Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunda qanday yangiliklar bor?

«Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunda qanday yangiliklar bor?

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Prezidentining 2018-yil 22-yanvardagi farmoni bilan tasdiqlangan «2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturining 172-bandida «Ta’lim to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqish vazifasi belgilab berildi.

Qonun loyihasini ishlab chiqish jarayonida yigirmadan ortiq xorijiy davlatning (Rossiya, Janubiy Koreya, Germaniya, Italiya, Angliya, AQSh, Fransiya, Shvetsiya, Daniya, Norvegiya, Hollandiya, Ukraina, Belarus, Qozog‘iston va b.) ta’lim to‘g‘risidagi qonunlari o‘rganildi va ularning ilg‘or tajribalari inobatga olindi.

30 ga yaqin manfaatdor vazirlik va idoralar, ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan 50 dan ortiq mutaxassis va 100 dan ortiq fuqaro qonun loyihasi bo‘yicha fikr va mulohaza, takliflarini bildirdi. Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tashabbusi bilan amalga oshirilmoqda.

Takliflarning aksariyati ta’lim sohasidagi muammolar va ularning yechimiga, shuningdek ta’lim sifatini yaxshilashga, muallimlarning obro‘-e’tiborini oshirishga, ularning ijtimoiy himoyasiga qaratilgan.

Yangi tahrirda ishlab chiqilgan qonun loyihasida boblar soni 5 tadan 12 taga va moddalar soni 34 tadan 70 taga yetkazildi.

Loyihada boblar va moddalar mantiqiy ketma-ketlikda joylashtirildi. Unda amaldagi qonunning 33 ta moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib mazmunan to‘ldirildi hamda ilg‘or xorijiy davlatlarning tajribalarini inobatga olgan holda 36 ta yangi modda kiritildi.

Qonun loyihasiga quyidagi yangi boblar kiritildi:

ta’lim faoliyati va uni tashkil etish (4-bob);

ta’lim muassasasi xodimlari (5-bob);

ta’lim oluvchilar va ota-onalar(qonuniy vakillar)ning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi (6-bob);

ta’lim jarayoni qatnashchilarining ijtimoiy himoyasi (7-bob); 

ta’lim muassasalarini litsenziyalash, davlat akkreditatsiyasi, ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar nostrifikatsiyasi va apostil qo‘yish (8-bob);

ta’lim tizimida davlat nazorati (10-bob);

ta’lim sohasida xalqaro hamkorlik (11-bob). 

Qonun loyihasini ishlab chiqishda asosiy e’tibor quyidagilarga qaratildi:

xorijiy tajribani chuqur o‘rganish asosida milliy ta’lim tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish;

ta’lim sifatini yaxshilashga ta’sir qiluvchi omillarni va uning mexanizmlarini qonunning mazmunida aks ettirish;

ta’lim sifatini yaxshilashga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish;

ta’lim jarayoni ishtirokchilarining o‘zaro munosabatlari, huquqlari, majburiyatlari va javobgarligini tartibga solish;

katta yoshdagilar ta’limi, inklyuziv ta’lim, davlat-xususiy sheriklik, ta’lim sohasiga investitsiyalarni jalb etish, mulkchilik shaklidan qat’i nazar ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar va boshqa bir qator tushunchalarni alohida moddada ochib berish va boshqalar.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring