O‘zbekistonda ham sun’iy intellekt loyihalari ustida izlanishlar olib borilyapti

Miroqil Yoriqulov.
Axborot texnologiyalari, turli innovatsion loyihalar haqida so‘z ketsa, ko‘pincha chet el kompaniyalari, xorijlik ixtirochilarni tilga olamiz. Ammo bugun o‘zimizda ham zamon talablariga javob beradigan dasturiy mahsulotlar, qurilmalar ishlab chiqarilyapti va ularning aksariyati izlanuvchan, iqtidorli yoshlarimizning mehnati mahsuli.
Ayni paytda to‘rtinchi bosqichda tahsil olayotgan Miroqil Yoriqulov ham o‘z loyihalari bilan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalari o‘rtasida anchayin tanilib ulgurgan.
— Miroqil, sizni «Qorovul antivirus» deyishar ekan. Shu rostmi?..
— Ha, to‘g‘ri (kulib). Kollej davridan boshlab, ya’ni 2012-yildan «Kelajak ovozi» tanlovida o‘z dasturlarim bilan qatnashganman. Tan olaman, dasturimda nuqsonlar borligi uchun sovrinli o‘rinlardan quruq qolganman. O‘shanda o‘z oldimga katta maqsad qo‘ydim: shunday bir yaxshi dastur ishlab chiqayki, barchaga foydasi tegsin.
Shu bilan 2012-yil aprel oylaridan «Qorovul» antivirusi loyihasiga kirishdim va hozirgacha uning ustida ishlab kelyapman. Shu-shu atrofimdagilar «Qorovul antivirus» deb chaqirishadigan bo‘lishdi. Albatta, bu hazilni to‘g‘ri qabul qilaman.
2013-yili «Qorovul» bilan «Best Soft Challenge»da 5 million so‘m, «Yurt kelajagi» tanlovida noutbuk bilan taqdirlandim. Izlansang, harakat qilsang yangi g‘oyalar, imkoniyatlar paydo bo‘laverarkan. Chunki o‘sha yil sarhisobini qilgan Buxoro viloyati hokimligi ham «Eng yosh dasturchi» nominatsiyasi bo‘yicha menga yana bitta noutbuk sovg‘a qildi. Bu men uchun bayram ustiga bayram bo‘lgandi.
— TATUga nima maqsadda kirgansiz?
— Chunki bu yurtimizdagi axborot texnologiyalari sohasidagi eng yaxshi universitet — o‘qish jarayonida imkoniyatlar ko‘p. Bundan tashqari, Toshkentda aynan shu soha bo‘yicha sharoitlar va muhit yaxshi. Masalan, internet tezligi viloyatlardagidan farq qiladi. Tahsil davrimdagi qiziq bir faktlardan biri shuki, jurnal bo‘yicha beshinchi o‘rinda turardim va shu o‘rnimga mos baho olishga intilardim. TATUga kirganimdan so‘ng robototexnikaga ham qiziqishim ortib ketdi.
— Albatta, hozir ko‘pchilik saboqdoshlaringiz sizning robototexnika sohasida izlanishlar olib borayotganingizdan yaxshi xabardor, boshqa sohalarda ham hech o‘zingizni sinab ko‘rganmisiz?
— Ha, albatta. Birinchi bo‘lib o‘zimni sportda sinab ko‘rdim. Maktab va kollejda taekvondo bilan shug‘ullanganman. Ammo bu jang san’atida o‘zimni kashf qila olmaganman. Orada bir oz vaqt uzilish bo‘lib qoldi. Ammo yana shu sport turi bilan shug‘ullanishni rejalashtirib yuribman...
— Nima deb o‘ylaysiz, har doim ham muvaffaqiyatlar ortida bilim yotadimi yoki iste’dod?
— Muvaffaqiyat birinchi navbatda — urinish. Biror-bir muvaffaqiyatga erishish uchun avval uni boshlash kerak! Muvaffaqiyat zamirida chuqur tajriba va bilim yotadi. Yaratgan har bir insonni o‘ziga xos xislatlar qatori, iste’dod bilan ham siylaydi nazarimda. Faqat uni yuksaltirish, rivojlantirish insonning o‘z qo‘lida.
Ishonamanki, kelajakda bizning antivirusimiz jahonning «Top10»taligidagi antiviruslar bilan bemalol bellasha oladi. Faqat biroz vaqt kerak.
— Chet el safarlarida bo‘ldingiz. Xo‘sh, u yoqlarda axborot texnologiyalari qanday?
— Shu yilning aprel-may oylarida TATU va «Huawei» kompaniyasi hamkorligida «Seeds for the future» loyihasi doirasida biz — TATUdan saralangan 10 nafar talaba Xitoyga sayohat qilib, o‘qish va trening kurslarida qatnashdik, u yerdagi mutaxassislar bilan fikr almashib qaytdik. Eng zamonaviy texnologiyalar bilan tanishdik.
Xitoyda rivojlanish juda ham tez, buni tasavvur qilish ham qiyin. U yerda odamlar juda ko‘p, ishchi kuchi ham shunga yarasha. Har bir loyihani juda qisqa vaqtda amalga oshirish talab qilinadi.
E’tiborimni tortgan jihatlardan biri shuki, Xitoyda svetoforlar va yo‘l belgilari quyosh panellariga ulangan. Bular yordamida svetoforlar, yo‘l belgilari kunduzi quvvatlanadi, kechasi yoritadi. Bundan tashqari, onlayn to‘lov tizimlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ular yordamida yo‘lovchi transportlarga ham to‘lovni amalga oshirsa bo‘ladi.
— Bizda-chi?
— Mamlakatimizda hozirda AKT rivojlanish bosqichida, fikrimcha bu jarayon yaxshi davom etyapti. Hamma innovatsiyalarni birdan joriy qilib bo‘lmaydi. Bosqichma-bosqich amalga oshirilsa, biz ham ko‘plab rivojlangan davlatlar singari jahon AKT bozorida o‘z o‘rnimizga ega bo‘lib boramiz. Eng katta muammolarimizdan biri AKT sohasidagi yetuk kadrlar yetishmasligi deb bilaman. Bizda ham AQSh, Xitoy, Janubiy Koreya, Ukraina, Belarus, Hindiston kabi davlatlardagi singari yaxshi kadrlar yetishib chiqsa, o‘ylaymanki, yurtimizda AKT sohasi ancha ilg‘or pog‘onalarga chiqadi.
— O‘qish jarayonining qancha qismi laboratoriyada o‘tadi?
— Birinchi bosqichda o‘qib yurgan chog‘larim 5-6 soat bo‘lsa, hozir, bilmadim, kunimning asosiy qismi laboratoriyada o‘tyapti, desam mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Sababi, bitiruvchi bosqichdamiz, qiladigan ishlarimiz ko‘p. Laboratoriyada ertalabgacha ishlab chiqqan paytlarimiz ham bo‘lgan. Shu vaqt mobaynida universitetimizdagi talabalikka qabul tizimini biometrik ma’lumotlar orqali amalga oshirishni uddaladik (albatta, bunda ustozlarimning mehnatlari beqiyos). To‘g‘ri, bu loyihaga ko‘p vaqt sarflandi. Ammo qisqa vaqt ichida mukammal loyihani ishlab chiqish ham juda mushkul.
— Qanday loyihalar bilan bandsiz?
— Hozir asosan, sun’iy intellekt loyihasi asosida ish olib boryapman. Sun’iy intellektlar ob’yektni tanib olishlari uchun katta hisob-kitoblar asosida tashkil etilgan matematik modullar kerak emas. U shunchaki yuz tuzilishini kerakli neyronlar orqali tanib oladi. Umuman, sun’iy intellekt loyihalarini chuqur o‘rganish va amalda ob’yektni tashqi shaklidan tanib olish bo‘yicha ishlarga qiziqishim tobora ortib boryapti.
— Kelgusi rejalaringiz qanday?
— Avvalo, universitetni a’lo baholar bilan tamomlash. Keyin esa yurtimiz va jahondagi eng kuchli antivirus dasturlaridan birini yaratish. Ishonamanki, kelajakda bizning antivirusimiz jahonning «Top10»taligidagi antiviruslar bilan bemalol bellasha oladi. Faqat biroz vaqt kerak. Buyog‘i endi tinimsiz izlanish va mehnatga bog‘liq.
PS: Izlanishdan charchamaydigan Miroqil Yoriqulov o‘z jamoasi bilan yaqinda bo‘lib o‘tgan «Best Soft Challenge 2017» tanlovida ham birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter