Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Adliya vazirligi «pul bilan o‘qishga kiritadigan» firibgarlardan ogohlantirdi

Adliya vazirligi «pul bilan o‘qishga kiritadigan» firibgarlardan ogohlantirdi

Foto:«Xabar.uz»

14-may kuni Prezidentimizning «Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab abituriyentlar tomonidan oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatga o‘qishga kirish uchun davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilish mexanizmi joriy etildi.

Shu yilning 7-iyun kuni esa Hukumat tomonidan Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjatlarni qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Abituriyent bo‘lgan farzandlaringiz yangi usulda oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga kirish uchun hujjatlarni 15-iyundan 15-iyulgacha (shu kuni ham) topshirishi mumkin.

Bir necha kundan so‘ng oliy ta’lim muassasalariga hujjat qabul qilish to‘xtatiladi. Adliya vazirligi mazkur jarayon yuzasidan ota-onalarga murojaat bilan chiqdi.

«Haq evaziga noqonuniy yo‘llar bilan farzandingizni o‘qishga kirishi uchun kimlar bilandir «gaplashib berish», yoki «boshqacha yo‘lini topib berish» kabi ayrim nopok insonlarning quruq va’dalari qurboniga aylanmang.

Bolaning sog‘lom fikrini buzmang, jamiyatning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmang, pora berib jinoyatchi bo‘lib qolishdan saqlaning.

Abituriyentni noqonuniy yo‘llar bilan o‘qishga kiritish yoki shunga harakat qilish jinoiy javobgarlik keltirib chiqaradi.

Jinoyat kodeksida «pora berish», «pora olish», «pora olish va berishda vositachilik qilish» va «firibgarlik» harakatlari uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

Bunday jinoyatlar uchun 81 mln. so‘mdan 121,6 mln. so‘mgacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llaniladi.

Agarda Sizdan pora so‘rab tovlamachilik qilinayotgan bo‘lsa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qiling.

Agar, shaxsga nisbatan pora so‘rab tovlamachilik qilingan bo‘lsa va ushbu shaxs jinoiy harakatlar sodir etilganidan keyin bu haqda 30 sutka mobaynida o‘z ixtiyori bilan arz qilsa, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, jinoyatni ochishda faol yordam bergan bo‘lsa, u javobgarlikdan ozod etiladi.

 Hurmatli ota-onalar!

O‘z taqdiringiz va farzandingizni taqdiriga befarq bo‘lmang. O‘zingiz va uning hayotini zulmatga aylantirmang.

Jinoyatga qarshi kurashish har birimizning fuqarolik burchimiz hisoblanadi. Adliya vazirligi korrupsiyaga qarshi kurashda barchani faollikka chaqiradi» deyiladi xabarda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring