Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yozuvchi, deputat, fan doktori... El ardog‘idagi serqirra ijodkor 70 yoshga to‘ldi

Yozuvchi, deputat, fan doktori... El ardog‘idagi serqirra ijodkor 70 yoshga to‘ldi

Foto:«Xabar.uz»

Bugun, 8-yanvar kuni atoqli adib, zahmatkash olim, mohir publitsist, davlat va jamoat arbobi Xurshid Do‘stmuhammad 70 yoshga to‘ldi. Umrini badiiy ijod va jurnalistika rivojiga bag‘ishlagan, so‘z xizmatida sochi oqargan ustoz ijodkor ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati sifatida ham faoliyat yuritib kelmoqda.

1973-yili Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan X.Do‘stmuhammad o‘tgan yarim asr mobaynida turli gazeta-jurnallarda samarali faoliyat ko‘rsatdi. «Hurriyat» gazetasi, «Yosh kuch», «O‘zbekiston matbuoti» jurnallari bosh muharriri o‘laroq jurnalistika hamda publitsistikada o‘z maktabini yaratdi. «Milliy tiklanish» partiyasi raisi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari lavozimlarida – siyosatning qaynoq jabhalarida o‘zini ko‘rsatdi.

Atoqli adibning dastlabki hikoyasi 1981-yilda «Guliston» jurnalida e’lon qilingan edi. Keyingi yillarda bir-biridan betakror hikoyalar yozib, milliy hikoyachilik rivojiga salmoqli hissa qo‘shdi. Yozuvchi «Nigoh», «Panoh», «Oromkursi», «Hijronim mingdir mening» kabi qissalari bilan adabiyotga yangi havo, yangi nafas olib kirdi. Xalqimizning ardoqli farzandi Abdulla Qodiriy hayotidan naql qiluvchi «Yolg‘iz» qissasi ham o‘ziga xos voqea bo‘ldi. Qissa asosida O‘zbek davlat drama teatrida «Yig‘indi gaplar» nomli spektakl qo‘yildi. Xurshid Do‘stmuhammad «Bozor», «Donishmand Sizif» kabi romanlari bilan ham o‘z iste’dodining, ham ushbu yirik nasriy janrning yangi imkoniyatlarini ko‘rsatib berdi.

Zahmatkash olim, filologiya fanlari doktori Xurshid Do‘stmuhammad uzoq yillar mobaynida oliy o‘quv yurtlarida jurnalistika bo‘yicha ham saboq berib keladi. «Jurnalist bo‘lmoqchimisiz?», «Jurnalistning kasb odobi», «Axborot – mo‘’jiza, joziba, falsafa» kabi ilmiy-ommabop risolalari soha bo‘yicha qimmatli qo‘llanmalar sirasiga kiradi.

Xurshid Do‘stmuhammad mohir mutarjim sifatida yapon adibi Akutagava Ryukoskening «Rasyomon darvozasi» hikoyasini, yozuvchi Temur Po‘latovning «Yetti huzur-halovat va qirq qayg‘u-alam» romanini tarjima qilgan.

Yetmish yosh arafasida chop etilgan muallifning to‘rt jildli «Tanlangan asarlar»i ham kitobxonlar uchun ajoyib sovg‘a bo‘ldi.

El ardog‘idagi adib «Ehtirom», «E’tirof», «Ofarin» kabi milliy mukofotlar, «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» faxriy unvoni, «Do‘stlik» ordeni, «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan.

«Ijod, jumladan, adabiyot ahliga bu qobiliyatni Allohning o‘zi in’om etadi, zero, uni hech bir fir’avn kuch to‘xtatolmaydi, yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lolmaydi. «Pushkinsiz Rossiya – Rossiya emas» deb faryod chekib yuborgan Nikolay Gogol. Bu – adabiyotsiz, badiiyatsiz Rossiya yo‘q, rus jamiyati – rus xalqi yo‘q, degani edi... Ijodkor, jumladan shoir va yozuvchi jamiyatning ilg‘or ziyolisi, o‘z o‘rni, nuqtai nazari va so‘ziga ega shaxsi darajasiga ko‘tarilmog‘i nihoyatda ahamiyatli», – degan edi Xurshid Do‘stmuhammad suhbatlaridan birida. Zotan, yozuvchining o‘zi ham shu o‘git-da’vatga sodiq qolib, jamiyatning ilg‘or ziyolisi, o‘z o‘rni, nuqtai nazari va so‘ziga ega shaxs sifatida millat xizmatida kamarbasta bo‘lib kelmoqda.

«Xabar.uz» tahririyati jamoasi atoqli adibimizni tabarruk yoshi bilan samimiy qutlaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring