Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Mohir aloqachi» ko‘krak nishoni va «O‘z kasbining ustasi» belgisi ta’sis etildi

«Mohir aloqachi» ko‘krak nishoni va «O‘z kasbining ustasi» belgisi ta’sis etildi

Vazirlar Mahkamasining «Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida «Mohir aloqachi» ko‘krak nishoni va «O‘z kasbining ustasi» belgisini ta’sis etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

«Mohir aloqachi» ko‘krak nishoni bilan axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini rivojlantirish, elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yaxlit tizimini yaratish, davlat organlari va tashkilotlarining aholi bilan muloqot qilishining yangi mexanizmlarini joriy etish, pochta aloqasi xizmatlari va logistika tizimini modernizatsiya qilish ishlariga katta hissa qo‘shgan, o‘zining bilimi va salohiyati hamda yuqori kasbiy mahorati bilan boshqalarga namuna bo‘lgan, yosh mutaxassis kadrlarni tayyorlash borasida samarali mehnat qilgan hamda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida kamida 15 yil mehnat stajiga ega bo‘lgan fuqarolar taqdirlanadi.

Ko‘krak nishoni bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.

Ko‘krak nishoni har yili 7 may — aloqa sohasi xodimlarining kasb bayrami arafasida O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri (yoki uning topshirig‘iga muvofiq boshqa mas’ul shaxslar) tomonidan tantanali tarzda topshiriladi.

Ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganlarga bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yarim baravari mikdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti yoki esdalik sovg‘alari beriladi.

Bir shaxs ko‘krak nishoni bilan bir marta mukofotlanadi.

«O‘z kasbining ustasi» belgisi bilan axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan muhandis, elektromontyor, kabelchi, pochtachi, antennachi-machtachi, operator, feld’yeger kabi ommaviy kasb egalari o‘zining bilimi va salohiyati hamda yuqori kasbiy mahorati bilan sohani rivojlantirishga qo‘shgan munosib hissasi, yosh mutaxassis kadrlarni tayyorlash borasida samarali mehnatlari uchun taqdirlanadi.

«O‘z kasbining ustasi» belgisi har yili 7 may — aloqa sohasi xodimlarining kasb bayrami arafasida O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri (yoki uning topshirig‘iga muvofiq boshqa mas’ul shaxslar) tomonidan tantanali tarzda topshiriladi.

«O‘z kasbining ustasi» belgisi bilan taqdirlanganlarga bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti yoki esdalik sovg‘alari beriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring