Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yapon ertagi tugadi — xorvatlar keyingi bosqichda!

Yapon ertagi tugadi — xorvatlar keyingi bosqichda!

Bugun, 5-dekabr kuni Qatardagi jahon chempionatining 1/8 finalida Yaponiya va Xorvatiya terma jamoalari keyingi bosqich yo‘llanmasini hal qildi.

O‘yinda hisobni yaponlar ochishdi: birinchi bo‘lim yakunlanib borayotgan daqiqalarda Maeda jarima maydoni ichkarisida turib, xorvatlar darvozasini aniq nishonga oldi — 1:0.

Xorvatlar ikkinchi bo‘limda javob golini kiritishdi: Perishich sherigi olisdan oshirib bergan uzatmani boshi bilan yaponlar darvozasiga joylab qo‘ydi — 1:1.

O‘yinning asosiy vaqtida hisob o‘zgarmadi, hakam ekstra-taymlar belgiladi.

Biroq qo‘shimcha 30 daqiqalikda ham darvozalar daxlsiz qoldi. Qatar-2022 da ilk marotaba penaltilar seriyasi g‘olibni aniqlab berdi.     

Yapon ertagi tugadi — Germaniya va Ispaniya kabi grandlarni taslim etgan samuraylarni Xorvatiya darvozaboni Livakovich uyiga jo‘natib yubordi — to‘rtta penaltidan uchtasini qaytardi!  Xorvatlar — keyingi bosqichda!

Ularning raqibi bugun tunda (soat 23:59 da boshlanadi) Braziliya va Janubiy Koreya terma jamoalari o‘yinidan so‘ng ma’lum bo‘ladi.

JCh-2022. 1/8 FINAL

5-dekabr, «Al Janoub Stadium»

Yaponiya — Xorvatiya — 1:1 (asosiy vaqt)

Penaltilar seriyasi — 1:3.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring