Prezident axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi

Bugun, 9-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, uning o‘rinbosarlari, tegishli vazirlik va tashkilot rahbarlari ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda 2018-yilda va yaqin istiqbolda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ustuvor vazifalar haqida ham so‘z bordi. Prezident axborot texnologiyalari sohasida hali qilinadigan ishlar ko‘pligi, erishilgan natijalar boshqa davlatlarga qaraganda ancha past ko‘rsatkichda ekanligini qayd etdi.
Yig‘ilishda internet tarmog‘iga ulanish qamrovini kengaytirish va tezligini oshirish, dasturiy ta’minot, telekommunikatsiya sohasida yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan aloqa o‘rnatish, «Elektron hukumat» tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berildi.
— Internetdan 20 million aholi foydalanadi, deb hisobot bergansizlar. Biroq, milliy internet orqali taklif etiladigan xizmatlar doirasi juda cheklangani sababli, aholining aksariyat qismi internetdan faqat «Telegram»da yozishma uchun foydalanadi, xolos, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda MDH davlatlari bo‘yicha Internetning o‘rtacha tezligi biznikidan 10 marta yuqoriligi qayd etildi. Aloqa operatorlari chekka hududlarda, avtomobil va temir yo‘llarga yaqin hududlarda telekommunikatsiyalarni kengaytirishga sarmoya kiritmayotgani ta’kidlandi.
Mutasaddilarga Internet narxini keskin arzonlashtirish, tezligini kamida 4 barobarga oshirish, 2020-yilgacha esa MDH davlatlari darajasiga yetkazish chora-tadbirlarini ko‘rish bo‘yicha zarur topshiriq berildi.
Shuningdek, yig‘ilishda «Xavfsiz hudud» va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Shuningdek, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetini uch yil ichida jahondagi eng obro‘li 1 000 universitet safiga kiritishni ta’minlash, sohada jahonda yetakchi bo‘lgan universitet va kompaniyalar bilan hamkorlikni kuchaytirish, professor-o‘qituvchilar va talabalarning xorijiy stajirovkasi va malaka oshirishini keng tashkil etish kerakligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqarish va buning uchun milliy kadrlar tayyorlash ishlari hali talab darajasida emasligi qayd etildi, mutasaddilarga dunyoning yirik axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi korporatsiyalar bilan tenglasha oladigan milliy operatorimiz va dasturchilarimizning faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berdi.
Yig‘ilishda «O‘zbektelekom» kompaniyasining ishlash samaradorligini oshirish, telekommunikatsiya tarmoqlari orqali xalqaro telefon so‘zlashuvini noqonuniy amalga oshirayotgan sub’yektlarga nisbatan moliyaviy jazo choralarini qo‘llash, xalqaro tajriba asosida pochta tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqib, yanada rivojlantirish, axborot xavfsizligi konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter