Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zelenskiyning AQShga safarini uyushtirish uchun Rossiyani chalg‘ituvchi usullar qo‘llangan

Zelenskiyning AQShga safarini uyushtirish uchun Rossiyani chalg‘ituvchi usullar qo‘llangan

Bayden Zelenskiyga qancha kerak bo‘lsa, shuncha vaqt yelkama-yelka turishga so‘z berdi.

Foto: EPA

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 21 dekabr kuni AQShga safar qildi. 300 kundan buyon davom etayotgan urush mobaynida ilk bor xorijga chiqqan Zelenskiyning okeanorti safarini tashkil etish uchun misli ko‘rilmagan xavfsizlik choralari, jumladan, Rossiya xavfsizlik kuchlarini chalg‘ituvchi usullar qo‘llangani ma’lum bo‘ldi.

20 dekabr, seshanba kuni Zelenskiy frontga – Baxmut shahriga borgan. Tunda maxfiy ravishda Polshaga olib boruvchi poyezdga o‘tirgan. Rossiya raketalari urib tushirish xavfi yuqori bo‘lgani sababli Ukraina rahbari samolyot emas, poyezddan foydalanishni ma’qul ko‘rgan. Polshadan esa Vashingtonga AQSh harbiy havo kuchlariga tegishli «Boing» samolyotida parvoz qilgan. Zelenskiy o‘tirgan uchoqni NATOning razvedkachi samolyoti va F-15 qiruvchisi kuzatib borgan. Deyarli bir sutka davom etgan yo‘lchilikdan so‘ng u Vashingtonga yetib borgan.

Tashrif tafsilotlari bir necha oy davomida muhokama etilgani aniq. Ammo Rossiya bosqiniga qarshi kurashayotgan mamlakat rahbarining safari xavfsizlik nuqtai nazaridan sir tutilgan. Zelenskiyning Oq uy xo‘jayini bilan uchrashishi haqidagi xabar tashrif arafasida, 20 dekabr kechqurun paydo bo‘ldi.

OAVga ko‘ra, Ukraina rahbariga hatto AQSh hududida ham Rossiya kuchlari zarar yetkazishi ehtimoli inobatga olinib, kuchaytirilgan xavfsizlik choralari ko‘rilgan.

Vladimir Zelenskiy 21 dekabr kuni Oq uyda prezident Jo Bayden bilan muzokara o‘tkazdi. So‘ng shu kunning o‘zida Kongressda nutq so‘zladi.

Siyosatchi Ukraina nafaqat o‘z suvereniteti, balki global xavfsizlik va demokratiya uchun kurashayotganini ta’kidlab, AQShdan ko‘proq moliyaviy ko‘mak ajratishni so‘radi. U, shuningdek, Ukraina hech qachon taslim bo‘lmasligini ham ta’kidladi.

1941 yil 26 dekabr kuni gitlerchilarga qarshi kurashayotgan mamlakat yetakchisi – Buyuk Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchill Kongressda tarixiy nutq irod qilgan edi. Ayrim tahlilchilar Zelenskiyning AQSh qonun chiqaruvchi idorasidagi chiqishini Cherchillning 81 yil avvalgi mashhur nutqi bilan muqoyasa etmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring