Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi qaror. O‘zbekiston yana bir xalqaro konvensiyaga qo‘shiladi

Yangi qaror. O‘zbekiston yana bir xalqaro konvensiyaga qo‘shiladi

Foto: «Kadrovik.uz»

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «O‘simliklar karantini bo‘yicha davlat xizmati faoliyatining samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Qaror matni O‘zAda keltirilgan.

Prezident qaroriga muvofiq, o‘simliklar karantini sohasidagi xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish bo‘yicha doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi idoralararo ishchi guruh tuzilishi belgilandi.

O‘simliklar karantini sohasidagi ishlar holatini kompleks o‘rganish, sohadagi xalqaro shartnomalarga, shu jumladan O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha xalqaro konvensiyaga (Rim, 1951-yil) qo‘shilishi bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish, milliy qonunchilikning o‘simliklar karantini sohasidagi barcha xalqaro standartlarga muvofiqligini ta’minlash yuzasidan takliflar tayyorlash hamda xorijiy davlatlar karantin xizmatlari bilan (Qirg‘iziston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Belarus Respublikasi, Armaniston Respublikasi, Tailand Qirolligi, Yaponiya, Malayziya, Singapur Respublikasi, Turkiya Respublikasi, Germaniya Federativ Respublikasi, Latviya Respublikasi, Bangladesh, Hindiston Respublikasi, Afg‘oniston Islom Respublikasi va boshqalar) o‘simliklar karantini sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha bitimlarni tuzish masalasini ishlab chiqish, shu jumladan bunday bitimlar loyihalarini tayyorlash mazkur ishchi guruhning asosiy vazifalari etib belgilandi.

Shuningdek, qarorga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi tuzilmasi kengaytirildi hamda qator imtiyozlarga ega bo‘ldi. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda o‘simliklarning agrotexnik, biologik va kimyoviy ishlovini amalga oshirish uchun davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida kamida 2 tadan o‘simliklar klinikasi tashkil etiladi hamda 2018-yilning 1-iyulidan 2022-yilning 1-yanvariga qadar yer solig‘i, yuridik shaxslarning daromad va mol-mulk solig‘idan hamda yagona soliq to‘lovlarini to‘lashdan, 2020 yilning 1 yanvariga qadar belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlarga ko‘ra o‘simliklar karantini bo‘yicha davlat xizmati faoliyatini takomillashtirish hamda mamlakatda karantin holatni yaxshilash uchun O‘zbekiston Respublikasiga olib kiriladigan respublikada ishlab chiqarilmaydigan yoki yetarli hajmda ishlab chiqarilmaydigan butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, uskunalar, asbob va priborlar, mashina va mexanizmlar, kompyuter va diagnostika texnikasi bojxona to‘lovlarini to‘lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) ozod qilindi.

Yana bir muhim jihati — o‘simlik karantini bo‘yicha inspektorlar faoliyati reyting tizimida baholanib, 50 foizdan 150 foizgacha ustama bilan rag‘batlantiriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring