Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston parlamenti spikerini qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston parlamenti spikerini qabul qildi

Dostonbek Jumabekov Prezident Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul va mazmunli suhbat uchun minnatdorlik bildirdi.

Foto: «President.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 21-dekabr kuni O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi spikeri Dostonbek Jumabekovni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, Qirg‘iziston parlamenti nufuzli delegatsiyasining mazkur tashrifi joriy yil Toshkent va Bishkek shaharlarida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi samarali uchrashuvlarning mantiqiy davomi ekanini ta’kidladi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Qirg‘iziston parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Oliy darajadagi tashriflar chog‘ida erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi o‘rtasida imzolangan Memorandumning amaliy ijrosi doirasida qo‘shma tadbirlar o‘tkazilayotgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.

Parlamentlararo hamkorlikning amaldagi mexanizmlari salohiyatidan foydalangan holda, muntazam va tizimli aloqalarni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi spikeri Dostonbek Jumabekov Prezident Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul va mazmunli suhbat uchun minnatdorlik bildirdi.

Mehmon O‘zbekistonda barcha sohalar, jumladan, parlament va fuqarolik jamiyati o‘rnini mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tarkibiy o‘zgarish va islohotlarning yangi bosqichini yuksak baholadi.

Qirg‘iziston O‘zbekiston bilan do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash yo‘lidagi hamkorlikka tayyor ekani ta’kidlandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring