligi ko‘p narsadan dalolat beradi.

Eslatib o‘tamiz, Saylov kodeksining 57-moddasiga ko‘ra, muddatidan avval ovoz berish saylovga 10 kun qolganda boshlanadi va saylovga 3 kun qolganda tugallanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring