Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Aktyorning bir umr yiqqan pullari... yodgorlikka!

Aktyorning bir umr yiqqan pullari... yodgorlikka!

Iste’dodli va... ikkinchi darajali rollarga munosib

Mashhur aktyor Anatoliy Papanov 1922 yil 31 oktyabrda Rossiyaning Vyazma shahrida dunyoga kelgan. Uning ota-onasi san’atdan yiroq oddiy ishchilar edi. 30-yillarda Papanovlar oilasi Moskvaga ko‘chib o‘tdi. Tolyaning maktabdagi drama to‘garagiga qatnagani uni ko‘cha bolalariga qo‘shilishdan asrab qoldi. U maktabni tugatgach, zavodda degrez (metall quyuvchi) bo‘lib ishlay boshladi. Shuningdek, «Kauchuk» teatr studiyasiga qatnab, «Mosfilm»dagi ommaviy sahnalarda ishtirok etdi. Bo‘lajak aktyor birorta taniqli rejissyorning e’tiboriga tushish ilinjida edi. Bu niyati amalga oshmadi. Sababi, urush boshlangan edi...

Papanov frontga ketdi. U piyoda qo‘shinlari qismiga tushdi. Keyin urushda oyog‘idan og‘ir yaralandi. Oradan yarim yil o‘tib, nogiron holda Moskvaga qaytdi. Teatr san’ati institutiga hujjat topshirdi. Imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tib, talabalikka qabul qilindi. U yaxshi o‘qiy boshladi.

Tahsilni tugatish chog‘idagi diplom spektakli ustozlarning e’tiborini qozondi. Papanov o‘z rolini ajoyib tarzda ijro etgandi. Natijada uni biryo‘la ikkita teatr dargohi ishga taklif qildi.

Xullas, Papanovning poytaxtda ijod qilishi uchun imkoniyatlari bor edi. Darvoqe, bu vaqtda u kursdoshi Nadejda Karatayevaga uylangandi.

Biroq, iqtidori, qobiliyatiga qaramay, Papanov uzoq vaqt satira teatrida ikkinchi darajali rollarni ijro etib yurdi. Shu bois, uncha ko‘zga tashlanavermadi. Faqat «Revizor», «Karqurning uyasi», «Pari bo‘sasi» va «Do‘ndiq» spektakllaridagi ijrosidan keyingina tanqidchilar u haqda fikr bildiradigan bo‘ldilar

 «Brilliant qo‘l» va boshqalar

Papanov kinoda ham ko‘zga tez tashlanmadi. Bu toki «Tiriklar va o‘liklar» filmidagi Serpilin roligacha davom etdi. Kinochilar Papanovni yaxshi tanishmasdi ham. U Serpilin roli bilan rejissyorlarning nazariga tushdi. Papanovni filmlarga taklif qila boshlashdi. Shu zaylda u ekranda turfa fe’l-atvorga ega qahramonlarni yaratdi.

1966 yili rejissyor Eldar Ryazanovning «Avtomobildan saqlaning» kinokomediyasi ekranlarga chiqdi. Papanov ushbu filmda zargarlik do‘koni sotuvchisi Dima Semitsvetovning qaynotasi rolini ijro etdi. Uncha katta bo‘lmasa-da, bu roli aktyorga shon-shuhrat olib keldi. Birin-ketin «Brilliant qo‘l», «12 stul», «Shikoyat daftarini bering», «Omadli jentlmenlar», «Dala-hovli» filmlarida o‘ynagan rollari Papanovni yanada mashhur qilib yubordi.

Uning iste’dodidan nafaqat kinoda, balki multiplikatsiyada ham foydalandilar. Papanov ovoz bergan multqahramonlar juda ko‘p. Eng taniqlisi «Senimi, shoshmay tur»dagi Bo‘ri hisoblanadi.

Hayotining oxirgi yillarida Anatoliy Papanov kinoda deyarli suratga tushmadi. U, asosan, teatrda faoliyat yuritdi. Kinodagi so‘nggi roli Aleksandr Proshkin suratga olgan «53-yilning sovuq yozi» edi. Mazkur kinoasar Papanovning o‘limidan so‘ng ekranga chiqdi.

 Sovuq suv ostida

Aktyor oddiy hayot kechirdi. U halol, e’tiqodli odam edi. Papanovga kommunistik partiyaga kirish sharti bilan ko‘pdan-ko‘p unvonlar va’da qilishgan. U esa o‘zida jur’at topib, taklif va mukofotlardan bosh tortdi.

Papanov urush tugaganining o‘ninchi kunida uylangan edi. Xotini Nadejda Karatayeva unga Yelena ismli qizaloqni hadya etdi. Yelena ulg‘aygach, ota-onasining izidan borib, aktrisa bo‘ldi.

Anatoliy Papanov shu qadar mashhur ediki, ko‘chada tanib qolmasliklari uchun oddiy ko‘ylak va jinsi kiyardi. Velosipedda dala-hovlisiga yo‘l olardi. Nima uchunligi noma’lum-u, Papanov negadir mashhurligidan uyalardi. Bir kuni xotiniga shunday dedi:

– Nadyusha, bilsang, men judayam charchadim.

Papanov rejissyorlikka ham qo‘l urgan. 1987 yili satira teatrida o‘zining birinchi spektakli – «Oxirgilar»ni sahnalashtirdi, unda o‘zi ham rol o‘ynadi. O‘sha yili yoz oyida dam olish uchun Yaltaga borishi belgilangan edi. Papanov xotinining qarshiligiga qaramay, «53-yilning sovuq yozi» filmida ishtirok etish uchun kino suratga olinayotgan qishloqqa jo‘nab ketdi. O‘sha yerdan Rigaga uchishi kerak edi. Orada uch kun vaqt bor. U talabalariga yotoqxona olib berish uchun Moskvaga qaytdi.

5 avgust. Papanov uyda bir o‘zi edi. Xotini Nadejda Karatayeva hamkasblari bilan Riga gastroliga ketgan. Qizi esa oilasi bilan dala-hovlida edi.

Uyda issiq suv qurib qoldi. Papanov chilangarga qo‘ng‘iroq qilib so‘radi:

– Sasha, nega issiq suv yo‘q?

– O‘chirib qo‘yishgan, – javob berdi chilangar.

– Nachora, sovuq suda yuvinaman...

Yozning jaziramasida issiqlab ketgan Papanov sovuq dush tagida turdi. Ana shunda uning yuragi urishdan to‘xtadi. Papanov 65 yoshni ham to‘ldirmagandi. Tom ma’noda aytganda, 1987 yilning «sovuq yozi» edi o‘shanda.

Papanov yuragidan shikoyat qilmagan. U sovuq suvdan qo‘rqmas, hatto oktyabr oyida ham bemalol cho‘milaverardi. Papanovning jasadini yorib ko‘rgan shifokorlar infarkt alomatini topmadilar. Bu taqdir, albatta, ammo o‘shanda uyda yana kimdir bo‘lganida, ehtimol, «tez yordam»ni chaqirib, Papanovni qutqarib qolish mumkin edi.

Papanovni 1942 yili urushda yaralangan oyog‘i bezovta qilardi. «Tovonimning yarmini nemis kesib olgan», – derdi u. Umuman aytganda, Papanovni yarim nogiron desa ham bo‘lardi: oyog‘ining barmog‘i qirqib tashlangan, tovon suyagi parchalanib, organizmdan ajralib ketgandi. Papanov ana shu qirqilgan tovoni o‘rniga hamma vaqt nimadir qo‘yishga majbur bo‘lardi. Uni ekranda sog‘lom va tetik holda ko‘rgan tomoshabinlar og‘ir dardi haqida bilishmasdi.

Aktyor bir paytlar, yoshligida o‘qishga hassa bilan kelgan, oxirgi kursgacha oqsashdan xalos bo‘lishini aytib ustozlarni ishontirgandi. U oyog‘i bilan jiddiy mashq olib bordi. Keyin esa bitiruv kechasida rosa raqsga tushdi.

Papanov o‘zining nutqi ustida ishlashga ham va’da bergandi. Afsuski, qancha harakat qilmasin, natija chiqmadi. O‘qituvchilar uni nuqul koyigan bu ovozi kelgusida ramziy tarzda «Papanovning firma belgisi» bo‘lib qoldi.

 Xotini ajrashmoqchi bo‘lgan

Nadejda Karatayeva xotiralaridan:

– Onam Tolyani ilk bor ko‘rganida, «yaxshi yigit ekan-u, chiroyli emas ekan», degani esimda. U juda ozg‘in edi. Rangi o‘chgan gimnastyorkada yurardi. To‘yimiz kechasi chiroq o‘chib qoldi. Mehmonlardan kimdir buni ko‘ngilsizlikka yo‘ydi, hayot esa bu irim bo‘lmag‘o‘rligini ko‘rsatdi. Biz Anatoliy bilan baxtiyor er-xotin sifatida 43 yil birga umrguzaronlik qildik.

Birgalikdagi hayot bir tekis emasdi, albatta. Nadejda Yurevna eslashni xohlamasa-da, o‘z vaqtida eri bilan ajrashish fikri ham tug‘ilganini tan olgan. Mashhur aktyor Georgiy Vitsindan farqli o‘laroq, Papanov ichkilikka berilgan edi. Aynan shu tufayli u bir safar hushyorxonada 15 sutka yotib ham chiqqan. Onasining o‘limi aktyorni g‘am-g‘ussaga cho‘mdirib, ichkilikka duchor qilgan edi. Bu jihatdan aktyor Papanovning hayoti hamkasbi Aleksey Smirnovnikiga o‘xshab ketadi. Ha, ayrimlar shu yo‘l bilan dardlarini yengmoqchi bo‘ladilar.

Suratga olish kunlaridan biri edi. Ichib qo‘ymasligi uchun Papanov va bir aktyorni mehmonxonaga qamab qo‘yishdi. Papanov baribir chiday olmadi. U choyshabga pul bog‘lab, derazadan tashladi va «Iltimos, yordam beringlar, ikki artistga aroq kerak», deb baqirdi...

Rejissyor ular qamab qo‘yilgan xonaga kirganida ikkovlon vadavang xirgoyi qilib, quvnoq kayfiyatda o‘tirishardi.

Ikkovlon

Anatoliy Papanov va Andrey Mironov kinoda birga ko‘p o‘ynashgan. Goh qaynota-kuyov, goh hamtovoqlar, yaqin sheriklar bo‘lib ekranda namoyon bo‘lishgan. Tomoshabinlar ularni hayotda ham ajralmas do‘st, deb o‘ylashardi. Bunday emas. Papanov va Mironov bir-birlarining uyiga, hatto, mehmondorchilikka ham borishmagan. Ular ish yuzasidan hamkor edilar, xolos.

Papanov vafotining 10-kuni Andrey Mironov hayotdan ko‘z yumdi. Avgust oyida! Mironovning yoshi 46 da, Papanovniki esa 64 da edi. Raqamlarning o‘ziga xos mistik o‘yini!

Teatr Andrey Mironovni Papanov qabrining yonida dafn etishni iltimos qildi. Ammo marhum aktyorning mashhur bo‘lgani ham inobatga olinmadi. Mironovni nufuzli Novodevich kabristoniga dafn etishning iloji bo‘lmadi. Papanov qabri yoniga qaysidir vazirning xotinini ko‘mdilar.

Sudlashuv

Aktyor Anatoliy Papanov oddiy yashadi. Faqat hayotining so‘nggi yillaridagina o‘sha davr mezonlariga ko‘ra, badavlat odamga aylandi. Vafotidan so‘ng Papanovning hisob raqamida 50 ming rubl puli borligi ayon bo‘ldi. Ammo zamon alg‘ov-dalg‘ov, narx-navo osmonga sapchigan, yashash qiyinlashib qolgandi. Hisobdagi pullarning hammasi Papanovning o‘ziga yodgorlik o‘rnatishga sarflandi.

Bugungi kunda Papanovlar oilasi marhum otasining ishtirokidagi filmlar prokatidan bir chaqa ham olmaydi. Ancha yillar muqaddam TVda Papanov siymosidan foydalanib, bo‘lmag‘ur reklama lavhasini ko‘rsatishdi. Papanovning qizi Yelena Anatolevna bundan asabiylashib, marhum otasining sha’ni uchun sudga murojaat qildi va... yutqazdi. Papanovning mualliflik huquqlari kinostudiyaga tegishli ekan.

A.Fathullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring