Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Tesla bo‘yicha keys study va 1 mlrd. yevrolik loyiha» — Germaniyadagi investitsion bankir bilan suhbat

«Tesla bo‘yicha keys study va 1 mlrd. yevrolik loyiha» — Germaniyadagi investitsion bankir bilan suhbat

«Xorijdagi vatandoshlar» loyihasining navbatdagi qahramoni Germaniyada faoliyat yuritayotgan investitsion bankir Dilshod Davronov bo‘ldi.

Suhbatdoshimiz Buxoro viloyatida tug‘ilgan. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida bakalavr, Vengriyadagi Markaziy Yevropa universitetida magistratura bosqichini tamomlagan.

Hozir Frankfurtda joylashgan Corporate & Investment Banking departamentida ko‘chmas mulk sektoridagi investitsion loyihalarni moliyashtirish bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritadi.

 Elchi bo‘lishni orzu qilganman

Bolaligimdan elchi bo‘lishni orzu qilganman. Ana shu istak keyinchalik Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga yetaklagan. Qolaversa, o‘sha paytlar oliygohimiz O‘zbekistondagi nufuzli ta’lim muassasalaridan biri hisoblanardi. U yerda o‘qishning eng katta plyusi bu universitetdagi muhit deb o‘ylayman. Hozir qanaqa bilmadimu, men o‘qigan davrda ta’lim oluvchilarning aksariyati respublikaning turli nuqtalaridan kelgan, oddiy oilalardan chiqqan, o‘z bilimi bilan o‘qishga kirgan juda iqtidorli, aqlli va faol yoshlar bo‘lgan. Shunday yoshlar bilan birga ta’lim olish va do‘stlar orttirish, networking imkoniyati universitet o‘z talabalariga taklif eta oladigan eng qimmatli narsa, deb ishonaman.

Shuningdek, JIDUda ta’lim olishning minuslari ham bor. Masalan, ta’lim sifatining xalqaro miqyosdan ortda ekanligi va keraksiz fanlarning ko‘pligi kabilarni aytishim mumkin. Bu o‘z navbatida, talabalar o‘zlariga kerak bo‘lgan soha bo‘yicha qo‘shimcha izlanishlar olib borishini cheklagan.

Bilishimcha, bu kamchiliklar hozir bartaraf etilmoqda.

Tesla bo‘yicha amaliy keys study’lar amalga oshirganman

Bakalavrni tugatib, bir muddat o‘sha paytdagi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi (hozirgi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi)da ishladim. Keyinroq, Vengriyada joylashgan Markaziy Yevropa universitetining (Central European University) «Global iqtisodiy siyosat» (Global Economic Policy) mutaxassisligi bo‘yicha magistratura dasturiga to‘liq grant asosida o‘qishga qabul qilinganman. Universitet AQShning oliy ta’lim muassasi bo‘lgani, Yevropa emas, balki Qo‘shma Shtatlar ta’lim tizimi asosida faoliyat yuritgan. Qolaversa, Garvard, Stenford, Prinston kabi universitetlarining professorlari ham dars berishgan.

U yerda magistrlik dissertatsiyamning mavzusi high-tech kompaniyalarning qiymatini baholashda (valuation of high-tech companies) an’anaviy baholash metodlarining to‘g‘ri kelmasligi, yangicha mazkur sektorning o‘ziga xos xususiyatlariga mos keladigan zamonaviy baholash metodlari tahlil qilish, bu metodlarda «market sentiment»ni moliyaviy modellarda to‘g‘ri integratsiya qilish borasida izlanish olib borishga qaratilgan edi. Izlanishlarim natijasida venchur fondlar hamda investitsion banklar tomonidan ishlatiladigan har xil zamonaviy baholash metodlaridan foydalangan holda Tesla kompaniyasini baholash borasida amaliy keys study’lar ham amalga oshirganman.

1 mlrd. yevrodan yuqori qiymatdagi loyihalar qildik

Ayni damda, Corporate & Investment Banking departamentida ko‘chmas mulk sektoridagi investitsion loyihalarni moliyashtirish bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritaman. Asosiy vazifamiz Yevropa qit’asidagi, ayniqsa Germaniya, Avstriya va Shvetsariya bozorlaridagi, tijorat ko‘chmas mulk (Commercial Real Estate) sohasida katta investitsion loyihalarni amalga oshirishda bozordagi yetakchi kompaniyalarga (alternative investment funds, developers, real estate operating companies) turli moliyaviy ko‘mak ko‘rsatishdan iborat.

2021 yil davominda 1 mlrd. yevrodan yuqori qiymatdagi loyihalarni amalga oshirganmiz. Bu jarayonda vazifalarimga investitsion loyihalar va taalluqli bozorlarni tahlil qilish, moliyaviy modellar qurish, due diligence, hamkorlar bilan muzokaralar olib borish, loyihalarni bankning Investitsiyalar va kredit qo‘mitasida taqdimot qilib yuqori menejment jamoasining tasdig‘ini olish va investitsion loyihalar bo‘yicha shartnomalarni tuzish kabilar kiradi.

 To‘yintirilmagan talab qoniqtirila boshlandi

O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori bo‘yicha ekspert emasman, shuning uchun yuqori darajali aniq tahliliy xulosalar berolmasam kerak. Biroq shunchaki tashqaridan turib kuzatuvchi hamda Yevropa davlatlaridagi vaziyat bilan solishtiruvchi sifatida o‘zimning shaxsiy fikrlarimni aytib o‘tishim mumkin.

O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida oxirgi bir necha yilda yuqori o‘sish ko‘rsatkichlari kuzatildi. 2016 yilga qadar O‘zbekistonda yangi taklifning chegaralanganligi sababli, mavjud ko‘chmas mulk fondining yillar davomida eskirishi hamda talab hajmidan ancha ortda qolishi kuzatilgandi. Biroq hukumat o‘zgarganidan keyingi islohotlar natijasida iqtisodiy erkinlik darajasining oshishi va valyuta konvertatsiyasi bilan bog‘liq muammolarning yechilishi kabi bir qancha ijobiy o‘zgarishlar tufayli ko‘chmas mulk sektoridagi kompaniyalarning faollashuvi hamda bozorga yangi kompaniyalarning kirib kelishi natijasida taklif keskin oshdi va yillar davomida to‘yintirilmagan talab qoniqtirila boshlandi. Boshqa tomondan esa oxirgi yillardagi islohotlar natijasi aholining ma’lum qatlamlarida daromadlarning oshishi, biznes faoliyatining rivojlanishi, ipoteka kreditlarini olishning oldingiga nisbatan osonlashuvi va propiska muammosini bartaraf etilishi kabi sabablarga ko‘ra uy-joy va tijorat ko‘chmas mulk ob’yektlariga bo‘lgan talab yanada oshdi. Talab bilan birga narxlarning o‘sishi kuzatildi.

Biroq hozirgi kunda bozor biroz to‘yinib, o‘sish templari kamayishi, qolaversa oxirgi 2-3 yildagi inflyasiya hamda xalqaro yetakazib berish zanjiri (supply chain) borasidagi jiddiy muammolar sabab xom-ashyo mahsulotlari narxlarining keskin oshishiga va o‘z o‘rnida develop’larning foyda marjalari kamayishiga olib keldi. Bunday vaziyatda moliyaviy ahvoli kuchli bo‘lmagan developer’lar yo «o‘yindan chiqib» bozorda taklifning kamayishiga sabab bo‘ladi, yoki qurilish loyihalarning rentabelligini keskin tushib ketishini oldini olish maqsadida xarajatlarni kamaytirish va natijada yangi qurilayotgan ob’yektlarning sifatini pasayishiga olib keladi.

Nazariy jihatdan qaraladigan bo‘lsa, mazkur vaziyatda bozordagi sifatli taklifni barqaror ushlab turishning eng samarali yo‘li bu – ko‘chmas mulk narxlarining oshishi. Biroq bu talabning pasayishi, bozorda talab va taklif movozanatining buzilishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun ham talabni barqaror ushlab turish maqsadida davlat tomonidan aholining daromadlarini oshirish, ipoteka kreditlarini banklar tomonidan taqdim etilish jarayonini osonlashtirish va ipoteka bo‘yicha foiz stavkalarini kamaytirish borasida bir qator choralar ko‘rilishi kerak, deb hisoblayman.

7 yillik professional tajribaga egalar qabul qilinadi

Hozir ishdan ajralmagan holda International Real Estate Business Schoolda «Biznes boshqaruvi» (MBA) bo‘yicha ikkinchi magistraturada o‘qiyapman. Bu dastur AQShning Harvard universiteti va Singapurning INSEAD biznes maktabi bilan hamkorlikda tashkil etilgan. O‘qitish sifati yaxshi, Yevropada ko‘chmas mulk sohasidagi eng nufuzli MBA dasturi sifatida tan olinadi.

Qolaversa, Executive MBA dastur bo‘lib, bu dasturga faqat muvaffaqiyatli karera qurgan, o‘z sohasida kamida 7 yillik professional tajribaga ega va o‘rta hamda yuqori lavozimdagi shaxslar o‘qishga qabul qilinadi. Ular kareralarini keyingi bosqichiga, ya’ni yuqori menejerlik lavozimlari hamda bu sohada o‘z biznesini tashkil etish va uni muvaffaqiyatli boshqarishga tayyorlanishadi.  Bu degani u yerda boshqa yirik kompaniyalar va davlatlardan kelgan ko‘chmas mulk sohasida muvaffaqiyatli faoliyat yurituvchi insonlar bilan shaxsan tanishib, do‘stlashib, ular bilan tajriba almashish uchun juda yaxshi imkoniyat.

Dissertatsiyamning tadqiqot mavzusi esa, ESG in Real Estate borasida bo‘lib, unda asosan ko‘chmas mulk investitsiyalarida nafaqat molivaviy manfaat, balki atrof-muhim hamda jamiyatga ham manfaat keltiruvchi investitsion muhitni tashkil etish va uni rivojlartirishining ahamiyati borasidagi ilmiy-amaliy izlanishlarga qaratilgan.

Ma’lumot uchun, butun dunyoda yillik ishlab chiqariladigan CO2 ning deyarli yarmi binolar, ya’ni ko‘chmas mulk ob’yektlari sababli (xoh ularni qurish jarayoni bo‘lsin, xoh mavjud binolarni faoliyatini yuritish) yuzaga keladi.

Viloyatlarda hali ham «oqsoqlanish» mavjud

O‘zbekistonda ham Yevropada ham har xil turdagi kompaniyalarni uchratish mumkin va juda ko‘p narsa kompaniya menejment jamoasi va boshqaruv uslubiga bog‘liq. O‘zbekistonda ham, Yevropada ham korservativ va egoistik xarakterga ega boshqaruv jamoasidan tashkil topgan kompaniyalar yetarlicha topiladi. Shu bilan bir qatorda liberal boshqaruv tizimiga ega bo‘lgan, o‘z xodimlarini qadrlaydigan va ularni rivojlanishi haqida qayg‘uradigan, tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydigan innovatsion yondashuvga ega kompaniyalar ham talaygina. Shunchaki Yevropada ikkinchi turdagi kompaniyalarni ulushi O‘zbekistondagidan ko‘proq. Biroq oxirgi yillar bu borada O‘zbekistonda, ayniqsa Toshkentda joylashgan xususiy tashkilotlarda juda yaxshi o‘zgarishlar kuzatildi. Biroq viloyatlarda bu borada hali ham «oqsoqlanish» mavjud. Yevropadagi tashkilotlarning O‘zbekistondagilaridan ustunlik tomoni rivojlangan infrastrukturaning mavjudligi, xalqaro darajadagi iqtidorli kadrlarning yetarlicha ko‘pligi va xalqaro moliyaviy va savdo tizimiga yuqori darajada integratsiya qilinganida. Shuning uchun ham bu ikkala hududdagi tashkilotlarni taqqoslashda, yuqorida ta’kidlab o‘tilgan omillarni hisobga olgan holda xulosa chiqarish, ya’ni O‘zbekistondagi tashkilotlarni rivojlangan davlatlardagi tashkilotlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri solishtirib, ularni qoloq deya xulosa chiqarish noto‘g‘ri deb o‘ylayman. Chunki mamlakatda yuqori malakali kadrlar yetishmovchiligi va xalqaro borozlar bilan integratsiya darajasining pastligida ularning aybi yo‘q. Biroq bu borada keskin bo‘lmasada ijobiy o‘zgarishlarning guvohi bo‘lyapmiz. Shu tempda davom etiladigan bo‘lsa ma’lum muddatdan so‘ng Yevropa darajasiga yetib qolamiz degan umiddaman.

 «Yarim chaqaga» sotib yuborilmasligi lozim

Bozor iqtisodiyotida asosiy ulushi davlatga tegishli bo‘lgan har qanday tashkilotning faoliyatida samaradorlik darajasi xususiy tashkilotlarga nisbatan past bo‘ladi. Banklar ham bundan mustasno emas. Ishonchim komil, mamlakatimizning hozirgi hukumati buni juda yaxshi biladi. Shuning uchun Prezident farmoniga asosan bir qator banklarni IPO qilish yoki davlatda tegishli bo‘lgan ulushlarni qimmatli qog‘ozlar birjalariga joylashtirib xususiy investorlarga sotish orqali xususiylashtirish rejalashtirib, bu borada aniq reja va dedlaynlar belgilangan. Qolaversa, xususiylashtirish jarayonida chet ellik investorlarni ham jalb qilishga alohida muhim ahamiyat qaratilayotgani juda ijobiy holat. Umid qilamanki, xususiylashtirish jarayoni kutilganidek muvaffaqiyatli amalga oshiriladi. Bu borada, avvalamvor, banklardagi hisobotlar tizimidagi kamchiliklar, kapitalizatsiyaning pastligi, korporativ boshqaruv borasidagi kamchiliklar hamda xodimlar malakasining va professional madaniyatning pastligi kabi muammolar bartaraf etilishi zarur. Qolaversa, xususiylashtirish jarayoni shaffof va adolatli tarzda amalga oshirilishi, xususiylashtirilayotgan banklarning faoliyati sun’iy ravishda susaytirilib, ma’lum bir shaxslar manfaatlari yuzasidan «yarim chaqaga» sotib yuborilishiga yo‘l qo‘yilmasligi lozim.

 Universitetda dars berish rejamda bor

Yaqin yillar ichida O‘zbekistonga qaytish rejam yo‘q. Chunki bu yerda karera va biznes borasida yana qiladigan ishlarim bor. Keyinchalik nima bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi.

O‘zbekistonga qaytganimda xoynahoy davlat organlarida ishlab amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy ijrosida o‘z hissamni qo‘shishga hamda yarim stavka asosida universitetda dars berib, o‘z bilim va tajribalarim bilan ulashishga harakat qilgan bo‘lardim.

 Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring