Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Elchi xonim hamkorlikning asosiy yo‘nalishlariga baho berdi. Xo‘sh?

Elchi xonim hamkorlikning asosiy yo‘nalishlariga baho berdi. Xo‘sh?

Fransiya O‘zbekiston bilan diplomatik va strategik sohalarda o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlikni yanada kuchaytirish istagida. Bu haqda ushbu mamlakatning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Violen de Vilmor xonim 14-iyul – Fransiya milliy bayrami munosabati bilan Toshkentda o‘tkazilgan marosimda ma’lum qildi.

«O‘zbekistonda kechayotgan ma’muriy, huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy va xavfsizlik sohalaridagi islohotlar mamlakat imijini mustahkamladi va xalqaro munosabatlar, xususan, fransuz-o‘zbek munosabatlari rivojida katta turtki bo‘ldi», – dedi fransuz diplomati. 

Elchi o‘z nutqida Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 8-9-oktyabr kunlari Fransiyaga tashrifi bilan o‘zaro munosabatlarda yangi sahifani ochganini qayd etdi.

«O‘zbekiston hukumatining valyuta bozorini erkinlashtirish, o‘zaro shartnomalarga amal qilish, avvalgi qarzlarni to‘lash kabi yo‘nalishlarda olib borayotgan ishlarini olqishlaymiz. Tenderlarning shaffofligi va adolatliligi, investitsiyalarning himoyasi va yerga egalik qilish huquqi bo‘yicha islohotlarning e’lon qilinishi, intellektual mulkni hurmat qilish kabi o‘zgarishlar Yevropa Ittifoqi va Butunjahon savdo tashkiloti bilan muzokaralarda, ayniqsa, sarmoyadorlarning ishonchini mustahkamlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi», – dedi Violen de Vilmor xonim.

Ta’kidlanishicha, Fransiya O‘zbekistonning ko‘p tomonlama va mintaqaviy barqarorlik bo‘yicha muloqotga qo‘shilganidan mamnun. Fransiya tomoni tashabbusi bilan ilk bor 2018-yil noyabrda o‘tkazilgan Parij tinchlik forumida global muammolarni hal etish, xalqaro ziddiyatlarni bartaraf qilish bo‘yicha yechimlar taklif etilgan edi. Fransiya elchisi joriy yil 11-13-noyabr kunlari ikkinchi bor tashkil etilayotgan nufuzli mashvaratda O‘zbekistonning ishtiroki kutilayotganini ma’lum qildi.

Rasmiy Toshkent va Parij o‘rtasida xavfsizlik sohasida, xususan, terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha ham hamkorlik mustahkamlanmoqda. Fransiya bu borada O‘zbekistonga kadrlar tayyorlash tizimini yaxshilash, zamonaviy qurilmalar bilan ta’minlash va tezkorlik ko‘nikmalarini takomillashtirishda ko‘mak beradi. Fransuz diplomatiga ko‘ra, joriy yilda Fransiya armiyasining ikki nufuzli bo‘linmasi O‘zbekistonda chegara muhofazasi bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazdi. Mazkur o‘quv mashg‘ulotlari 2019 va 2020-yillarda qayta tashkil qilinadi.

Violen de Vilmor xonim ikki mamlakat o‘rtasida madaniy-gumanitar va turizm sohalarida ham hamkorlik tobora mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat ila qayd etdi.

«Turizm sohasida sayyohlik agentliklari O‘zbekistonni eng ko‘p tavsiya qilinadigan 10 ta yo‘nalish qatoriga kiritdi. Fransiya mamlakatning betakror merosini saqlab qolish uchun tog‘ turizmi, shaharsozlik hamda qadimiy shaharlarni qayta tiklash sohasida o‘z tajribasini bo‘lishishga tayyor», – dedi u.

Ma’lum qilinishicha, shu kunlarda Parij akademiyasi delegatsiyasining Samarqanddagi Ipak yo‘li universitetiga tashrifi kutilmoqda. Arxeologlar va restavratorlar esa Luvr muzeyida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston shoh asarlarining ko‘rgazmasiga hozirlik ko‘rmoqda.

Violen de Vilmor xonim o‘z nutqida yurtimizdagi uch yillik diplomatlik faoliyati yakuniga yetayotganini ma’lum qildi va mas’uliyatli vazifani amalga oshirishda unga ko‘mak bergan barcha xayrixoh insonlarga minnatdorlik izhor qildi.

Eslatib o‘tamiz, 14-iyul – Bastiliya olingan kun Fransiyaning eng asosiy bayrami sanaladi. Fransuzlar mazkur sanani vatanparvarlik, hurlik va yakdillik kuni sifatida alohida qadrlaydi. An’anaga ko‘ra, milliy bayram munosabati bilan poytaxt Parijda mamlakat rahbari boshchiligida tantanali harbiy parad o‘tkaziladi.

Sobir Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring