Izoh yozish «madaniyati»: nafrat o‘chog‘iga aylanib borayotgan internet yoxud ig‘voga «yem» bo‘layotgan umr

Jurnalist birovlarga yoqish uchun ishlamaydi
Ancha yillar oldin, aniqrog‘i, mahalliy televideniyeda ishlab yurgan paytlarim Namanganga qatnovchi avtobusda bir ayol bilan yonma-yon ketganman. Ayol jurnalist ekanligimni bilgach, meni suhbatga tortdi. O‘zini Andijon televideniyesi muxlisi ekanligini aytib, ishimiz va boshlovchilarimiz haqida savollar bera boshladi. Men boshlovchi emasdim, biroq mualliflik ko‘rsatuvlarimni o‘zim olib borardim. Ekranda hayotdagidan boshqacharoq ko‘rinadi odam. Balki, shu bois hamrohim meni tanimagandir. Ayol o‘zimni o‘zimga yomonlay ketdi. «Shu qizni juda yomon ko‘raman, sun’iy, shundan boshqa diktorlar yo‘qmi, nima balo? Sap-sariq, sepkilini berkitish uchun yuziga rosa chaplaydi va hokazo... Yo‘qotinglar shu qizni, deb xat yozmoqchi bo‘pturuvdim!», deydi...
Namanganga yetguncha gaplashib ketdik. Yetay deganimizda, o‘sha «sariq» qiz ekanligimni oshkor qildim. Ayol rosa hijolat bo‘lib ketdi, «hayotda rostdan ham boshqacha ekansiz, sizni bunaqa tasavvur qilmagandim» – deya, uzr so‘radi. Men esa, «hijolat bo‘lmang, aslida siz meni yoqtirishga majbur emassiz», – dedim.
Haq edim va hozir ham shu fikrdaman. Hammaga yoqishga majbur emasmiz. Nafaqat o‘zimiz, hatto tayyorlaydigan materiallarimiz – ko‘rsatuvlar, yozadigan maqolalarimiz haqida ham hamma ijobiy fikrda bo‘lishi shart emas. Fikrlar xilma-xilligi muhim, jamiyat shu bilan qiziq, faqat nafrat va adovatlarimizni jilovlay bilishimiz va o‘z fikrlarimizni madaniyat bilan ifodalashni o‘rganishimiz lozim.
Jurnalist birovlarga yoqish uchun ishlamaydi. Boshlovchilikka ham, shoirligu nosirlikka ham da’voim yo‘q. Ammo, men jurnalistman, buni hech kim o‘zgartirolmaydi. Maza-bemaza kontentlar, saviyasiz videolar emas, insonlarga nafi tegadigan, jamiyatga foyda keltiradigan sifatli mediamahsulot tayyorlaydigan, zo‘r maqolalar yozadigan fidoyi hamkasblarim juda ko‘p.
Biroq, negadir kishiga sirtdan baho berishga va qiyofasini muhokama qilishga o‘rganib qolganmiz.
G‘iybatga aylanib ketayotgan izohlar
Inson keksayganda nimani orzu qiladi? Farzandlari, nabiralari e’zozida keksalik gashtini surishnimi? Yoxud o‘g‘il uylab, qiz chiqarishdek shirin tashvishlardan qutulib, qolgan umrini toat-ibodatda o‘tkazishnimi? Balki, o‘zi uchun yashash, sayohat qilishni orzu qilar? Yana bir katta orzusi bu – Haj va Umra ziyorati bo‘lsa kerak.
70 yoshdan oshgan qishloqlik bir onaxon umraga borishni orzu qilib, velosipedda yo‘lga tushibdi. Onaxonning mahramlari – eri, o‘g‘illari, aka-ukalari bor-yo‘qligini bilmayman. Onaxonning yo‘l-yo‘lakay ketayotgan paytida olingan kichik bir videosini kanalimga joyladim. Havas qilib, yo‘llari bexataru ziyoratlari qabul bo‘lishini tilab, izoh yozganlar ko‘p bo‘ldi. Ammo, o‘ylab-o‘ylamay, befarosatlarcha, o‘zidan-o‘zi hukm chiqarib yozganlar ham o‘shancha...
«Bu xola instagramni ham bilarkan axmoqni katta kichigi bo‘lmaydi uyingda o‘tirib ibodat qilsang ham bo‘laveradi»
«Aqli past desamam bo‘ladi, nima bu ahvol, kap-katta ayol befarosat qayerga boradi. Qani buning farzandlari, avlodlari...»
«Bu umraga safar emas, bu biznes umra bahona pul to‘plash hech qayerga bora olmaydi. Pul yig‘ib, o‘ziga mahram topib qaytadi».
Barcha izohlar shu qadar xato bilan yozilgan ediki, «avval o‘zlaring xatosiz yozishni o‘rganib olinglar», deydigan odam yo‘q.
Onasi tengi ayol ana shunday malomatlarga qolib ketdi. «Tuzukroq duo qilishniyam bilmas ekan», deydiganlar ham topildi. Qaydan ham bilsin? Asosiy umri sovet davriga to‘g‘ri kelgan bu avlodni. Balki, onaxon bu ishi noto‘g‘riligini bilmas, tushunmas. Ammo, keksa ayolni malomat qilayotgan odamlar – hukm chiqarish bandasiga emasligini bilmaydilarmi?
Bir ojizani bilib-bilmay qilgan amali orqasidan haqoratli so‘zlar yozish uchun odam qanchalar toshbag‘ir bo‘lishi kerak. Axir, bu gaplarni u baribir eshitmaydi, yozilgan izohlarni o‘qimaydi. Demak, bu – g‘iybat. Nahotki, negativ yozayotgan «aqllilar» g‘iybat – gunoh ekanligini bilishmasa...
«Video qilib chiqarmaganing – mayit qoluvdi»
O‘tgan yili Youtube dagi kanalimga bir film joylagandim.
Film mayitni so‘nggi yo‘lga kuzatishda bajariladigan amallar haqida. Otinoyining vazifasi, g‘assolning mehnati hayotiy saboqlar va go‘zal suhbat bilan ochib berilgan.
O‘tgan vaqt davomida videoni ikki milliondan oshiq foydalanuvchi ko‘rdi, izohlar va yoqtirishlar ko‘p bo‘ldi. Shuningdek, negativlar, mavzu bir yoqda qolib mening ro‘mol o‘ramay qalpoq kiyganimni muhokama qiluvchilar ham.
Film mazmuni, mavzuning yoritilishi qolib, videoga emas, shaxsimga taalluqli bo‘lgan izohlar ham yozildi, mavzudan saboq chiqarish o‘rniga tirnoq ostidan kir qidirildi. «Video qilib chiqarmaganing – shu o‘lik qoluvdi», deb malomat qilishdi.
Nachora! Ammo, o‘lim haq. U har bir insonning boshida bor. Tug‘ilibmizki, o‘lim sari bir qadam tashlaymiz. Demakki, oxiratga tayyorgarligimiz bo‘lishi kerak. Qur’oni Karimda yozilganidek, «Har bir jon o‘limni totguvchidir» (Anbiyo surasi, 35-oyat).
Qaysi musulmon odam o‘lgan yaqinining yuvish jarayoni yoki kafanlanish jarayonini tasvirga olishga ruxsat beradi? Biz mayit o‘rniga manekendan foydalanganmiz, baraka topgurlar, bu odam emasligi ko‘rinib turibdi-ku.
Tasvirga olish jarayonida ro‘mol o‘rniga qalpoq kiyganim – janozani behurmat qilganimni anglatmaydi. Bu – haqiqiy janoza emas, bor-yo‘g‘i sahnalashtirilgan jarayon, ijodiy ishimning bir qismi xolos. Qolaversa, mavzu – mening kiyinish uslubim haqida emas.
Maqsadimiz – g‘assollik, janozadagi amallar haqida ma’lumot berish va har bir musulmon ayol bilishi lozim bo‘lgan vazifalarni o‘rgatish edi.
«Ketmoni uchayotgan» blogerlik
Bugun Internet olami nafrat va adovat tiliga to‘lib yotibdi. Dindorlar – din borasida bilimsizlarga, dunyoviylik tarafdorlari – taqvodorlarga, o‘ranmaganlar – hijoblilarga, ro‘mollilar – boshi ochiqlarga tosh otish bilan mashg‘ul.
Millat ikki, uch guruhga bo‘linib olgandek, go‘yo. Xalq birlashmas ekan, yurt taraqqiyoti haqida gap bo‘lishiyam mumkin emas. Fikrlar xilma-xilligi yaxshi, ammo bu toqatsizlikni keltirib chiqarmasligi kerak. Biz o‘zgalar fikrini hurmat qilishni bilmaymiz. Bir fikr bildirsam, bu – «albatta haqman!» deganim emas. Biroq, bu mening shaxsiy fikrim, dunyoqarashim in’ikosi, huquqim, erkinligim. Siz meni yoqtirishga majbur emassiz, ammo fikrimni hurmat qilishga majbursiz. Izohlarda xohlagancha fikr bildiring, biroq bu shaxsiy adovat va haqoratga aylanib ketmasligi kerak.
Avvallari, biron bir xabar, yangilik avval tekshirilib (hech bo‘lmasa 2 ta manba tasdiqlashi shart!), to‘g‘ri yo noto‘g‘riligi tasdiqlanib, keyin tarqatilgan. Hozir ma’lumot to‘g‘rimi, rostmi-yolg‘onmi, farqi yo‘q. Muhimi – tezkorlik. Kanallar ko‘p, saytlar ko‘p, kim yangilikni birinchi tarqatsa, yutuq o‘shaniki. Ijtimoiy tarmoqda sahifa yo kanal ochgan ayrim professional jurnalistlar ham blogerlikka qo‘l urgach, ayniyaptilar. Hozir jurnalistika bilan blogerlik aralashib ketganday, go‘yo. Hech kim nafrat tili, jurnalist etikasiga rioya etmay qo‘ygan. Chunk blogerlik stilida yozilgan postlar sevib o‘qiladi, hatto g‘ij-g‘ij xato bilan yozilsa ham. Deylik, qaysidir mashhur inson ijtimoiy tarmoqlarda trendga chiqdi. Barcha kanallar shu haqdagi xabar yoki videoni joylaydi. Deyarli barcha kanallar. Faqat yoritish uslubi turlicha. Qaysidir blogerga o‘sha inson yoqmasa, o‘zi xohlagancha matn yozib, post qo‘yishi mumkin. Shu yerda adovat yoki hasad professionallikdan ustun keladi. Ayol bo‘lsa fohishaga, erkak bo‘lsa o‘g‘ri-muttahamga chiqarib post qo‘yadigan anonim kanallar ham bor. Eng qizig‘i, bunaqa postlar minglab layk va izohlar yig‘adi. Shu bois, jurnalistlarning ayrimlari etikaga tupurib, «blogerlashyapti». Postlardagi nafrat tili va izohlardagi befarosatlikka chidashning iloji yo‘q. Mana sizga zamonaviy jurnalistika.
«Hikmat izlaganga – hikmatdir dunyo!»
Olimlarning hisoblashlaricha, sutkadagi avvalgi 24 soat hozirgi 16 soatga to‘g‘ri kelmoqda ekan. Ish ko‘p, vaqt kam, hech narsaga ulgura olmaymiz. Hamma narsa tezlashib boryapti. Mulohaza yuritish, fikr bildirish, hatto xulosa chiqarish ham. Hamma shoshilgan. Birov haqida bilib-bilmay izoh yozishga ham usta bo‘lib ketdik, hukm chiqarish esa pista chaqishday oson bo‘pqoldi. Ammo, bilmaymizki, ertaga bu fikrimiz o‘zgarib qolishi mumkin.
Har kim boshqalarning aybini axtarib, jamoatchilik oldida mag‘zava ag‘darguncha, o‘zi uchun javob bersa, o‘zini isloh qilish bilan shug‘ullansa, shirin til bilan bo‘lsa ham yaxshilik qilsa, ulug‘ ish bo‘lar edi.
Aslida, bu maydon ezgulikka xizmat qilishi kerak, kishilar o‘rtasida nizoni kuchaytirish, fitna chiqarish uchun emas.
Yana 100 yildan keyin yer yuzida hayot bo‘ladimi-yo‘qmi, hech kim bilmaydi. Biz esa hamon bir-birimizni malomat va ig‘vo qilish bilan bandmiz.
Muazzam SOBIRJON qizi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter