Ta’lim sohasida nimalar o‘zgardi?

Prezidentning 9.11.2021 yildagi «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida» PF-3-son Farmoni qabul qilindi. Bu haqda «Norma» xabar berdi.
Farmon bilan quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi:
birinchidan, 11.02.2021 yildagi PF-6168-son Farmonga:
a) 4-ilovaga:
- 7-band norma bilan to‘ldirildi, unga asosan ayrim rivojlangan davlatlar ta’lim muassasalarida 1 yilgacha bakalavriatga tayyorlov kurslari (Foundation year/course) xarajatlari Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha «El-yurt umidi» jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilishi mumkin. Bunda, tayyorlov kursi va bakalavriatda o‘qishning umumiy muddati 4 yildan oshmasligi lozim;
- 28-band 4-xatboshi bilan to‘ldirildi. U bilan belgilanishicha, stipendiatning o‘z xohishiga ko‘ra xorijda ta’lim olish xarajatlarini moliyalashtirishda uning o‘zi yoki moliyaviy kafillari qisman ishtirok etgan taqdirda stipendiatning majburiy ishlab berish muddatiga o‘zgartirish kiritilmaydi;
- 30-bandda belgilanishicha, stipendiat uzrsiz sabablarga ko‘ra xorijiy ta’lim, ilmiy yoki boshqa muassasalarning talabalari safidan chiqarilgan yoki vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlari yoxud davlat ulushi mavjud bo‘lgan tashkilotlarda mehnat faoliyatini davom ettirishdan bosh tortgan taqdirda, Jamg‘arma tomonidan uni o‘qitishga sarflangan barcha moliyaviy xarajatlar stipendiat va uning moliyaviy kafillari (yuridik va jismoniy shaxslar) tomonidan solidar tartibda qoplab beriladi;
b) 2-ilovaning 9-bandi Jamg‘arma Vasiylik kengashining ta’lim dasturlari va nomzodlarni saralash tanlovini o‘tkazish yo‘nalishlari bo‘yicha istiqbolli va talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklarni hisobga olgan holda ta’lim sohalari kesimida stipendiyalar kvotalarini ajratish, shuningdek, tanlovda raqobat darajasini e’tiborga olgan holda, kvotalarga o‘zgartirishlar kiritish vakolati bilan to‘ldirildi.
Ikkinchidan, 27.07.2018 yildagi PF-5490-son Farmonga 2-ilova 36-pozitsiya bilan to‘ldirildi. Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida o‘tkaziladigan tekshiruvlar ro‘yxatiga NTTlarida, ishonchli axborotlar mavjud bo‘lganda, tegishli litsenziya va tasdiqnomasiz, shuningdek litsenziya va tasdiqnomada nazarda tutilmagan yo‘nalishlarda ta’lim berish holatlarini tekshirish kiritildi. Tekshirish muddati 10 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatni tashkil etadi.
Uchinchidan, 2020 yil 8 iyundagi PQ-4742-son qarorga ilovaning 1-bandida O‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar uchun faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari ro‘yxatiga nafaqat uyda, balki davlat ta’lim muassasalarining foydalanilmayotgan bino va inshootlari xonalarida repetitorlik qilish ham kiradi.
Boshqa o‘zgartirish va qo‘shimchalar ham kiritildi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 9.11.2021 yildan kuchga kirdi.
Elmira Siraziyeva.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter