Mukbang – ovqat targ‘ibotimi, «ochopatlik shousi» yoxud ovqatxo‘rlik qurbonlari

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda bir hamyurtimizning oldiga katta tovoqda ovqat qo‘yib ishtaha bilan tanovvul qilayotgan videosi rosa aylandi.
Videoni ko‘rgan borki, ayolning bu qadar ko‘p ovqatni yeyishi sog‘lig‘iga zararligi va naqadar xunuk holatligi tanqid qilindi. Hatto bu ayol shunday ovqat yeyishni to‘xtatmasa semirib ketishi mumkinligidan tashvishlanganlar ham bo‘ldi.
Lekin boshqa mamlakatlarda kamera oldida bunday ovqatlanish allaqachon urfga kirgan va ular mukbangerlar deyiladi. Agar «mukbang» so‘zini YouTubedan izlaydigan bo‘lsangiz kamera oldida juda katta hajmdagi ovqatlarni ishtaha bilan paqqos tushirayotgan odamlarni ko‘rasiz. Ha-ha xuddi shunday ularning ko‘pchiligi nihoyatda semirib ketgan. Savol tug‘iladi, ovqatni yaxshi ko‘radigan odamlar mukbang bo‘ladimi yoki ular har kuni video olish jarayonida semizlikni orttiradimi? Ikkinchi javob aniqroq, chunki ilk marta kamera oldida ovqat yeb obunachi yiqqan mukbangerlar dastlab ozg‘in bo‘ladi.
Birinchi mukbanglar 2009-yilda Janubiy Koreyada paydo bo‘lgan, keyinchalik tiktoker (mukbang malikasi)Trisha Pates buni o‘z shoularining muntazam qismiga aylantirdi va tez orada bu tendensiya Amerikani qamrab oldi. Birinchi reaksiya juda hayratlanarli edi. Qanday qilib birovning oddiy ovqatlanishini tomosha qilish juda qiziqarli bo‘lib tuyulishi mumkin? Mukbanglar ovqatni chapillatib, xo‘rillatib, katta-katta tishlab ishtaha bilan yeydi va aynan uning shu «jozibasi» boshqalarni sehrlaydi. Sharq madaniyatida ovqat qo‘l yoki tayoqchalarda yeyiladi, aniqsa Xitoy va Koreya kabi mamlakatlarda ovqatlanishning zavq-shavqini ko‘rsatib, turli xil tovushlarni chiqarib yeyish taqiqlanmagan. Ammo o‘zbek madaniyatida dasturxon boshida ovqatni chapillatmasdan yeyish, choyni xo‘rillatmasdan ichish kerak. Shu boisdan bo‘lsa kerak, ijtimoiy tarmoqlarda ovqatni ishtaha bilan paqqos tushirayotgan ayolga ko‘pchilik e’tiroz bildirdi. Ammo siz e’tiroz bildirasizmi yo‘qmi, mukbanglik bizga ham kirib kelayotgani tashvishlanarli hol. Sababi butun dunyoda vazn ortish, semizlik kasalligi avj olayotgan bir paytda mukbangerlar ana shu nosog‘lom ovqatlanishni targ‘ib qilish orqali og‘ir vaznlilar safini kengaytirmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, 1990-yildan beri kattalar orasida ortiqcha vazn ko‘rsatkichlari ikki baravardan ko‘proq, o‘smirlar orasida esa to‘rt baravar ko‘paygan.
Nima uchun ovqatni to‘kib-sochib, ochko‘zlarcha yeydigan mukbangerlarni kuzatuvchilar ko‘p degan savolga psixolog Svetlana Bronnikovaning fikrlaridan javob topasiz: barqaror psixikaga ega va ovqatlanish bilan bog‘liq muammo bo‘lmagan odam boshqalarning ortiqcha ovqatlanishini tomosha qilishdan zavqlanmaydi, ammo oziq-ovqat bilan ziddiyatli munosabatda bo‘lgan odamlar bunday video kontentga ehtiyoj sezadilar. Agar siz mashhur mukbang akkauntlaridagi tomoshabinlarning sharhlarini tahlil qilsangiz, ularni hozirda diyetada o‘tirgan va oziq-ovqat bilan cheklaydiganlar qanchalik tez-tez ko‘rishlarini kuzatish mumkin. Ularning ta’kidlashicha, mukbanglarni tomosha qilish ovqatlanish jarayonini virtual bo‘lsa-da to‘liq his qilishiga va ovqatlanishdan bosh tortishiga yordam beradi. Buning ajablanarli joyi yo‘q – mukbanglar oziq-ovqat bilan bog‘liq kuchli, bo‘rttirilgan vizual va eshitish stimulyasiyasiga ega, shuning uchun miya «hiyla» bilan shug‘ullanadi va to‘yinganlik signallarini yuboradi. Ushbu ta’sirni tavsiflash uchun hatto atama ham ishlab chiqilgan: vikariy to‘yinganlik. Shakar o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni iste’mol qilganimizda tanamizda shunga o‘xshash narsa sodir bo‘ladi: miya shirin ta’mga ta’sir qiladi va tanadan energiyaga boy oziq-ovqat olishni kutadi, ammo bu sodir bo‘lmaydi. Afsuski bunday «hiyla» sog‘liqda o‘z izini qoldiradi. Shakar o‘rnini bosuvchi moddalardan foydalanish insulinning keskin ko‘tarilishiga olib kelishi mumkinligini tasdiqlovchi tadqiqotlar allaqachon mavjud va mukbanglarni tomosha qilish pirovardida ortiqcha ovqatlanishni kuchaytiradi va ovqatlanish buzilishining rivojlanishiga hissa qo‘shadi.
Xavf guruhiga, birinchi navbatda, oziq-ovqat stimullariga nisbatan sezgirligi yuqori bo‘lgan odamlar kiradi – ular «tashqi iste’molchilar» deb ataladi.
Bunday odamlar ishtahani ochadigan ovqat borligida yoki boshqalarning ovqatlanayotganini ko‘rganlarida nazoratni yo‘qotishga moyildirlar va ular ko‘pincha ijtimoiy vaziyatlarda: ziyofatlarda va mehmondorchilikda yoki ovqat ayniqsa jozibali ko‘rinadigan joylarda ortiqcha ovqat yeyishadi. Mukbanglar tom ma’noda oziq-ovqat almashishning ijtimoiy jihatini va oziq-ovqatning haddan tashqari jozibadorligini namoyish qiladilar.
Mukbangerlar nafaqat ovqatlanib, balki real hayotda va virtual bulling bo‘lish orqali stressga tushadi va bu ham ularning ko‘p ovqat yeyishiga, semirishiga sabab bo‘ladi. Chunki mukbangerlarning videolariga yozilgan sharhlarning ko‘pchiligi tanqid va mazaxdan iborat. Unda nima uchun ular bunday kontent oladi, nima zaril deyishingiz mumkin. Albatta moddiy manfaatdorlik ularni sog‘liqni boy berishga, haqoratlarni eshitishga majbur qilmoqda. Masalan, 2021-yilda mukbang blogeri Betani Gaskin kamerada ovqatlanayotgan videolari unga yillik 1,3 million dollar daromad keltirganini ma’lum qildi. Nikokado avokado nomi bilan tanilgan mukbang blogeri Nikolas Perri esa 3,8 million dollar boylikka ega. Odamlar ham ularni tomosha qiladi, ham ishtahasini ikki karra ochadi, ham ularga istagancha o‘zlarining haqoratli so‘zlarini yog‘diradi. Qizig‘i ularning obunachilari uch tomonlama: ulardan nafratlanib qoldirmay kuzatib boruvchilar, diyetadagilar va ishtahasi karnaylar.
Nikokado Avokado o‘z karerasini 2016-yilda nozik va energiyaga to‘la bo‘lgan paytda boshlagan. O‘shandan beri bloger vazni 72 kilogrammdan 158 kilogrammgacha oshirgan, keyin esa yana ozgan. Bugungi kunda yutuber avvalgiday ovqatlanmasada ko‘rishning xiralashishi, qorin og‘rig‘i, disfunksiya va diareyadan shikoyat qiladi.
Vaqt o‘tishi bilan kontent yaratuvchilar tobora ko‘proq oziq-ovqat iste’mol qila boshlaydilar, kaloriyalar sonini rekord darajaga ko‘paytiradilar va eng g‘alati taomlarni tatib ko‘rishadi. Shu sababli, mukbang videolari yolg‘iz ovqatlanish paytida g‘amgin bo‘lganlar uchun zararsiz videolardan xavfli tendensiyaga aylandi.
So‘nggi paytlarda internet foydalanuvchilari ko‘proq mukbanglarni taqiqlashni talab qilmoqdalar. Sababi ayon, mukbangerlar nosog‘lom ovqatlanishni targ‘ib qilmoqdalar, hatto kamera qarshisida 10 soatlab to‘xtovsiz ovqat yeb vafot etganlari ham bor.
2023-yil yanvar oyida 33 yoshli Waffler69 nomi bilan tanilgan amerikalik bloger Teylor Kleydorm mukbangga bo‘lgan ishtiyoqi tufayli vafot etdi. O‘z videolarida u ko‘pincha muddati o‘tgan mahsulotlardan ovqat pishirib o‘z hayotini xavf ostiga qo‘ygan.
To‘satdan Kleydorm o‘zini yomon his qila boshladi va tez yordam chaqirishdan oldin onasiga qo‘ng‘iroq qildi. Kasalxonada shifokorlar blogerni qutqara olishmadi. Uning o‘limining taxminiy sababi yurak xuruji bo‘lgan.
Mukbangning yana bir qurboni xitoylik 24 yoshli bloger Pan Syaoting edi. Ovqat yeyish paytida qizning oshqozoni yorilib ketdi. Ya’ni bloger 10 soat davomida o‘n kilogrammga yaqin oziq-ovqat, jumladan tovuq qanotlari, dengiz mahsulotlari va shokoladli tortni iste’mol qildi. Minglab tomoshabinlar tomonidan tomosha qilingan translyasiya tugashi bilan u hushini yo‘qotdi. Yetib kelgan shifokorlar uni qutqara olmagan. Hisobotda aytilishicha, oziq-ovqatning haddan tashqari ko‘p iste’mol qilinishi oshqozon devorlari yorilishi va oziq-ovqat qoldiqlarining qorin bo‘shlig‘iga oqib chiqishiga sabab bo‘lgan.
Oxirgi translyasiyasi oldidan Syaotingning ota-onasi va muxlislari bu chiqishi yomon yakunlanishi mumkinligidan ogohlantirgan, chunki u allaqachon sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolardan shikoyat qilgan edi. Bloger ko‘pincha o‘z oldiga ekstremal maqsadlar qo‘yadi va bir o‘tirishda iste’mol qilinadigan oziq-ovqat miqdorini doimiy ravishda oshirgan.
Oxirgi chiqishidan biroz oldin, u oshqozon-ichakdan qon ketishi bilan kasalxonaga yotqizilgan, ammo kasalxonadan chiqqandan ikki kun o‘tiboq mukbangni davom ettirdi. «Shina Times» gazetasining yozishicha, uning mukbangga bo‘lgan ishtiyoqi natijasida vazni 120 kilogrammga yetgan. Blogerning o‘limidan so‘ng internet foydalanuvchilari uni ochko‘zlik qurboni deb atashdi: «Umid qilamanki, u o‘sha paytda og‘riqni his qilmagan», «bu aqldan ozgan», «men uning oshqozonida nima bo‘layotganini his qilmagani va to‘xtamaganidan dahshatga tushdim».
Shu yilning mart oyida vafot etgan turkiyalik mukbanger Efekan Kultur ham 24 yoshida vafot etdi, uning vazni ham allaqachon 120 kilodan oshib ketgan edi. «Turkiye Today» nashrining xabariga ko‘ra, Kultur semizlik tufayli sog‘lig‘ida muammolar bo‘lgani uchun 2024-yil oktyabr oyidan buyon shifoxonada davolanayotgan edi.
Oxirgi marta tiktokkka joylagan videosida katta tovoqdagi, tuzlangan tok barglarini yeyotgani aks etgan video bo‘lgan. U 11 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan yoshlar orasida ekstremal ovqatlar yeyishi bilan mashhur edi. Shundan so‘ng Turkiya hukumati va sog‘liqni saqlash mutaxassislari boshqalarni bunday videolar oshqozon-ichak kasalliklari, metabolik sindrom, semirish va yurak-qon tomir kasalliklari kabi jiddiy asoratlardan ogohlantirishmoqda va yoshlarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini taqiqlovchi huquqiy hujjatlar qabul qilishga harakat qilishmoqda. Shifokori Zak Uddinning «Dail Mail» nashriga bergan intervyusida oziq-ovqatni nazoratsiz iste’mol qilish oshqozon va qizilo‘ngachga bosim o‘tkazadi, bu esa mukbang blogerlarining kasal bo‘lishiga olib kelishi, ular qusish bilan bo‘g‘ilib, o‘pkalariga havo yetmay qolishi mumkin. Parhezshunoslarning ta’kidlashicha, ko‘p miqdorda oziq-ovqat iste’mol qilganda, ovqat chaynash yoki ovqat hazm qilish fermentlari bilan aralashmasligini tushuntirdi, bu yallig‘lanish reaksiyasi xavfini yaratadi. Natijada qon tomirlari va boshqa organlar siqilib, ovqatni parchalash uchun ko‘proq ishlashga majbur bo‘ladi. Biror kishi ortiqcha ovqatlansa, yallig‘lanish reaksiyasi paydo bo‘ladi.
Tulan universitetining semizlik bo‘yicha mutaxassisi doktor Shon Levi semizlik muammosi mukbang tarqalishi bilan yomonlashayotganini ta’kidlaydi: «O‘ylaymanki, mukbang va yog‘ miqdori yuqori bo‘lgan qayta ishlangan taomlarni iste’mol qilish qon bosimi va xolesterin darajasini oshiradi, sog‘liq uchun yomon oqibatlarga olib keladi» shuningdek u o‘yin-kulgi uchun ovqatdan foydalanishni, ovqat yeyishni o‘yin-kulgiga aylantirishni jirkanchlik deb atadi. Mutaxassisning fikricha, mukbang tomoshabinlarga zarar yetkazadi,bunday videolar, ayniqsa, semiz odamlarda tashvish va tushkunlik tuyg‘ularini yomonlashtirishi mumkin.
Umuman olganda YouTube va TikTok platformalarida ovqat, ya’ni ochko‘zlik shousi bilan bog‘liq videolarni yuzlab uchratishingiz mumkin. Va afsuski ularning fanatlari, tomoshabinlari, birovning ovqat yeyishidan zavqlanuvchilari undan ham ko‘p. Mutaxassislarning tili bilan aytganda bu ovqatlanish jarayonlari «yalang‘ochlik», sharmandagarchilikdan boshqa narsa emas. Xalq ijodiga nazar solsak bu haqda shunday deyiladi: «Nafsi buzuq hayitda o‘lar», bugungi kun, zamonaviy tilda aytsak: bu nafsi buzuqlar to‘xtamasa «ochko‘zlik shousida o‘lar»...
Barno Sultonova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter