Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zahiriddin Bobur va Abulg‘ozi Bahodirxon: g‘aroyib o‘xshashliklar

Zahiriddin Bobur va Abulg‘ozi Bahodirxon: g‘aroyib o‘xshashliklar

Yuz tuzilishi emas, balki yashab o‘tgan davridagi ziddiyatlaru butun bir hayoti bir-biriga o‘xshash insonlar tarixda ko‘p bo‘lgan. Xususan, Zahiriddin Muhammad Bobur (1483–1530) va Abulg‘ozi Bahodirxon (1603–1664) hayotlari haqida xuddi shunday deyish mumkin...

Bir-biridan 120–134 yil tafovut bilan yashab o‘tgan har ikkala hukmdorning nafaqat toju taxt, mamlakat obodonchiligi uchun olib borgan sa’y-harakatlari, balki yozib qoldirgan asarlari ham bir-biriga o‘xshashligi hayratlanarli.

Shu bois venger olimi Herman Vamberi, «Abulg‘ozi Bahodirxonning ko‘pgina ishlari Boburni xotirga tushiradi» deb yozgan edi.

Ma’lumki, Zahiriddin otasi Umarshayxning 1494-yildagi vafotidan so‘ng 11 yoshida podshoh qilib taxtga o‘tqazilgan. U g‘oyat ziddiyatli bir davrda yashab, Movarounnahr va Xurosondagi parokandalik muhitida, goh Samarqandda, gohida Afg‘onistou Hindistonda umrguzaronlik qildi. Bu paytda Temuriylarning markazlashgan davlati inqirozga yuz tutib, toju taxt uchun kurashlar, o‘zaro nizolar girdobiga g‘arq bo‘lgan edi.

Shunday tahlikali, goho xursandchilik, gohida cheksiz g‘am-g‘ussalar iskanjasida hayot kechirsa-da, Bobur hazratlari Andijon, O‘sh, Hirotu Dehli va Agrada ko‘plab inshootlar barpo ettirdi. Umri jangu jadallar ichida o‘tgan shohning obodonchilik uchun katta xizmatlar qilgani uning tabiatan bunyodkor inson bo‘lganini ko‘rsatadi.

Abulg‘ozi esa otasi Arab Muhammadxon hali tirikligidayoq, 13 yoshidan og‘a-inilari o‘rtasidagi toju taxt uchun kurashlar girdobida hayot kechiradi. Otasining ko‘ziga mil tortib, qatl ettirgan og‘alari, hatto Abulg‘ozini 1630–1639-yillarda Eronda hibsda tutib ham turishadi. Biroq u ham Boburdek mohir sarkarda bo‘lgani bois, 1644-yilda Xiva xonligi taxtiga chiqadi va 1664-yilgacha obodonchiligu taraqqiyot sari odim tashlaydi. Yangi Urganch va Vazir shaharlariga asos soladi. G‘ozovot, Shohobod, Yormish kanallarining qazilishiga sababchi bo‘ladi.

Abulg‘ozi xuddi Bobur kabi davlat siyosati bilan shug‘ullanib qolmay, yozilish uslubi, mavzu doirasining kengligi, xotira tarzida bitilganligi bilan mashhur «Shajarai turk» kitobini avlodlarga meros qoldirdi.

Ushbu ikkala memuarning maydonga kelishi turkiy o‘zbek badiiy nasrini yangi bosqichga ko‘tarib, o‘zbek adabiy tilini xalqqa yaqinlashtirishga xizmat qildi. Abulg‘ozi Boburning memuar yodnoma janridagi an’analarini davom ettirib, o‘z boshidan o‘tgan voqealarni xuddi Bobur kabi yuksak mahorat bilan qog‘ozga tushirgan.

«Shajarai turk» va «Boburnoma»ni o‘qigan kitobxon anglaydiki, har ikkala asardagi jangu jadallar, ro‘y bergan voqea-hodisalar, asar mualliflari, ya’ni qahramonlar bilan bog‘liq tafsilotlar tasviri uyg‘undek. Ularning har ikkalasi ham sarkarda, toj-taxt uchun kurashlar girdobidagi shaxslar bo‘lgan. Bunday mashaqqatli yo‘ldagi saroy o‘yinlari, yaqinlarining xiyonati-yu aksariyat navkar va amaldorlarning sadoqati, o‘zlari borgan joylar tasviri va, hatto qahramonlar, ya’ni Bobur va Abulg‘ozining yo‘l qo‘ygan arbob hamda inson sifatidagi xatolari, ojizliklari ham haqqoniy tasvirlanadi.

Har ikkala hukmdor ham mumtoz badiiy nasr taraqqiyotining vorisi va ilg‘or an’analarni rivojlantiruvchi sifatida asarlarini yoritgan edi. Agar Bobur o‘z asarlarini Andijon shevasida yozgan bo‘lsa, Abulg‘ozi Xorazm shevasida bitgan. Abulg‘ozi bu bilan o‘z ona tiliga zo‘r hurmat bilan qaraganini ifodalab, ikkinchi tomondan Boburga ijodiy yondashgan. Har holda Bobur va Abulg‘ozining «Boburnoma» va «Shajarai turk» asarlarini o‘qib, ular avtobiografik tavsifdagi tarixiy memuarlari bilan badiiy nasr tilini xalqning jonli so‘zlashuv tiliga nihoyatda yaqinlashtirganini sezish mumkin. Qolaversa, mazkur asarlarni o‘z davrining avtobiografik roman-essesi ham deb bemalol aytsa bo‘ladi.

Shuni ta’kidlash joizki, Bobur Andijonda tug‘ilgan, Samarqandda taxtda o‘tirgan bo‘lsa-da, Xorazmga kelmagan. «Boburnoma»da Xorazm so‘zi Samarqand hududini chegaralashda, Shayboniyxon Chin So‘fini mag‘lubiyatga uchratgani haqidagi voqeani yozib, «Xorazm yigitlari bisyor mardonaliklar qildilar, hech ta’sir qilmadilar», deya vohalik vatanparvarlar matonatini madh etgan. Shuningdek, Shayboniyxon Xorazmni zabt etib, o‘lkani Ko‘pakbiyga berib, o‘zi Samarqandga keldi deb, shuningdek, Xuroson viloyati hududini belgilashda aytib o‘tgan. Sulton Husayn Boyqaroning oilaviy ahvolini qog‘ozga tushirganda, Sulton Mahmud G‘ozi (G‘aznaviy) hayotini esga olganda ham, ya’ni voqealar, viloyatlar Xorazmga tutashgan holatda voha nomini tilga oladi.

Abulg‘ozi Boburdan 120–134 yil keyin yashagani, tarixchi, davlat arbobi bo‘lgani uchun Zahiriddin Muhammad hayotini, urush uslubi, sarkardalik qobiliyatini o‘rgangan bo‘lishi mumkin. Biroq «Shajarai turk»da ko‘plab afsonalar hamda rivoyatlarni turklar va mo‘g‘ullarning kelib chiqishi bilan bog‘lagan holda, shuningdek, voqealarning faqat o‘zi bilan sodir bo‘lganlarini kiritgan. Shu tufayli ham unda Bobur nomi eslab o‘tilmaydi.

Biroq Abulg‘ozi o‘zi bilibmi-bilmaymi, taqdiri uyg‘unligidanmi, aynan «Boburnoma»ga o‘xshash yodnoma qoldirdi. Shu bois ham Abulg‘ozining asari ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otgan edi. Hatto mashhur rus adibi G.Korolenko tavsiyasi bilan Maksim Gorkiy «Shajarai turk» bilan tanishib chiqqani haqida ma’lumotlar bor. U 1895-yilning 7-avgustida Korolenkoga yozgan xatida «Abulg‘ozining kitobidan boshqa Sharq tarixiga oid yana biror manbani menga tavsiya qilsangiz-chi, juda qiziq ekan bu asar», degan. Korolenko Gorkiyga «Boburnoma»ni tavsiya qilgan ekan.

Bobur o‘z yodnomasidan tashqari she’riy devon, harb ishi, musiqa ilmiga oid va «Xatti Boburiy», «Muffassal», «Mubayyin» kabi asarlar yozib qoldirgan bo‘lsa, Abulg‘ozi ham memuaridan boshqa yana «Shajari tarokima», «Manofe’ ul-inson» singari asarlar bitdi.

Umuman, Bobur va Abulg‘ozi ziddiyatli davrda yashab, umlari ko‘proq jangu jadallarda o‘tsa-da, hukmronlik paytida mamlakatlari obodonchiligi uchun bunyod qilgan inshootlari va yozib qoldirgan asarlari bilan tarixdan munosib joy olgan ulug‘ ajdodlarimizdir.

Umid Bekmuhammad,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring