Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident qachon o‘zini baxtli his qilishini aytdi

Prezident qachon o‘zini baxtli his qilishini aytdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘onaga qilayotgan tashrifi doirasida viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi. Davlat rahbari paxtani qayta ishlashning uchinchi-to‘rtinchi bosqichida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotganini tanqid qildi. Bu haqda Xabar.uz muxbiri ma’lum qildi.

Farg‘onadagi tekstil korxonalari ip-kalava yetishtirishni 192 foizga bajarishadi, ya’ni viloyatda yetishtirilayotgan paxta to‘liq qayta ishlanib, boshqa viloyatlardan ham olib kelinadi. Ammo mana shu mahsulot ip-kalava ko‘rinishida eksportga chiqarilmoqda. Paxtani qayta ishlashning uchinchi-to‘rtinchi bosqichlari bor-yo‘g‘i 17 foizdan iborat.

Hozir ip-kalava o‘zimizga yetishmayapti, siz esa shunchaki chetga sotib yubormoqdasiz. Tekstil korxonalari uchinchi-to‘rtinchi bosqichga o‘tishi shart. Farg‘ona viloyatida 81 ming gektar yerga paxta ekiladi. Mana shu yerda yetishtirilayotgan xom-ashyoni to‘liq qayta ishlasak milliardlab dollar eksport qilish imkoni paydo bo‘ladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari shuningdek yangi korxonalarni loyihalashtirishda zamonaviy uslubdan foydalanishni talab qildi.

— Yaponiyada bitta avtomobil zavodi qurish uchun 10 gektar yer yetarli. Ular 25-qavatga ham stanok o‘rnatadi. Nima uchun bizning avtomobil zavodimiz 50 gektar yerni egallashi kerak? Bilib qo‘ying, Farg‘onada ham Yaponiya va Xitoyda bo‘lgani kabi aholi zich yashaydi, yer tanqis. Demak ishni zamonaga mos tashkil etishimiz kerak, — dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev buning uchun loyihalar fabrikasi imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish lozimligini ta’kidladi. Buning uchun hududning o‘ziga hos jihatlarini o‘rganish va yangi biznes rejalarda barcha imkoniyatlardan foydalanish lozim bo‘ladi.

— Biz nafaqat yer osti boyliklari, balki shamolning xususiyatlarini ham o‘rganishimiz kerak. Muqobil energiyadan foydalanish uchun faqat yirik loyihalar bo‘lishi shart emas, masalan, 5-10 million dollarlik shamol elektr stansiyalari qursa ham bo‘ladi. Balki qayerdadir kichik GES qurish mumkindir. Mana shunday shamol va suvga ishlaydigan kichik elektr stansiyalari bittagina mahallani markaziy tizimdan uzib, tok bilan ta’minlab bersa, rahmat aytaman.

Loyihalar fabrikasi buloqdek qaynashi lozim. Xuddi shifobaxsh buloqdan chiqqan minerallar odam tanasiga sog‘lik bergandek, loyihalar bulog‘i iqtisodni sog‘lomlashtirishi kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident tadbirkorlarda biznes g‘oyalari ko‘p bo‘lishi va ularni amalga oshirishda yordam berish lozimligini aytib o‘tdi.

— Biz ko‘rgan fabrikadagi ayollar 2 million so‘m maoshga ko‘zi yonib ishlamoqda. Men qachon baxtli bo‘laman? Qachonki o‘sha ayollar 2 million emas, 10 million so‘m oylik olsa, o‘zimni baxtli his qilaman. Buning uchun ko‘p ishlash, loyihalarni kengaytirish kerak bo‘ladi.

Bizning zabardast va uddaburon xalqimiz bor, tadbirkorlar yetarli. Ularga biroz yordam berib yuborsak bo‘lgani, — dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyatiga safari davom etmoqda. Xabar.uz axborot-tahliliy portali tashrifga doir yangiliklarni yoritishda davom etadi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring