Olimpiadaning asosiy yulduzlari

KXDR dunyodagi eng «yopiq» mamlakatlardan sanaladi. Shu bois shimoliy koreyalik muxlisalarning Janubiy Koreyaga kelishi, yurish-turishi, ovqatlanishi-yu o‘ziga xos tarzda ishqibozlik qilishi haqidagi ma’lumotlar ko‘pchilikni qiziqtirsa kerak.
Pxyonchxan olimpiadasidagi eng faol ishqibozlar guruhi shubhasiz Shimoliy Koreyadan keldi. Ular hatto musobaqalarda ishtirok etgan mamlakat sportchilariga qaraganda ham ancha yorqinroq ko‘rinishdi.
Dastavval sportchilarining olimpiadada qatnashishi ham aniq emas edi. O‘yinlar boshlanishiga oz vaqt qolganida KXDR hukumatining qarori qabul qilindi va qisqa fursatda 22 nafar sportchi Pxyonchxan olimpiadasida qatnashish uchun olib ketildi. Tashkilotchilar ajratgan maxsus kvota orqali to‘rt yillikning yirik sport anjumanida qatnashish huquqini qo‘lga kiritgan atletlarni qo‘llab-quvvatlash uchun naq 229 kishilik muxlisalar guruhi jalb etildi. Maxsus topshiriq orqali kelgan, asosan yosh qizlardan iborat guruh sportchilarni musobaqalar davomida yolg‘izlatib qo‘ymasliklari lozim edi.
Qo‘llab-quvvatlovchilar guruhiga yoshi 25 dan oshmagan, bo‘yi 160 santimetrdan past bo‘lmagan qizlar qat’iy talablar asosida tanlab olingan. Qizlarning ko‘pchiligi Shimoliy Koreyadagi obro‘li oilalarning farzandlari ekanligi aytilmoqda. Bir paytlar ana shunday guruhlarda mamlakatning bo‘lajak birinchi xonimi Li Sol Chju ham boshqa mamlakatlarga borgani ko‘pchilikka ma’lum.
16 yil oldin Shimoliy Koreyadan qochib kelgan Xan Su Ji «NY Times» nashri muxbiri bilan suhbatda bir paytlar u ham ana shunday guruhda bo‘lgani, guruhga kirish istagida bo‘lgan nomzodlar bir necha qat’iy mezonlar asosida tanlab olinishi, eng avvalo tuzumga xayrixoh bo‘lishi, keyin KXDR xavfsizlik xizmati departamenti bilan doimiy hamkorligi, oilaviy «toza» bo‘lishi, hatto tashqi ko‘rinishiga ham e’tibor berilgani haqida aytadi.
Shimollik qizlar Pxyonchxanda qat’iy tartib asosida yashamoqda. Ular olimpiada o‘tayotgan ob’yektlarga yarim soatlik masofada joylashgan «Inje Speedium» avtodromi yaqinidagi kurortga joylashishgan. 30 kishilik saf orqali nonushta, tushlik va kechki ovqatga keladigan guruhlarini katta yoshli qo‘riqchi erkaklar olib yuradi. Oshxonaga xuddi bog‘cha bolalaridek ikkitalik saf orqali kirib, yana shunday holatda chiqib ketishadi.
«People» nashrining ma’lumotiga ko‘ra olimpiya shaharchasi va boshqa joylarda umuman ko‘rinish bermaydigan shimollik qizlar musobaqalarga maxsus avtobuslarda politsiya hamrohligida kelishadi. Qo‘riqchi erkaklar qizlarni bir daqiqa ham nazoratdan chetda qoldirishmaydi. Begonalar bilan gaplashishi taqiqlangan muxlisalar maxsus ruxsat orqali «salom» yoki «sizni ko‘rganimdan xursandman» so‘zlarini koreys tilida aytishlari mumkin.
KXDR muxlisalarini tribunalardan topib olish ancha oson. Ular bir xil rangdagi liboslarda boshqalardan yaqqol ajralib turishadi. Ishqibozlik qilish ham oldindan kelishilgan bir xil ko‘rinishda: Koreya yarimoroli tasviri tushirilgan bayroqlar hilpiratiladi, jo‘r ovozda hayqirishadi, qarsak chalishadi, birgalikda qo‘shiq aytib, raqsga tushishadi. Harakatlarni mas’ul o‘rgatuvchi dirijyor kabi boshqarib turadi. Ana shunday tartibli muxlisalar ko‘pchilikning tiliga tushdi, olimpiadaga kelgan ommaviy axborot vositalari ularni «Olimpiadaning asosiy yulduzlari» deb ta’riflashdi.
Xokkey, figurali uchish kabi musobaqalardagi muvaffaqiyatsiz chiqishlardan keyin KXDR yulduzlari endi short-trek ishtirokchisi Cho Un Sonni olqishlashlari mumkin. Undan so‘ng Janubiy Koreyani tark etishadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter