Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Inhanigina emas, Oksfordni ham ko‘zlashyapti

Inhanigina emas, Oksfordni ham ko‘zlashyapti

Foto: «Xabar.uz»

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi AKTga ixtisoslashtirilgan maktabning bir guruh o‘quvchilari maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Ma’fura Rasulova boshchiligida tahririyatimizda mehmon bo‘lishdi. Muxbirimiz ular bilan suhbatlashdi.

Foto: «Xabar.uz»

Abdulaziz Rixsiboyev, 7-sinf o‘quvchisi:

— Otam Akmaljon Tojiboyev tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi, onam esa tikuvchi. 5-sinfgacha Uchtepa tumanidagi 193-maktabda o‘qiganman. Bir kuni otam meni boshqa maktabga o‘tkazmoqchi ekanligini aytdi. Shunda onam qarshilik qilib, shunday dedi:

— Nima qilasiz issiq joyini sovutib, sinfdoshlaridan ajratib. Buning ustiga aytgan maktabingiz uyimizdan ancha uzoq ekan.

Shunda otam maktabda matematika, fizika fanlari chuqurlashtirilgan holda o‘tilishi, bu fanlarni yaxshi bilgan o‘quvchi istagan oliy ta’lim muassasasiga kira olishi, yaxshi hisobchi har bir korxonaga kerakligi haqida gapirdi. Shu tariqa men maktabimni o‘zgartirdim.

O‘tgan yili esa maktabimiz AKTga ixtisoslashtirildi va bu men uchun ayni muddao bo‘ldi. Yaqinda maktabimizda o‘tkazilgan fizika fani bo‘yicha bilimlar bellashuvida 1-o‘rinni egalladim. Endi tuman, so‘ngra shahar bosqichida qatnashaman. O‘qituvchimiz Hojiboy Matchonovning fikricha, respublikada g‘olib bo‘lishga kuchim yetar ekan.

To‘g‘risini aytsam, barcha fanni birdek o‘zlashtirishga harakat qilaman. Ayniqsa, adabiyotdan doimo besh baho olaman. She’rlar yozaman. Ilk she’riy to‘plamimni «Yurtimning erka farzandiman» deya nomladim. Otamning gaplariga qaraganda, har bir kasb egasi, birinchi navbatda, ona tili va adabiyotni yaxshi bilmog‘i kerak.

Kelgusidagi maqsadim INHAda o‘qish. Bu dargohda bemalol o‘qiy olaman, deb o‘ylayman. Chunki ingliz tilini alohida ishtiyoq bilan o‘rganyapman.

Foto: «Xabar.uz»

Elnur Mavlonov, 5-sinf o‘quvchisi:

— Sirdaryo viloyatida tug‘ilganman. Ota-onam meni buvim va bobomga qoldirib, o‘zlari poytaxtga ishga kelishdi. To‘rt yil Sirdaryodagi maktabda o‘qidim. So‘ngra men ham ota-onam oldiga kelib, onam Zulfiya Mamatova ingliz tili fanidan dars berayotgan maktabda o‘qiy boshladim. Onam mening ingliz tilini puxta o‘rganishim uchun uyda ham shug‘ullantira boshladi. Matematikani esa o‘zim qiziqqanim uchun yaxshi bilardim.

Bir kuni kechqurun otam noutbukda internet xabarlari bilan tanisha turib, bir muhim xabarni tovush chiqarib o‘qib berdi. Unda Toshkentda yangi tashkil etilgan AKTga ixtisoslashtirilgan maktabga qabul e’lon qilingani, imtihonlar Janubiy Koreyaning Toshkentdagi INHA universitetida o‘tkazilishi, imtihon vaqti haqida ma’lumot berilgan edi. Ota-onam baravariga menga qarashdi:

— Imtihonga olib borsak, kuching yetarmikin?

Men dadil turib: — Ha, — dedim. O‘zimga ishonganim yordam berdi – bu yerda o‘qish uchun hujjat topshirgan 190 nafardan ortiq o‘quvchidan 60 nafari o‘qishga kirdi va men ular qatorida bo‘ldim.

Bizning bu yerda yaxshi bilim olishimiz uchun hamma sharoit yaratilgan. O‘ar birimizda alohida kompyuter. To‘g‘ri, o‘qituvchilarimiz qattiq talab qilishadi. Lekin, o‘rgatishadi ham.

Bu yerda o‘qish menga yoqadi. Men kelajakda INHAga o‘qishga kirmoqchiman. Maqsadim yaxshi mutaxassis bo‘lib, odamlar xizmatini qilish.

Foto: «Xabar.uz»

Sarvarbek  Sayfitdinov, 5-sinf o‘quvchisi:

— Otam esimni taniganimdan buyuk bobolarimizning jasorati, yozgan kitoblari, ularning hozirgacha hurmatu e’zozda ekanliklari sababi haqida gapirib beradi va buni unutmasligim, ularday bo‘lishim lozimligini uqtiradi. Bugina emas, savodim chiqqach, ular haqidagi kitobchalarni ham olib keldi. Men bu kitoblarni qiziqish bilan o‘qib chiqdim va ulug‘ bobomiz Mirzo Ulug‘bek kabi astronom bo‘lishga qaror qildim.

Buning uchun Mirzo Ulug‘bek bobomday juda ko‘p kitob o‘qishim, bilim olishim kerakligini bilaman. Shuning uchun ham fanlarni to‘liq o‘zlashtirishga harakat qilaman.

Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 71-maktabda o‘qib yurgan paytimda sinfdoshlarim AKTga ixtisoslashtirilgan maktab ochilgani haqida gapirishdi. Ular bu maktabda matematika va ingliz tili chuqur o‘rgatilishi, qattiqqo‘l va talabchan domlalar dars o‘tishini aytishdi. Surishtirib ko‘rsam, maktab bizga yaqin joylashgan ekan.

Otamga aytdim, agar xohlasang, imtihonlardan o‘ta olsang, albatta, olib boraman, dedi. Men esa imtihonlardan yuqori ball bilan o‘tdim. Haqiqatan ham bu yerda barcha fanlardan o‘ta bilimli ustozlar dars berishadi. Ular bizga vaqtning qadriga yetish kerakligi, maktab davri kasb egallashda katta ahamiyatga ega ekanligi haqida uqtirishadi. Shuning uchun nafaqat maktabda, uyda ham shug‘ullanaman. Otam sovg‘a qilgan noutbukda yozma ishlarimni bajaraman, rasm chizaman, manba qidirib topib, o‘qib-o‘rganaman.

Kelgusida Oksford universitetida o‘qish niyatidaman.

«Xabar» muxbiri Muborak Mirkamolova yozib oldi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring