Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bizlarga ham ishoning. Orzu-maqsadlar aravachalarda qolib ketmasin». Buxorolik AyTichi yigit bilan suhbat (video)

Shunday insonlar borki, ularning hayotga qarashi, munosabati o‘z hayotimizni qayta ko‘rib chiqishga, har bir vaziyatga odilona baho berishga undaydi. Chunki undaylarning qiyin vaziyatlarda ham ko‘ngilni cho‘ktirmay, yon-atrofidagilarni ham harakatga, intilishga undashi kishini ilhomlantiradi.

29 yoshli Shahboz Ashrapov, imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramay, harakatdan to‘xtamadi. Nafaqat uning o‘zi zamonaviy jamiyatning to‘laqonli a’zosi bo‘la oldi, balki boshqalarga ham o‘z kasbini topishga, to‘siqlarni yengishga va taslim bo‘lmaslikka yordam bermoqda. Kompyuter tuzatish, ta’mirlash va dasturlash ishlari bilan shug‘ullanib kelayotgan Shahboz endi o‘zini IT sohasida sinab ko‘rmoqchi ekanini bildirdi. «Xabar.uz» muxbiri u bilan suhbatlashdi.

Shahboz Ashrapov, 1993-yilda Buxoro viloyatining Vobkent tumanidagi «Cho‘rikalon» mahallasida joylashgan Vag‘oziyak qishlog‘ida tug‘ilgan.

Bir nafar qiz farzandi bor. Joriy yilda «Yoshlar daftari»ga kiritilgan.

IT-sohasidagi izlanishlari uchun yoshlar tashkiloti tomonidan unga zamonaviy kompyuter jamlanmasi berilgan.

Bolaligidan ikkala oyog‘ining tizzasidan pastki qismi harakati va sezimliligidan ayro Shahboz faol hayot kechirishdan to‘xtab qolmagan. O‘zi qiziqqan kasbdan tashqari, kirakashlik bilan ham shug‘ullanib kelayotgan Shahbozning avtomashinani mexanik usulda o‘zgartirib, moslashtirgani e’tiborga molik. 

«Ota-onam mening normal va to‘laqonli hayot kechirishim uchun hamma sharoitni yaratishga harakat qilishdi. Men esa faqatgina ularning ko‘magiga tayanib, hayotda boqimanda bo‘lib qolish yo‘lini tanlamadim. 14 yoshimdan buyon kompyuter texnologiyalari sohasiga qiziqaman. Bolaligimda shu sohada o‘qituvchi bo‘lishni orzulaganman. Keyinchalik bu IT sohasi sifatida qo‘llanila boshladi. Har kuni soat sakkizdan sakkizgacha ishlayman, ya’ni 16 soat. Ishimni yaxshi ko‘raman, chunki odamlarga yordamim tegadi», — dedi Shahboz.

U uzoq yillardan buyon kompyuter ta’mirlash va dasturlash ishlari bilan shug‘ullanib keladi. O‘zining aytishicha, uning ustaxonasi yashash manzilidan o‘n kilometrcha olisda joylashgan.

«Imkoniyatimiz cheklangan. Biz uchun doimo bir kishi kerak. Ammo shunday vaziyatlar bo‘ladiki, har kim o‘z ishi bilan band bo‘lib qoladi. Shunday vaqtda o‘qituvchi ota-onamga yukinmaslik uchun ularga mashina olish istagim borligini va buning uchun ancha-muncha mablag‘ yiqqanimni ham bildirdim. Ular xursand bo‘lishdi. Balki o‘shanda ich-ichlaridan menga nisbatan «mashina hayday olarmikin?» degan og‘riqli kechinma ham o‘tgandir, bu albatta, menga qorong‘u. Lekin maqsadlarimga yelka tutishdi. Avvaliga «Tiko» avtomashinasini xarid qildik. «Tiko»ga mexanik qurilma o‘rnatish orqali undan o‘zim foydalanish maqsadini oldimga qo‘ydim. Qurilma va uni o‘rnatish sxemasini chizdim, tayyorladim. Tokar og‘aynim ko‘magi bilan qurilmani avtomashinaga o‘rnatdik. Endi tasavvur qiling, oyog‘ida tikka turolmaydigan bolasining mashina haydab kelganini ko‘rgan ota-ona qanday holatga tushishini... mehribonlarim yig‘lab yuborishdi. Men esa ota-onamga hali bundan ham ortiq «syurpriz»lar qilishimni bildirdim», — dedi Shahboz Ashrapov.

Suhbatdoshning so‘ziga ko‘ra, u oradan bir necha yil o‘tgach, o‘z mehnati va oilasining ko‘magi bilan «Tiko»ni «Matiz»ga, «Matiz»ni «Neksiya-3»ga yangilashga erishgan.

«Hammasini o‘zim foydalanishimga moslab, mexanik qurilma bilan boyitdim. Ishonsangiz, bu amal uchun odatda millionlab pul sarflanadi. Men esa uni bor-yo‘g‘i, 50-100 ming atrofidagi qo‘shimcha magnit simlar va boshqa uskunalar bilan yaratishga erishganman. Uni taxlash menda hech qanaqa qiyinchilik tug‘dirmadi. Chunki odam bir narsaga qiziqsa, u bir kunda o‘xshamas, ikki kunda yoxud bir oyda ham o‘xshamas. Lekin siz maqsad sari intilsangiz, oradan qancha vaqt o‘tgani sezilmaydi. Men esa buni yaratishda 20 kuncha vaqtimni sarfladim», — dedi Shahboz.

Shahboz bo‘sh vaqtlarida kirakashlik bilan ham shug‘ullanadi. Bundan tashqari, sportning bir necha turi bilan mashg‘ul bo‘ladi. To‘g‘ri, u yugurish va uzunlikka sakrashdan yiroq, ammo u sportda qo‘l kuchi, yelka va qomat harakatiga tob beradi.

Jismoniy imkoniyati cheklangan suhbatdoshning izlanishlari ko‘pchilik yoshlar uchun ibratga aylandi. Suhbatdosh «Ustozingiz kim?» degan savolga «Birinchi ustozim — televizor, ikkinchi ustozim — ich-ichimdagi kuchim. O‘tirgan joyimda sog‘lom, to‘rt muchasi sog‘ tengdoshlarim bilan bir safda bo‘lish uchun harakat qilganman», — deya javob berdi.

«Kompyuter texnologiyasi borasida tajribam ortgani sari maqsadlarim ham kattalashib bordi. Men 15-16 yoshimda allaqachon bu texnologiya sirlarini o‘rganib ulgurgan edim. 2010-yilda Toshkentdagi kollejlardan birida o‘qib chiqib, qishlog‘imga, ota-onam bag‘riga qaytdim. Va 4 yil hech qayerda ishlamadim. Qayerga borsam, oldimda to‘siq, muammolar qalashib yotardi. O‘zim bilan o‘zim bo‘ldim. Ro‘zg‘or tebratish, tirikchilik va bundan tashqari, bir yerda qotib qolmaslik uchun izlanishdan, harakatdan to‘xtamadim. Boqimanda bo‘lib qolmaslik uchun o‘z tadbirkorligimni yo‘lga qo‘yish maqsadida kredit mablag‘lari so‘rab, mas’ul idoralar eshiklariga bordim. Ochiqdan-ochiq rad etishdi», — dedi Shahboz.

Shahboz Ashrapov 2019-yilda tuman mutasaddilariga kredit masalasida yordam so‘rab, qayta-qayta murojaat qilgan. Kimga borib uchrashsa ham: «Senga kredit bermaymiz, sen tanlagan sohaga mablag‘ ajratilmagan», degan javobni olgan.

«Shunday kunlarning birida yoshlar yetakchilaridan biri meni izlab topib, «Rahbar va yoshlar» uchrashuvi o‘tkazilayotgani, men esa o‘z muammoimni ko‘tarib chiqishim mumkinligi bildirdi. Aynan shu uchrashuvda qatnashdim va viloyat prokurori bilan yuzma-yuz muloqotda men o‘zim tanlagan sohamga pul mablag‘i yo‘naltirilishi bilan bog‘liq savolni o‘rtaga tashladim. Prokuror bu masala muammosiz hal bo‘lishini bildirdi. Ertasigayoq tuman mutasaddilari mening yonimga kelishdi va kredit mablag‘i olishim mumkin ekanini bildirib, tuman markaziy bozori ichida ustaxona ochib berishdi. O‘z mablag‘larim evaziga ustaxonani jihozlash va uni texnologik uskunalar bilan boyitish choralarini ko‘rdim. O‘zim hamkorlik qilishim kerak bo‘lgan tadbirkorlardan mahsulotlar ham xarid qildim. Biroq yana bank xodimlarining e’tiborsizligiga uchradim, ular menga kredit ajratishni paysalga solishardi. O‘shanda yuragimdan jismonan imkoniyatim cheklanganini muhokama qilishgan va bu bola kredit mablag‘larini qaytara olmasa kerak, deyishgan bo‘lsa kerak, degan og‘riqli kechinma o‘tganini yashirmayman», — deydi suhbatdosh.

Bankdagi sansalorliklar bilan kurashgan Shahboz viloyat rahbariyatiga murojaat qilib, insonning taqdiri uning jismoniy imkoniyati bilan o‘lchanadigan bo‘lsa, kredit mablag‘lari olmasligini, faqat tuman markaziy bozoridan ajratilgan do‘kon uchun o‘z hisobidan sarflagan xarajatlarini qoplab berilishi talabi bilan chiqqan.

Shahbozning bu murojaatidan so‘ng oradan 5-6 soat o‘tgach, 2020-yilning fevral oyida unga 30 million so‘m kredit mablag‘i ko‘chirib berilgan. Shundan so‘nggina u IT sohasida o‘z ishini boshlagan. Afsuski, uning ham faoliyatiga pandemiya davri o‘z ta’sirini o‘tkazgan.

Ko‘p o‘tmay, bozor ma’muriyati u ijarada turgan ustaxonaning sotilishini va uni bo‘shatib qo‘yishini so‘rashgan. Har oylik ijara to‘lovi 200 dollar evaziga tuman markazidagi avtoshohbekatdan yangi ustaxona ochishga majbur bo‘lgan. Ustaxonaning Shahboz yashab turgan qishloqdan juda uzoqda joylashgani, ustiga-ustak uzoq qatnovni sog‘lig‘i ko‘tarmagani bois, maqsadlarini yana ortga surishiga to‘g‘ri kelgan.

«Ayni paytda o‘z xonadonimning bir burchagida ochgan do‘konimda yo‘nalishim bo‘yicha tirikchilik qilayapman. Og‘riqlisi, mening toifamdagi yoshlardan xabar oladiganlar juda kam. Mening-ku sharoitim bor, ozgina bo‘lsa ham imkoniyatga egaman. Ammo o‘z huquqlaridan foydalana olmaydigan, aravada mung‘ayib, maqsadlarini yellarga sochayotgan toifadoshlarim qancha... Bilasizmi, aravada umrguzaronlik qilayotganlarga ko‘p holatlarda qo‘li kalta sifatida, ishonchsizlik bilan qaralayotganini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Har gal kasalxonalarda yotib davolanayotgan kezlarimda, toifadoshlarimni uzoqdan kuzataman. Qo‘ldan kelguncha harakat qilganu, ammo mutasaddilarning e’tiborsizligi soyasida qolib ketib, o‘z aravasiga battar cho‘kinib ketayotganlar ko‘p ular orasida. Ularni kuzata turib, bizlarga ham ishoning, deya hayqirgim keladi. Birgina e’tibor bilan imkoniyati cheklanganlarning ham hayotga, jamiyatga qarashi o‘zgaradi, ilgarilashdan to‘xtamaydi, yiqilsa ham o‘rnidan turishga harakat qiladi. Yo‘qsa, orzu-maqsadlari shu aravachalarda qolib ketaveradi. Buni to‘rt muchasi sog‘ odam o‘z qalbining tub-tubigacha tushunishi qiyin, juda qiyin», — dedi u.

«Har bir shaxs jamiyatda o‘rnini topishi uchun istaydimi-yo‘qmi, to‘siqlarga, qarshiliklarga duch keladi. Buni rad etib bo‘lmaydi. Shunday qiyinchiliklarni bosib o‘tishingizda eng yaqin do‘stingiz kim bo‘lgan?» — so‘raymiz suhbatdoshdan.

«Yagona do‘stim — Alloh. Muammolarimni ota-onam yoki yaqinlarim bilan deyarli bo‘lishmayman, ularni bezovta qilmaslikka harakat qilaman, qo‘limdan kelmaydigan bo‘lsagina, ularga tayanaman, ammo o‘z tashvishlarimni boshqalarga yukinishni yoqtirmayman. Yana bir do‘stim — o‘zimdagi Qat’iyat va Ishonch. Shu ikkalasi bir odamda yondosh bo‘lsa, hamma qiyinchilikni bosib o‘tish mumkin», — dedi Shahboz Ashrapov.

Laylo Hayitova suhbatlashdi,

Operator — Fayzullo Rahmatov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring