Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Olimxon qismatidagi suiqasdlar

Olimxon qismatidagi suiqasdlar

Negadir halqa ichida zikr tushayotgan zokirlardan biri o‘zini boshqacha tuta boshladi. Bu paytda hamma Pir Shayx Nosir boshchiligida zikrga mashg‘ul bo‘lib, Allohga iltijo qilish bilan band edi. Ayniqsa, Olimxon astoydil iltijo qilib, shayx ortidan zokirlar hamrohligida halqani aylanayotgandi. Kutilmaganda boshqacha harakat qilayotgan boyagi kimsa uzun yengidan pichoq olib, Olimxonning orqasiga sanchdi. U ikkinchi bor urishga ulgurmadi, shu zahoti ushlandi...

Qo‘qon xoni Olimxonga (1798-1810 yillarda hukmdorlik qilgan) yetkazilgan jarohat yengil va xavfsiz ekan, ozgina davolangach, pichoqning o‘rni deyarli qolmadi. Yolg‘ondakam zikr tushib, suiqasd uyushtirgan kimsa esa qatl etildi. Suiqasd ijrochisi xonning o‘rnini egallamoqchi bo‘lgan taxt vorislari tomonidan yollangan edi.

1798 yilda otasi Norbo‘tabiyning vafotidan so‘ng Qo‘qon xonligi taxtiga chiqqan Olimxon hayotida shu taxlit suiqasdlar bo‘lib turgan. U hukmronligidagi davlat mavqeini yuksaltirib, yurtda tinchlik va barqarorlik o‘rnatdi.

Tabiatan muloyimu o‘ta taqvodor Olimxon vaqtini ulamolar o‘rtasida dinu davlat qudrati borasidagi bahs-munozaralar bilan o‘tkazar, ayni paytda xonlikning harbiy qudratini ham oshirgan edi. U o‘z atrofiga sadoqatli amaldorlarni to‘plab, doimiy ravishda kengash o‘tkazib turardi.

Bu paytga kelib, Qo‘qon xonligi bir necha mustaqil beklikka bo‘linib ketish asnosida turar, Olimxon ularni yagona Qo‘qon xonligiga birlashtirishni qat’iy maqsad qilib qo‘ygan edi.

Xo‘jand, Badaxshon, Qorategin, Ko‘lob, Hisordagi ayrim urug‘lar tinmay urush olib borardi. Ularning oqsoqollari bilan ba’zida muzokara, ba’zida urush yo‘li orqali davlatning parchalanib ketishiga yo‘l qo‘yilmasdi.

Bir kuni xonning josuslari Toshkent viloyati voliysi Yunusxo‘janing qo‘shin to‘plab, Qo‘qonga hujum qilish uchun Choduk yo‘li orqali G‘aramsaroyga kelib o‘rnashgani haqida xabar qiladilar. XVIII asrning oxirlaridan boshlab mustaqil bo‘lib olgan va Shayx Havand Tohur (hozirda Shayxotovur nomi bilan mashhur, XIV asrning ko‘zga ko‘ringan din peshvolari) avlodlaridan bo‘lgan Yunsuxo‘ja boshchiligidagi Toshkent viloyatining Qo‘qon xonligidan ajralib chiqishi davlatning parchalanishini boshlab bergan edi. Boz ustiga endi Yunusxonning Qo‘qonga hujum boshlayotgani boshqa beklarning ham ajralib chiqishini keltirib chiqarishi mumkin edi. Shunday vaziyatda Olimxon qo‘shinining Yunusxon  ustidan g‘olib chiqishi Qo‘qon xonligi tarixida muhim  voqea bo‘ldi. Zero, 1809 yildan yana Toshkentning avvalgidek Qo‘qon xonligiga kirishi natijasida davlatning parchalanib ketishining oldi olindi.

Oradan vaqt o‘tib, Olimxon Sayram, Chimkent, Yassi va Avliyootada ham harbiy yurishlar olib borib, davlatning chegarasini yanada kengaytirdi.

Garchi Olimxon Qo‘qon davlati mavqeini yuksaltirib, xonlikni parchalanib ketishdan saqlab qolayotgan bo‘lsa-da, atrofidagi amaldorlar orasida o‘ziga qarshi guruhbozlik shakllanayotganini sezmadi. Bir gal, 1809 yilning kuzida Olimxon Toshkentni egallab, To‘ytepa va Niyozbekka o‘z tarafidan bek va askarlar qo‘yib, Qo‘qonga qaytgan zahoti ular talonchilikni boshlab yubordilar. Bek va askarlar toshkentliklarning butun boyligini talab, shaharni qamal holatida saqlab turdilar. Natijada g‘alla topilmay, qimmatchilik qahatchilikka aylandi, odamlar ochlikdan ko‘cha-ko‘yda yotib jon berdi. Ular, hattoki, kushxonadagi qo‘ylarning qoni uchun ham talashgan edi. Xalq bu fojiani hukmdor bilan bog‘lab, Olimxonni «Zolimxon» deb ataydigan bo‘ldi.

Garchi Olimxon kelib, bek va sarkardalarga jazo bersa-da, guruhbozlik to‘xtamadi. Hatto, Irisqulibek va Mo‘minbek ismli sarkardalar Olimxonning ukasi Umarxonning huzuriga borib, «akangiz qo‘shini bilan Dashti Qipchoqda, askarlar orasida sarosimalik boshlangan, shu bois davlatni o‘zingiz qo‘lingizga olsangiz», deb taklif qilishadi.

Josuslar bu haqdagi xabarni Olimxonga yetkazishadi. Xon hukmronligini qo‘ldan chiqarmaslik uchun tezda Qo‘qonga qarab yo‘lga chiqadi. Avval Dashti Qipchoqdan Chimkent, Sayram orqali Toshkentga, u yerdan To‘ytepaga o‘tadi. Bu orada qo‘shin ichida Olimxondan norozi guruhboz amaldorlarning «xondan davlat qaytgan, Qo‘qonga borganida uni taxtdan tushiradilar, askarlariga ham jazo beradilar» degan mish-mishi tarqaladi.

Bunday gap-so‘zlar ta’sir qilib, 2000 askar qo‘shindan ajralib ketadi. Oz sonli lashkar, boz ustiga, butun davlatda tarqalgan mish-mishdan keyin ba’zi beklar ham Olimxonga itoat etmay qo‘yadi. Hatto, Kayrovchi tumani hokimi Olimxonni tumanga kiritmaydi. Qo‘qonga borsa, taxtni topshirajagi aniq bo‘lib qolgan xon Xo‘jandga yo‘l olib, qo‘shin to‘plash va u yerdan guruhboz amaldorlarga qarshi yurish qilishni ma’qul ko‘radi, ammo...

Olimxon sadoqatli navkarlari bilan Sirdaryodan, so‘ng Chorbog‘devona nomli mavzedan o‘tayotganida, guruhboz amaldorlar yollagan suiqasdchi daraxt panasidan otgan o‘q kelib tegadi. Shu tarzda Olimxonning umriga yakun yasadi.

Olimxon birinchi bor zikr tushayotgan paytda suiqasddan omon qolgan edi. Qarangki, uning taqdiriga baribir suiqasdlar qurboni bo‘lish yozilgan ekan. Shu tarzda xonning 12 yillik hukmronligi yakun topdi.

Qo‘qon xonligini parchalanib ketish xavfidan asrab qolgan Olimxon islomiy e’tiqodli hukmdor sifatida moziydan joy oldi.

Umid Bekmuhammad,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring