Dezinformatsiya. Uning bolalar tarbiyasiga psixologik ta’siri

Texnologiyalar tez rivojlanib bormoqda, bolalar va o‘smirlar hayotining ajralmas qismiga aylangan internet va ijtimoiy tarmoqlar ularning bilim doirasini kengaytirish, ijodkorligini rivojlantirish va dunyoqarashini shakllantirish imkoniyatini bersa-da, ayni paytda katta xavflarni ham o‘z ichiga oladi. Ayniqsa, hali hayotiy tajribaga ega bo‘lmagan bolalar yolg‘on, noto‘g‘ri yoki manipulyativ ma’lumotlarni haqiqat sifatida qabul qilishga moyil bo‘lishadi.
So‘nggi yillarda turli «chaqiruv» (chellenge) va o‘yinlar bolalar o‘rtasida keng tarqaldi. Ulardan ba’zilari, masalan, «Blue Whale» (Ko‘k kit), «Momo challenge» yoki «TikTok»dagi xavfli vazifalarga asoslangan trendlar bolalarni o‘z joniga qasd qilishgacha olib boradigan darajada ruhiy bosim ostida qoldirgan.
Xususan, Buyuk Britaniyaning «The Guardian» nashrida chop etilgan xabarga ko‘ra, 2025-yil fevral oyida to‘rt nafar ota-ona «TikTok» platformasini sudga berdi, chunki ularning farzandlari ommalashgan «Blackout Challenge»ni bajarishga urinib, hayotdan ko‘z yumgan. Mutaxassislar ushbu chellenjni, oqibatlari yashirib ko‘rsatilgani uchun, dezinformatsiya deb ataydi. Ota-onalar «TikTok»ni ushbu xavfli kontentni tarqatishda mas’uliyatli bo‘lishga chaqirdi.
Joriy yilning yanvarida qizamiq epidemiyasiga qarshi vaksinalar haqida noto‘g‘ri ma’lumotlar, xususan, ularning xavfsiz emasligi yoki autizm kabi kasalliklarga olib kelishi haqidagi asossiz da’volar ota-onalarning emlashdan voz kechishiga sabab bo‘ldi. Oqibatda ikki bola vafot etgan. Shuningdek, qizamiq kabi oldini olish mumkin bo‘lgan kasalliklarning qayta avj olishiga olib kelgan.
Bunday dezinformatsiya kampaniyalar, yolg‘on «chaqiruv»lar yoki manipulyasiyaviy kontentlar bolalarda ruhiy tushkunlik, qo‘rquv, yolg‘izlanish hissini kuchaytiradi. Ayrim holatlarda bola o‘zini baholanmayotgandek his qilib, virtual dunyoda «diqqat markazida» bo‘lish uchun xavfli ishlarni qilishga intiladi. Bu esa tarbiya jarayonida juda jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi. Yuqorida sanab o‘tilgan tahdidlar jahonda ro‘y berishiga qaramasdan, O‘zbekiston bolalariga ham o‘z ta’sirini o‘tkazgan.
Bugun malakatimizda dezinformatsiyaga qarshi kurashish, yoshlarimiz uning qurboniga aylanmasligi uchun olib borilayotgan islohotlar yetarli emasdek. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, O‘zbekistonda yolg‘on ma’lumot tarqatganlik uchun javobgarlik belgilangan bo‘lib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2022-moddasiga ko‘ra, jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solinadi. Shuningdek, Jinoyat kodeksining 2446-moddasiga ko‘ra, jamoat tartibiga yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan, OAVda, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet tarmog‘ida tarqatish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
Hozir dezinformatsiyaning bolalar tarbiyasiga salbiy ta’sirini kamaytirish uchun O‘zbekistonda mavjud qonunchilikni yanada takomillashtirish zarurati dolzarb masalaga aylangan. Chunki amaldagi huquqiy asoslar ko‘proq jazolashga qaratilgan bo‘lib, xavfli axborot oqimining oldini olishga emas, balki oqibatlarini bartaraf etishga yo‘naltirilgan. Zamonaviy ijtimoiy media muhiti esa tezkor, ilg‘or va profilaktik (oldini oluvchi) yondashuvlarni talab qiladi.
Bu borada rivojlangan Germaniya va Kanada qonunchilik tizmidagi andozalar ko‘plab mamlakatlarga namuna bo‘lishi mumkin. Xususan, NetzDG (Netzwerkdurchsetzungsgesetz) — «Internetda provokatsiyaviy tahdidlarga va yolg‘on ma’lumotlarga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonun 2017-yili qabul qilingan bo‘lib, Germaniya hukumati tomonidan ijtimoiy tarmoqlar va onlayn platformalarda nafratga, zo‘ravonlikka, irqchilikka, kiberhujumga va boshqa zararli kontentga qarshi kurashish uchun ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, platformalar o‘z foydalanuvchilari tomonidan joylashtirilgan noqonuniy kontentni 24 soat ichida olib tashlashga doir majburiyat belgilab qo‘yilgan. Agar platformalar qonun talablariga javob bermasa, ularga katta (20 million yevrogacha) jarimalar solinishi ko‘zda tutilgan.
Kanadada «Digital Charter Implementation Act» — «Raqamli ustuvorlik to‘g‘risida»gi qonun 2020-yili qabul qilingan. Bu qonun Kanadada raqamli xavfsizlikni ta’minlash, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va foydalanuvchilarni internetda xavf-xatarlardan nazorat qilishni maqsad qiladi. Qonun davlat va shaxsiy sektorda axborot xavfsizligini mustahkamlashga yo‘naltirilgan. Shuningdek, «The Youth Protection Act» — «Yoshlar himoyasi to‘g‘risida»gi qonun bo‘lib, bolalar va o‘smirlarni internetdagi zararli kontentdan himoya qilishga yo‘naltirilgan. U, shuningdek, onlayn bulling va kiberhujumlarning oldini olishga ham mo‘ljallangan.
Germaniya va Kanada qonunlari o‘zlarining aniq va samarali tartibga solish mexanizmlari bilan nafaqat dezinformatsiya, balki internetdagi xavf-xatarlardan bolalar va o‘smirlarni himoya qilishda ham muhim rol o‘ynaydi. Bu qonunchilik tizimlari boshqa mamlakatlar uchun ham foydali tajriba bo‘lishi mumkin.
O‘zbekistonda Germaniya va Kanadadagi kabi qonunchilik mexanizmlarini joriy etish dezinformatsiya va onlayn xavf-xatarlar bilan samarali kurashishga yordam berishi mumkin. Biroq qonunlarni joriy qilishda ehtiyotkorlik bilan yondashish zarur, chunki bu internet erkinligi va shaxsiy huquqlarni cheklashga olib kelishi mumkin. Platformalar va internet kompaniyalarining javobgarligini oshirish, ularning foydalanuvchilar tomonidan tarqatilgan zararli kontentni aniqlash va tezda olib tashlashni ta’minlash, mamlakatda raqamli axborot xavfsizligini mustahkamlashda katta ahamiyatga ega. Bunday qonunlarni joriy qilishda texnologiyalarni tez rivojlanishini hisobga olish, platformalarni nazorat qilishni optimallashtirish va raqamli xavfsizlikni oshirish muhimdir.
Har qanday qonun ijrosida erkin fikr bildirish huquqini cheklamaslik, shaxsiy erkinlikni saqlash va foydalanuvchilarning huquqlarini hurmat qilish zarur. Shu bilan birga, platformalar va davlat o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, samarali va jadal monitoring tizimlarini joriy etish va xalqaro tajribalarni hisobga olish O‘zbekiston uchun raqamli xavfsizlikni ta’minlashda muvaffaqiyatga erishish imkonini yaratadi.
Nazim Bo‘ronov,
mustaqil tadqiqotchi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter