Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yuz yoshdan oshgan buxorolik jangchi – Fayzullo bobo hikoyasi

Yuz yoshdan oshgan buxorolik jangchi – Fayzullo bobo hikoyasi

Tarixdan ma’lumki, Ikkinchi jahon urushida O‘zbekistonning ham g‘alabaga qo‘shgan hissasi beqiyos bo‘lgan. 1941–1945 yillardagi mudhish kunlarda mamlakatimiz frontga qurol-yarog‘, oziq-ovqat yetkizib bergan. O‘zbekiston sobiq ittifoqning urush borayotgan hududlaridan evakuatsiya qilingan millionlab fuqarolar uchun boshpanaga aylangan. O‘zbek oilalari dinidan, millatidan qat’iy nazar minglab yetim bolalarni asrab olgan. O‘shanda aholisi 6,5 million bo‘lgan O‘zbekistondan urushga 1,5 million kishi qatnashib mardlik va jasorat ko‘rsatgan. Ushbu insonlar o‘z vaqtida umumiy nom ostida g‘alaba uchun kurashgan.

Ularning aksariyati jang maydonlarida halok bo‘lgan, ayrimlariga esa taqdir, nafaqat g‘alaba gashti, balki uzoq umr ko‘rish imkoniyatini ham berdi...

Bugungi dorilomon kunlarda urush davrida olov kechgan Fayzullo bobo Hojiyevning ham hissasi bor.

Fayzullo Hojiyev 1941-yilda, 20 yoshida frontga safarbar qilingan. Frontda mardlik, jasorat ko‘rsatgan. Yovga yuzma-yuz kelgan. Bugun otaxon 104 yoshni qarshilamoqda. Sog‘-salomat, oilasi davrasida baxtiyor hayot kechirmoqda. Bizni otaxonning tashqi ko‘rinishidan 100 yoshdan o‘tganlarga o‘xshamasligi hayratga soldi: tetik va baquvvat. Voronej, Tula, Petropavlovskiy, Xarkov va boshqa urush chegaralarigacha borgan. Xarkovda oyog‘idan jarohatlangan.

– 12 nafar farzandim, 140 nafar nevara, evara, chevaralarim bor. Hammasini o‘qitganman, hammasi ishda. Urush bo‘lmasin, tinchlik bo‘lsin. Urush maydoni ham bir sinov ekan, bolam. Ko‘pimizni tobladi. O‘limga tik boqsak ham yov qarshisida yuragimizda hadik bo‘lmagan. Tanklar hujumida okoplarda – tuproqlar ostida qolganmiz. Ko‘z oldimizda necha-necha safdoshlarimiz biri qo‘lidan, biri oyog‘idan, kimdir ko‘zidan, kimdir boshidan judo bo‘lgan. Sen bilan hozirgina yelkama-yelka turgan quroldoshing shundoq qo‘lingda jon taslim qiladi. Birovi «meni bedarak yo‘qolgan, u o‘lmagan, deb yetkaz», deya halok bo‘lgan bo‘lsa, biri sevgan yoriga yozgan maktubini qo‘llarimizga tutqazadi. Eh, Alloh o‘zi asrasin urushdan! – deydi otaxon.

Ko‘ksi medallar shodasiga to‘lgan otaxon urush qiyinchiliklarini yodga olar ekan, o‘sha mudhish kunlar ortda qolganiga shukrlar aytadi.

O‘g‘illaridan biri Xayrullo Hojiyevning so‘ziga ko‘ra, otaxon har doim e’zoz va sharafda bo‘lgan. Otaxon har kun bog‘ sayriga olib chiqishlarini aytar, ularga bog‘bonchilik va dehqonchilikdan saboq berishdan charchamas  ekan.

– Fayzullo bobo Hojiyev ko‘rsatgan jasorati, bosib o‘tgan namunali umri barchani birdek hayajonga solishi aniq. Bunday insonlar doim qadrlanadi, jasorati yoshlarga namuna o‘laroq tilga olinadi, hech qachon unutilmaydi. Fayzullo bobo tumanimiz faxri hisoblanadi. Har doim yoshlarga o‘rnak bo‘lib kelgan. Maslahat va yo‘l-yo‘riqlarini ayamaydi. Hali-hanuz fidoiy va talabchan, – deydi mahalla raisi Anvar Hamroyev.

Har bir so‘zi hikmat bo‘lgan bunday insonlar o‘gitini tinglash, duolarini olish kishini fikrlashga, bugungi dorilomon kunlarni qadrlashga undaydi. O‘z kechinmalari bilan o‘rtqolashgan Fayzullo bobo tinchlikni qadrlab, Vatan taraqqiyotiga xizmat qilish kerakligini uqtirishdan charchamaydi. Bunday insonlarning oramizda borligi ham katta bir davlatdir.

Ma’lumot o‘rnida: Buxoro viloyatida bugungi kunda 5 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi hayot va ular e’zozda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring