Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Odiljon Aslonov: Murodjon Ahmadaliyev bilan og‘ir jang, faoliyatini tugatmoqchi bo‘lgani va boshqalar xususida (video)

Odiljon Aslonov: Murodjon Ahmadaliyev bilan og‘ir jang, faoliyatini tugatmoqchi bo‘lgani va boshqalar xususida (video)

Xabar.uz axborot-tahliliy portali sport ixlosmandlari uchun yangi loyihani ishga tushirdi. Loyihada nafaqat sport olami vakillari, balki bugungi kunda o‘z faoliyati doirasida yutuqlarga erishayotgan insonlar haqida hikoya qilinadi.

Loyihamizning ilk mehmoni – sportning boks turi bo‘yicha O‘zbekiston chempioni va bir qancha xalqaro turnirlar g‘olibi, Jahon chempionati ishtirokchisi, sport ustasi Odiljon Aslonov.

Odiljon Aslonov  1995-yilning  5-iyunida  Buxoro shahrida tavallud topgan.

Amaldagi O‘zbekiston chempioni. Boksga ilk qadamini 2005-yilda qo‘ygan.

Murabbiylari:

Hamza Avezov, Ravshan Xo‘jayev.

Yutuqlari:

2013-yil, O‘zbekiston chempionati:

(60) kg vazn toifasida  oltin medal

2017-yil, Fransiya xalqaro turniri:

(69) kg vazn toifasida  oltin medal

2019-yil, Qozog‘iston Prezidenti kubogi:

 (75) kg vazn toifasida  bronza medal

2019-yil, O‘zbekiston chempionati:

(75) kg vazn toifasida  oltin medal

2020-yil, O‘zbekiston chempionati:

(75) kg vazn toifasida kumush medal.

– Assalomu alaykum Odil aka, sizni boks muxlislari yaxshi tanishadi. Bilamizki, hozirda yoshlarning sportga bo‘lgan, ayniqsa, boks va aralash jang san’atiga bo‘lgan qiziqishlari yildan-yilga oshib bormoqda. Aytingchi, sizning bolaligingiz qanday o‘tgan, sport olamiga kirib kelishingiz qanday boshlangan?

– Ajoyib savol bo‘ldi. Biz oilada to‘rt o‘g‘ilmiz. Akalarim ham muntazam boks bilan shug‘ullanib kelganlar. Akam Oybek Aslonov boks to‘garaklariga qatnashib yurgan paytlarida mening bog‘cham va akamning to‘garagi yaqin joylashgan edi. Meni bog‘chadan olib, so‘ng boksga meni ham olib ketardi. To‘garakda akam va boshqalarning shug‘ullanayotganini ko‘rib, shu sport turiga qiziqib, boksga kirib kelganman. Ularga havas qilib bolalikdan shug‘ullana boshlaganman.

– Sizni doimo ko‘llab kelayotgan ustozlaringiz haqida aytib o‘tsangiz. Boksdagi birinchi murabbiyingiz kim bo‘lgan?

– Birinchi murabbiyim Hamza Avezov. Hozirgi kunda ham mening murabbiyim hisoblanadilar, qolaversa, qarindoshim ham. Yoshligimizdan ustozimga havas qilib ulg‘aydik. Ustozimizning ustozlari Rahmatullo Muhammadiyevga ham havas qilardi. Ular bizga ko‘p talim-tarbiya berib shug‘ullantirganlar. Ustozimning shunday yutuqlarga erishishlariga ham rahmatli ustozlarining hissalari katta.

– Bugungacha o‘tkazgan janglaringiz orasida siz uchun og‘ir kechgan jang qaysi?

– Birorta jang oson bo‘lmagan. Ularning ichida men uchun eng qiyin kechgan jang Murodjon Ahmadaliyev bilan kechgan jang. U bilan yoshligimizda ikki marta to‘qnash kelganmiz. U paytlari yengil vaznda edik. Hozircha hisobimiz 1:1.  Uni yutgan paytim ham, yutqizganimda ham oson jang bo‘lmagan. Hali hanuz esimdan chiqmaydi.

– Boksdan tashqari sportning qaysi turiga qiziqasiz ?

– Muntazam qiziqib o‘ynaydigan sport turi men uchun stol tennisi. Va futbolni yaxshi ko‘raman. Ammo muntazam kuzatib bormayman. O‘zim uchun qiziqib o‘ynayman.

– Suhbatlardan birida oshpazlikka qiziqishingizni aytib o‘tgandingiz, qaysi taomlarni maroq bilan tayyorlay olasiz?

– To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam biror taomni pishira olmayman. Lekin tuxum qovurishni chiroyli tarzda eplayman. Xuddi suratlardagidek pishira olaman...

Buxoroi sharifimizda Muhammad Saloh nomidagi osh markazi bor,  Muhammadjon akamizni osh markazi, o‘sha yerda osh tanovvul qilib, juda yoqqanidan shu qarorga kelganman. Oshpaz bo‘lganimda mana shunday oshpaz bo‘lardim, deb niyat qilganman.

– Jahon professional boks yulduzlaridan kimlarni ko‘proq kuzatib borasiz, va ular ichida siz uchun eng iqtidorli bokschi kim?

– Muntazam kuzatib boraman. Chunki o‘zim ham professional boksda foliyat olib bordim. Meksikalik bokschi Alvares, rossiyalik Artur Beterbiyevlarni ko‘p kuzatib boraman.Ular haqiqatan tengsiz sportchilar, ularga xavas qilaman, qo‘limdan kelgancha ularga o‘xshashga harakat qilaman.

– Boks olamida do‘stlaringiz kimlar?

– Boksda do‘stlarim juda ko‘p, ular bilan yoshlikdan birga ulg‘ayganmiz. Ularning ayrimlari boksdan yiroqlashgan bo‘lsa xam, hali hanuz do‘stmiz. Mironshoh Ibragimov amaldagi O‘zbekiston chempioni, Shukurjon Rahimov hozirda professional boksda faoliyatini olib bormoqda, Osiyo sovrindori. Biz boksda ham, hayotda ham birga do‘stmiz.

Ustozimiz Olim Muhammedov yosh sportchilarni kattalar tarkibiga qo‘shardilar. O‘shanda men yosh bo‘lsam-da kattalar bilan shug‘ullanardim. Masalan, Abbos Atoyev, Fazliddin G‘oyibnazarov, Shahram G‘iyosov, Sardor Ibragimov, Ulug‘bek Mo‘binov, Suhrob Bobonazarov . Bu akalarim ham boksda o‘z faoliyatini olib borishmoqda.

Qaysidir akalarim murabbiy, qaysidirlari professional boksda. Ularni do‘st deb aytolmayman, balki undan-da yaqin akalarim deyman. Yana bir akam Sardor Yormuhammedov hozirda Amerikada professional boks bilan shug‘ullanib kelmoqda. Uning havaskor boksdan ketganiga rosa xafa bo‘lganman. Birga yurardik, mashg‘ulotlarda, boshqa davlatlarda o‘tkazilgan musobaqalarda. Juda xafa bo‘lganman shu akam ketganlariga. Hozir ham har bir ishda shu akam bilan maslahatlashaman. Ular qo‘lidan kelgancha menga ko‘maklashadilar.

Boksdan tashqari hobbilaringiz?

– Boks shunday sportki, unga boringizni berishingiz kerak. Bittagina mashg‘ulot bilan katta yutuqlarga erisha olmaysiz. Hayot tarzingiz ham bu sport bilan bog‘liq bo‘lishi kerak.

Chempion bo‘lish uchun nima qilish kerak? Yaxshi shug‘ullanish, buning uchun esa yaxshi dam olish zarur. Va albatta, to‘g‘ri ovqatlanish kerak. Bo‘sh vaqtlarimda yaxshi dam olishga harakat qilaman. Kuch yig‘ib, yaxshi shug‘ullanishga bor e’tiborimni qarataman.

Musobaqadan keyin bo‘sh vaqtlarimda kitob o‘qish maroqli. Baliq tutishga boraman.

– Har bir inson voyaga yetarkan, hayotda ko‘zlayotgan maqsadlari ham, hattoki, u uchun muhim bo‘lgan narsalar ham ikkinchi o‘ringa tushib qolishi mumkin. Odiljon Aslonov uchun shunday holatlar bo‘lganmi? Yani, karerangizni to‘xtatib, boshqa faoliyat olib borish haqida o‘ylaganmisiz?

– Bo‘lgan, albatta. Men bokschi bo‘laman, deb o‘ylamagandim. Milliy xavfsizlik xizmati xodimi bo‘lmoqchi edim. Yoshligimdan forma kiyishga harakat qilardim. Vatanimizga xizmat qilishni xohlar edim.  Buni qarangki, taqdir taqozosi bilan bokschi bo‘lib ketdim.

Biz sportchilar ringga chiqayotgan paytimiz Vatanimiz bayrog‘i ila chiqamiz. Har gal g‘alaba qozonganimizda Vatanimiz madhiyasi yangraydi. Shundan faxrlanaman.

– Professional boksdagi faoliyatingiz haqida nima deya olasiz? Hozir asosiy e’tiborni havaskor boksga qaratasizmi yoki prof ringgami?

 – Murabbiylarimiz ko‘rsatmalarini bajaramiz. Jahon chempionatidan oldin professional boksda edik. Jahon chempionati sabab havaskorga qaytdik.  Xudo xohlasa, yangilik bo‘ladi. Havaskor boksda Osiyo o‘yinlari, Osiyo chempionatlari bor.  Shuning uchun biz professional boksda jang o‘tkazmayapmiz.  Bu aniq bo‘lsa, malumot beramiz.

– Faoliyatingizda sizga nisbatan nohaqliklar bo‘lganmi? Shu haqida gapira olasizmi?

– Nohaqliklar bo‘lgan. Bularni men aniq ayta olmayman. Menimcha, aytish ham shart emas. Nohaqliklarni ham yaxshilikka qabul qilganmiz. Barchasi meni yanada kuchli bo‘lishimga yordam bergan. Barcha narsani yaxshilikka, deb qabul qilaman.

– Professional boksdagi ustozlaringiz haqida ham aytib o‘tsangiz.

– Bu ustozlarim ham havaskor boksda, ham professional boksda ham doim men bilan birga. Hamza Avezov, Ravshan Xo‘jayev, Nodir G‘ulomov, Nodir Muhammedovlar, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiylar. Biz bir oila, jamoa, biz doim birgamiz. Chempion bo‘lganimda ham, yutqizgan paytlarimda ham ular yonimda. Xudo xohlasa, katta maqsadlarimiz bor.  Bu maqsadlarga erishish uchun harakatdamiz. Ustozlarimiz bilan birga Vatanimiz bayrog‘imizni baland ko‘taramiz.

– Aytib o‘tdingiz, siz o‘qishni akademik litseyda davom ettirgansiz, sport maktablarida emas. Qanday qilib mana shu muhitdan ya’ni ilm-fan muhitidan sport muhitiga o‘tib keta olgansiz? Bu jarayon qiyin kechganmi?

– 1-bosqich davrimda chempionat Qozog‘istonda o‘tkazilgan. O‘shanda xalqaro turnirda chempion bo‘lib kelganman. Shunda ma’rifiy tadbirda meni chaqirib, taqdirlashgan. Meni o‘qituvchilar darslardan ozod qilib, shug‘ullanishim uchun ko‘maklashardilar. Hali ham men ular bilan bog‘lanib turaman. Safarlardan qaytganimda, musobaqalardan keyin xabar olib, duolarini olib yuraman. Ularning ko‘maklari bilan litseyda o‘qish paytimlarimda muntazam boks bilan shug‘ullanib yurganman.

– Sizni boksga ruhlantirgan, motivatoringiz bo‘lgan inson kim?

 – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustasi, ikki karra Jahon chempioni, London Olimpiadasi sovrindori Abbos Atoyev. Abbos Atoyevni ham sport sohasida ham, hayotda ham o‘zimda kumir deb bilaman.  Kuchli iroda sohibi, saxiy inson, kibri yo‘q inson. Bizga ko‘p sohadan hayotiy saboq berganlar. Biz uchun namuna. Men o‘zimga qahramon, deb qabul qilaman. Har qanday holatda ular bilan maslahatlashib, ulardek bo‘lishni orzu qilaman.

– O‘zbek boks olamida Buxoro boks maktabining o‘z o‘rni bor, mana shu maktabning bir vakili sifatida bu faoliyatga endi kirib kelayotgan yosh sportchilarga  tavsiyalaringiz?

– To‘g‘ri takildab o‘tdingiz, Buxoro boks maktabining O‘zbekistonda ham, jahonda ham o‘z o‘rni bor. Yosh sportchilarimiz yaxshi natijalar ko‘rsatib kelmoqda. Sayyidjamshid Jaffarov, Bekzod Hamidov, Asilbek Mansurov, Amirshoh Samadovlar. Yana ko‘plab namuna qilib aytadigan yoshlarimiz bor. Tavsiyalarim mehnat qilsinlar, yaxshi shug‘ullansinlar. Xudo xohlasa yetuk chempion bo‘ladilar. Bayrog‘imizni yuksakka ko‘taradilar. Eng asosiysi, ustozlarimiz ko‘rsatmalarini bajarsinlar. Ustozlarimiz – o‘z ishining ustalari. Ularning maslahatlari bilan katta marralarga erishadilar.

– Kelgusidagi maqsadlaringiz, Odiljon Aslonovdan qanday natijalarni kutib qolamiz?

– Menga qolsa, tezroq proffessional boksga o‘tishni xohlardim. Professional boksda bir emas, to‘rtta asosiy kamarlar bor. Shularga sekin-asta erishish niyatim ham bor.

Durdona Tosheva suhbatlashdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring