Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Olotdagi «shilqimlik voqeasi»: tuman hokimligi binosida nima bo‘lgandi?

Olotdagi «shilqimlik voqeasi»: tuman hokimligi binosida nima bo‘lgandi?

Ijtimoiy tarmoqlarda «Olot tumani hokim o‘rinbosaridan shilqimlik: «Sizni quchoqlayman, ko‘zingizni yuming...» sarlavhasi ostidagi xabar muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Xo‘sh, aslida, hokim o‘rinbosari shilqimlik qilganmi? O‘zini «jurnalist» deb tanishtirgan ayol haqiqatan jurnalistmi yoxud...

Muhokamalarga sabab bo‘lgan holatga oydinlik kiritish maqsadida «Xabar.uz» muxbiri taraflar bilan suhbatda bo‘ldi.

Bir necha yildan buyon Buxoroda xususiy nashr – «Buxoro adabiyoti va san’ati» gazetasi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Bugungi kunda ko‘pchilik bosma nashrlarning iqtisodiy tang ahvolda ekani barchamizga ma’lum. «Buxoro adabiyoti va san’ati» gazetasini ham shunday nashrlar sirasiga kiritish mumkin.

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 2 may kuni ushbu gazeta bosh muharriri Shavkat Nosirovning topshirig‘i bilan tahririyat xodimi bo‘lgan ayol (o‘z ismi-sharifini ochiqlanishini istamadi) Olot tumanida bo‘lgan.

«Men xizmat safari bilan Olot tumaniga bordim. Bosh muharrir topshirig‘iga ko‘ra, tumandagi beshta tashkilotning ish faoliyatini o‘rganib qaytishim kerak edi. Men tuman hokimligida bo‘lib, xotin-qizlar masalasi bo‘yicha hokim o‘rinbosari bilan gaplashdim. Shundan so‘ng u qurilish ishlari bo‘yicha hokim o‘rinbosari Ma’ruf Atakov bilan tanishtirishdi», – dedi N.N.(shartli)

Ma’lum bo‘lishicha, o‘rinbosar o‘zini «jurnalist» deb tanishtirgan ayolning qurilish ob’yektlarini o‘rganishi uchun unga tuman hokimligi xodimlaridan birini biriktirib bergan. Va N.N. ma’lumot to‘plash uchun o‘zi istagan ob’yektlarda bo‘lgan. Bir nechta ob’yektlarda bo‘lgach, N.N. yana tuman hokimligi binosiga qaytgan va hokim o‘rinbosari xonasiga kirgan.

«Menga uy va kompyuter taklif qildi»

«Hokim o‘rinbosarining o‘zi ham men bilan bir nechta ob’yektlarga bordi. Qaytayotganimizda, «juda tushkun ahvoldasiz, ko‘zlaringiz g‘amli, nimadan iztirob chekayapsiz?» deb so‘radi». Men esa charchaganimni bildirdim. U esa g‘ayriqonuniy harakatlari, ayollik  qadr-qimmatiga mos kelmaydigan munosabatlari bilan shaxsiyatimga tega boshladi. Avvaliga o‘zimni ancha bosib turdim. Shunga qaramay, u mening oilam, ishim, yashashim, turmush o‘rtog‘im va hokazolardan savol bera boshladi. Keyin men yana unga e’tibor qilmay, obuna masalalarida ko‘maklashishini so‘radim. Zamhokim esa obuna masalasida so‘z ochganimdan so‘ng, «u bilan birga «yurishimni», menga Geofiziklar qo‘rg‘oniga tutash uyini taklif qildi, kompyuter olib bermoqchiligini,  u bilan yaqin aloqada bo‘lsam, menga ko‘p yordam qilishini taklif qildi», – dedi ayol.

«Ojizligimdan foydalanmoqchi bo‘lgandir...»

N.N.ning so‘ziga ko‘ra, tuman hokimi o‘rinbosari chegaradan chiqa boshlagan va shilqimlik bilan unga tegajoqlik qilmoqchi bo‘lgan.

«Sizga erning mehri kerak. O‘sha mehrni sizga men beraman», – deb menga yaqinlashmoqchi bo‘ldi. Shunda koridordan kimningdir ovozi eshitildi, men esa uni itarib yuborib, kabinetidan otilib chiqib ketdim», – dedi.

– Kechirasiz, u sizga ishqiy munosabat taklif qilayotganda yoxud shilqimlik qilmoqchi bo‘lganda emas, nega aynan o‘zingiz aytmoqchi, koridordan kimningdir ovozi eshitilgandagina, xonadan otilib chiqib ketgansiz. Uning so‘zlarini, nojoiz takliflarini eshitib turishga yoxud sizga shilqimlik qilgunicha vaziyatni kutib turishga sizni nima majbur qildi?

– Men uning savollariga javob berdim. Erimning bir necha yillardan beri xorijda ishlayotgani, uch nafar farzandim borligini, ijarada turishimni aytdim. 15 yoshar qizmasman-ku, vag‘illab ketsam, eshitib turdim. Telefonimni olib, «zapis qilmayapsizmi?» – deb ko‘rib, qaytarib berdi va keyin taklif qila boshladi. Balki, mening ojizligimdan foydalanmoqchi bo‘lgandir, – dedi suhbatdosh.

Sohaga mutlaqo daxli yo‘q «jurnalist»

Ma’lumot o‘rnida: N.N. 1988 yilda Qorako‘l tumani «Yangibozor» MFY «Qo‘lva» qishlog‘ida  tug‘ilgan. 13 yildan buyon fuqaro X.X.ning qonuniy nikohida. Eri Rossiya Federatsiyasida ishlaydi. Uch nafar qizi bor. Buxoro shahrida  ijarada yashab keladi. Buxoro pedagogika kollejini tugatgan. Buxoro shahridagi «Monomarkaz»da kompyuter savodxonligini o‘rgangan. Va o‘zining bildirishicha, «Buxoro adabiyoti va san’ati» gazetasida texnik xodim bo‘lib ishlamoqda.

«Jurnalistika sohasiga mutlaqo daxlim yo‘q. Qo‘limda kompyuter savodxonligini tugatganim bo‘yicha sertifikatim borligi sababli meni tahririyatga ishga olishdi. Joriy yilning 1 aprelida ishga qabul qilinganman. Bosh muharrir bergan topshiriq va ko‘rsatmasi bilan Olot tumanida ish yuzasidan bo‘ldim. Olot tumani hokimlik binosidagi holat yuzasidan esa men bosh muharririmga aytib turdim, bosh muharrir mening so‘zlarim bilan uni yozdi...», – dedi N.N.

«Xabarni o‘rinbosarning «dushmanlari» tarqatgan»

Shu o‘rinda ijtimoiy tarmoqlarda keltirilgan ushbu xabarga to‘xtalib o‘tsak. 

«Albatta, chuqurroq fikrlasangiz, mana shu jumla ham odamni o‘ylantiradi: hamma ishning boshida gazeta rahbari turgani yo‘qmi mabodo?» – deyiladi ushbu manbaada.

«Balki, xodimning o‘zidan ham o‘tgandir, degan kechinma o‘tdi ko‘nglimdan. Ammo, voqeaning ertasi kuni Ma’ruf Atakov va yana bir zamhokim, shuningdek, uning otasi tahririyatimizga kelib, uzr so‘rab ketishdi. Ushbu yuzasidan boshqa hech qayerga murojaat etilmasligi yuzasidan ham o‘rtoqlashildi. Bu xabar qayerdan va kim tomonidan tarqalib ketdi xabarim yo‘q!» – dedi bosh muharrir.

N.N. ham buni tasdiqlab, tuman hokimligi hamda mahalla fuqarolar yig‘iniga yozilgan ushbu shikoyat arizasi hokim o‘rinbosarini ko‘ra olmaydigan «dushmanlari» tomonidan ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib yuborilgan bo‘lishi mumkinligini bildirdi.

Olot tumani hokimi qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ma’ruf Atakov esa «Xabar.uz»ga o‘ziga nisbatan mutlaqo bo‘hton qilinayotganini bildirmoqda.

Ma’lumot o‘rnida: Ma’ruf Atakov 1989 yilda Qorako‘l tumanida tug‘ilgan. Oilali. Ikki nafar farzandi bor. Olot tuman qurilish masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.

«O‘zini «jurnalistman» deb tanishtirgan ayolni 2 may kuni birinchi marta ko‘rdim. Yoshi kattaroq ayol. U avvaliga bir nechta qurilish ob’yektlarini ko‘rib kelgani, muammolar borligini, ularni tanqidiy maqola qilib chiqarishini bildirdi. Men esa «Qarshimasmiz, muammmo bo‘lsa, yechim topamiz. Agar noto‘g‘ri manbaa tarqalsa, albatta, bunga nisbatan qonuniy javobgarlik bor» deya uning jurnalistik faoliyatiga to‘sqinlik qilishga haqim yo‘qligini bildirdim. Birinchi marta ko‘rib turganim ayolning shaxsiy hayoti bilan qiziqqanim yo‘q, hatto, bu haqda xayolimga ham kelmagan. «Agar ma’lumotlar noto‘g‘ri talqinda yoritiladigan bo‘lsa, qonuniy javobgarlik bor» deganim uchun u ayol men so‘ramasam-da, hali ishga kirganiga bir oycha ham bo‘lmagani, turmushda qiynalib yashayotgani, agar tahririyatga pul olib bormasa, bosh muharriridan gapga qolishini aytib, dardi-hol qildi. «Buxoro adabiyoti va san’ati» gazetasidan bir nusxa qo‘limga tutqazdi...», – dedi tuman hokimi o‘rinbosari.

«Ishq»noma o‘qishga vaqt bormi?! »

Hokim o‘rinbosarining aytishicha, gazeta bosma qog‘ozdan emas, xuddi kompyuterdan chiqqan ko‘rinishdadek bo‘lgan. 

«Tushlik berdingiz, rahmat. Ammo, ketishga pulim yo‘q. Qo‘lingizda qancha quruvchilaringiz bor, hech bo‘lmasa, 200-300 ming so‘m olib bering, sharoit qilib bering»  deb qoldi. Men esa quruvchilarga buni aytolmasligimni, ularni majburiy obuna qilolmasligimni, agar rozi bo‘lsa, faqat Qorako‘l tumanigacha o‘zim olib borib qo‘yishimni va meni pastda kutib turishini aytdim. U esa mening kabinetimdan xush-xursand holda chiqib ketdi. Oradan 15 daqiqalarcha o‘tar-o‘tmas, men unga qo‘ng‘iroq qildim va Qorako‘l tumanida xizmat vazifa bilan ketayotganim bois, olib ketishim mumkinligini bildirdim. Ayol esa olotlik xolasi bilan ko‘rishishini aytdi», – qo‘shimcha qildi hokim o‘rinbosari.

– O‘zini «jurnalistman» deb  tanishtirgan ayolning tasdiqlovchi hujjati bormidi? Uning sizning xizmat xonangizdan chiqib ketayotganini kimlar ko‘rdi?

– Yo‘q, to‘g‘risi, jurnalistligini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rmabman. Uning xizmat xonamdan chiqib ketishini hokim o‘rinbosari Asror Yangiyev hamda o‘z murojaati yuzasidan kelgan yana ikki fuqaro ko‘rishdi. Hech tushunmay qoldim. O‘sha ayolning o‘zi ham guvoh bo‘ldi. Ish tig‘iz, topshiriqlar qaynab turgan paytda, men xizmat vazifamni qo‘yib, jurnalist ayolga «ishq»noma o‘qirmidim?! To‘g‘risi, hayronman! Men uning pul bilan bog‘liq talab va istaklarini bajarmadim. Obuna masalasida ko‘maklasha olmasligimni, ammo, obunada ko‘mak uchun taklif kiritishim mumkinligini bildirgandim, xolos.

«Agarki, ayol o‘zi aytganidek, Ma’ruf Atakov unga shilqimlik qilganida, u hech bo‘lmasa, o‘rinbosarning xonasidan tang va tajang bir alfozda chiqib ketgan bo‘lardi. Ochiq chehra va kulib chiqib ketganini ko‘rdik», – deydi Asror Yangiyev.

«Katta tumanda 500 000 so‘m topilmaydimi?»

Ma’ruf Atakovning aytishicha, 4 may kuni «Buxoro adabiyoti va san’ati» gazetasi bosh muharriri Shavkat Nosirov hokim o‘rinbosariga qo‘ng‘iroq qilib, «Kechirim so‘rang, hammasini birgalikda kechiramiz!» deb unga shart qo‘ygan.

«Biz 4 may kuni Asror Yangiyev hamda otam bilan tahririyat joylashgan binoga bordik. Men esa «aytmagan so‘zlarimga kechirim so‘ramayman» dedim. Shunda bosh muharrir qo‘limdan ushlab, «katta tumanda 500 000 so‘m topilmaydimi?» – degan so‘zlarini aytdi. Aynan bu holatni o‘zlari video tasvirga ham olishayotgan edi. Afsuski, xato va kamchilik, muammo o‘zlarida ekani bois, qo‘llarida hech qanaqa asos yoki videotasvir, ovoz yozuvlari yo‘qligini ro‘kach qilishmoqda», – dedi o‘rinbosar.

Obuna uchun 500 AQSh dollari «bergan» ota

O‘rinbosarning aytishicha, u tahririyat xodimlarining sa’y-harakatidan jazavaga tushib, ulardan uzoqlashgan. Otasi esa uning xabarisiz vaziyatni yumshatish maqsadida ular so‘rayotgan har bir donasi 200 ming so‘m turadigan gazetaning 200 donasi uchun 500 AQSh dollari miqdorida pul bergan.

Obuna uchun to‘lov kvitansiyasini oldingizmi?

– Yo‘q! O‘g‘limning boshida bo‘hton tushib turganda, pul ko‘zga ko‘rinarmidi? Shu bilan tinchishsin, shov-shuv qilishmasin, deb obuna puli sifatida 500 dollar berdim. Shartnomalarining ichiga qo‘yishdi pulni, – dedi o‘rinbosarning otasi.

Ma’ruf Atakovning aytishicha, 4 may kuni N.N. unga telegramm tarmog‘i orqali ovozli xabar jo‘natib, uning ustidan shikoyat arizalarni mahallaga, oilasiga va hokimga tashlab berishini bildirgan.

Holat buxorolik jurnalistlar o‘rtasida ham muhokamaga sabab bo‘lgan.

P.S: Haqiqiy jurnalistlar jurnalistika etikasidan doimo xabardor bo‘lgani, qonun-qoidani yaxshi bilgani uchun hech qachon bunday noxush holatga tushmaydi. Bu vaziyatda «jurnalist» ayol etika va qonun-qoidadan bexabarligi bois, unga berilgan asosiy topshiriq – maqola yozib topshirilishi o‘rniga uning o‘zi  mavzuga aylanib qolayapti. Chumchuq so‘ysayam qassob so‘ysin, deyishadi. Har tomonlama juda katta mas’uliyati bor jurnalistikani ijoddan, qalam zahmatidan yiroq xodimga ishonib topshirilishi mana shunday hijolatli hollarga ham sabab bo‘lishi mumkin. Bu endi alohida mavzu. 

Holat yuzasidan huquq-tartibot organlari xodimlari jiddiy ish olib borib, izchil o‘rganishlari muhim. Qaysi taraf aybdor bo‘lsa, qonun oldida javob berishi shart!

Laylo Hayitova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring