«Barselona» va «Liverpul» qozonida toblangan yulduzlar

Filipe Koutino
Kataloniyaning «Barselona» klubi «Liverpul»ning 25 yoshli hujumkor yarim himoyachisi Filipe Koutinoni o‘z safiga qo‘shib olish niyatidan qaytmayapti. Joriy yilning yozida kataloniyaliklarning bir necha taklifini rad etgan Angliya klubi vakillari nihoyat braziliyalik futbolchini sotishga tayyor ko‘rinadi. So‘nggi paytlarda paydo bo‘lgan xabarlarga ko‘ra, mersisaydliklar yarim himoyachini 145 million yevroga sotishga tayyorlar. Bordiyu ana shu transfer amalga oshgudek bo‘lsa, bu ikki klub safida porlagan yulduzlarning soni yana bittaga ko‘payadi.
Biz ana shunday yulduzlarning bir nechtasini eslashga qaror qildik.
Budeveyn Zenden
Dzyudo sport turida qora belbog‘ sohibi – Budeveyn Zenden 1976 yili Gollandiyaning Maastrixt shahrida dunyoga kelgan. 1998 yili «Barselona»ga Eyndxovenning «PSV» klubidan kelib qo‘shilgan golland kataloniyaliklar safida 2001 yilgacha jami 64 ta uchrashuvda ishtirok etib, raqiblar darvozasiga bor-yo‘g‘i 2 ta to‘p kiritdi. Shundan so‘ng 2001-2005 yillar davomida Angliyaning «Chelsi» va «Midlsbro» klublari safida harakat qildi.

Foto: Daily Mirror
«Liverpul»ga o‘tganida ancha tajribali va mahoratli deb hisoblangan Zenden uch yil davomida bor-yo‘g‘i 23 o‘yinda harakat qilib, klublar safidagi eng katta yutuqlarini ham aynan Mersisayd jamoasi bilan qo‘lga kiritdi. U Angliya kubogi va superkubogi, shuningdek, Yevropa superkubogini qo‘lga kiritgan.
Luis Garsiya
Luis Garsiya «Barselona» futbol maktabi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U Ispaniyada Kataloniya superklubidan tashqari yana «Tenerife», «Atletiko» va «Valyadolid» jamoalari safida harakat qilgan. Odatda hujumkor yarim himoyachi rolida to‘p tepgan Luis Angliyada tezda o‘z o‘rnini topdi. «Liverpul»ga uni 2004 yilda «Tenerife»dagi ustozi Rafael Benites taklif qilgan edi.
Luis Garsiya «Liverpul» safida 2004 yilning 29 avgustida «Bolton»ga qarshi bahsda ilk bor maydonga tushib, mavsum davomida raqiblar darvozasiga 8 ta to‘p kiritdi. «Liverpul»ning 2004/05 yilgi Chempionlar ligasidagi g‘alabasida uning o‘rni ham beqiyos. Garsiya «Yuventus» (1/4 final) va «Chelsi»ga (1/2 final) qarshi bahslarda g‘alaba to‘pini kiritdi va finalda «Milan»ga qarshi bahsning asosiy qahramonlaridan biri bo‘ldi.
Pepe Reyna
Ispaniya poytaxti Madridda tug‘ilgan Pepe Reyna nomini Liverpulda juda qadrlashadi. U mersisaydliklar tarkibida to‘rt bor Premer-liganing eng yaxshi darvozaboni degan nomga sazovor bo‘lgan. Reyna, shuningdek, Ispaniya, Angliya, Italiya va Germaniyada faoliyat yuritgan dastlabki darvozabon sanaladi.

Foto: www.myliverpool.ru
13 yoshida «Barselona» akademiyasiga kelgan darvozabonning kataloniyaliklar tarkibidagi debyuti besh yil o‘tgach sodir bo‘ldi. 2000-2002 yillar davomida u jamoasi uchun premeroda 30, yevroligada 11 ta o‘yin o‘tkazdi. Jumladan, 2001 yil UYeFA kubogining yarim finalida «Liverpul»ga qarshi ikkita o‘yinda ishtirok etib, gol o‘tkazib yuborishga ham ulgurdi.
Reyna «Liverpul»ga 2005 yilda – ispaniyalik murabbiy Rafael Benitesning tashabbusi bilan «Vilyarreal»dan transfer qilindi. U jamoaga kelgach, 2005 yilgi chempionlar ligasi qahramonlaridan biri hisoblangan Yeji Dudekni zaxira o‘yinchisiga aylantira oldi.
Xaver Maskerano
«Liverpul»ga avvaliga ijara asosida kelgan futbolchi 2008 yilning fevralida ilk shartnomasini imzoladi. Maskerano Liverpuldagi faoliyatida umumiy hisobda 94 o‘yinda ishtirok etdi va jamoaning yetakchilardan biriga aylandi.

Foto: Sports.ru
2010 yilning 30 avgustida «Barselona» bilan shartnoma imzolagan futbolchi 10 kundan so‘ng Ispaniya chempionati doirasidagi ilk o‘yinda zaxiradan maydonga tushdi. Ammo uning keyingi bahslarda asosiy tarkibga kirishi ancha qiyin kechdi. Xavi va Buskets bilan maydon markazidagi raqobatga kirishishga tayyor turgan Maskerano uchun bosh murabbiy himoya markazidan joy hozirladi. Jarohat olgan jamoa sardori Karles Puyol o‘rniga munosib nomzod kerak edi...
Luis Suares
Urugvayning «Nasional» klubida tarbiya topgan Luis Suares 19 yoshida Yevropaga yo‘l oladi. 2011 yilning yanvarida Amsterdamning «Ayaks» klubidan 26,5 million yevro evaziga «Liverpul»ga o‘tdi.

Foto: FK «Liverpul»
2012 yili «qizillar» tarkibida Angliya liga kubogini qo‘lga kiritgan urugvaylik yigit 2014 yili Angliya Premer ligasining eng yaxshi o‘yinchisiga beriladigan sovrinni qo‘lga kiritib, sovrinning yevropalik bo‘lmagan dastlabki sohibiga aylandi. Shu yili u Krishtianu Ronualdu bilan birgalikda «Oltin butsa»ga ham ega chiqdi.
Ikki yil o‘tib forvardning 81 million yevro evaziga «Barselon»ga o‘tgani e’lon qilindi. Suares o‘zining ilk mavsumidayoq jamoadoshlari bilan «ko‘k-anorranglilar» safida Ispaniya chempionati, kubogi va UYeFA Chempionlar ligasini yutib, «oltin xet-trik»ni qayd etdi. 2016 yili Suares Ispaniyada yil futbolchisi, Yevropada yana bir bor oltin butsa sohibiga aylandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter