Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda o‘zbek-xitoy ilmiy-texnologik parki ochildi

Toshkentda o‘zbek-xitoy ilmiy-texnologik parki ochildi

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmati

Jahon Fanlar akademiyasi (Triest, Italiya) va Xitoy Xalq Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Bay Chunli boshchiligidagi Xitoy ilmiy-tekshirish muassasalari rahbarlaridan iborat o‘n kishilik delegatsiya 23 noyabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligiga tashrif buyurdi. Delegatsiyani O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov va vazirlikning mas’ul xodimlari qabul qildilar. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

Shu kuni Poytaxtimizning Yunusobod tumanida o‘zbek-xitoy ilmiy-texnologik parkining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Vazirlik faoliyati bilan tanishgan mehmonlar hozirda Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik yuqori darajada ekanini ta’kidlab, ilmiy-tadqiqot sohasini ham birgalikda rivojlantirish bugungi kun talabi ekanligini aytdilar.

Yuzdan oshiq ilmiy-tadqiqot muassasalarini o‘z ichiga olgan Xitoy Fanlar akademiyasi yuqori texnologiyalar, innovatsiyalarni iqtisodga joriy etish bo‘yicha yetakchi tashkilot hisoblanadi. Uning boshqa mamlakatlarning Fanlar akademiyalaridan farqli jihati shundaki, u nafaqat ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanadi, balki uning qoshidagi uchta yirik universitet turli yo‘nalishlar bo‘yicha magistrantlar va doktorantlarga ta’lim berish bilan ham shug‘ullanadi.

Bugungi kunda bu universitetlarda xorijlik talabalar, yosh ilmiy xodimlar uchun maxsus stipendiyalar joriy qilingan bo‘lib, ayni paytda bu o‘quv muassasalarida 20 nafardan ortiq o‘zbekistonliklar ta’lim olib kelmoqda. Innovatsion rivojlanish vazirligi yurtdoshlarimizning mazkur dasturlar bo‘yicha o‘qishlari uchun yanada kengroq sharoitlar yaratish zarurligi haqida takliflarni ishlab chiqish mumkinligini aytib, bugungi kunga kelib taxminan shuncha yosh olim vazirlik qoshidagi Jamg‘arma hisobidan turli mamlakatlar universitetlarida ta’lim olib qaytganlari haqida gapirdi. Tomonlar ta’limning bu yo‘nalishini rivojlantirish borasida hamkorlikda ishlar amalga oshirish, birgalikda grantlar e’lon qilish, xitoy ilmiy-tadqiqot muassasalarining filiallarini ochish mumkinligini aytdilar.

Xitoylik olimlar global iqlim isishi va qurg‘oqchilik bo‘yicha ilmiy izlanishlar asosida qator amaliy ishlarni amalga oshirayotganlarini inobatga olib, Orolbo‘yi hududida yuzaga kelgan jiddiy muammolarni bartaraf etishga hissasini qo‘sha oladigan malakali ilmiy kadrlar tayyorlash masalalarini ko‘rib chiqish lozimligi muhokama qilindi. Jumladan, qurg‘oqchilik va sho‘ralagan tuproq sharoitida o‘sib unadigan, hosil beradigan o‘simliklar urug‘larini yetishtirish masalasi dolzarbligi ham alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston va Xitoy urug‘chilik tajribalari bilan almashinish zarurligi ta’kidlandi.

Professor Bay Chunli noyabr oyining boshlarida Ilmiy-texnikaviy rivojlanishni qo‘llab quvvatlovchi xalqaro ittifoq tuzilganini va unga 9 mamlakat Fanlar akademiyalari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi ham kirganini aytib, mazkur platformada ko‘plab sermahsul ilmiy izlanishlar qilish, yosh olimlarni tayyorlash mumkinligini aytdi. Bundan tashqari «Bir makon – bir yo‘l» iqtisodiy rivojlanish strategiyasi va Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida innovatsion loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari kengligi bois ikki davlatlarning ilmiy-tadqiqot muassasalari oldilariga aniq, jamiyat va xalq uchun foydali maqsadlarni qo‘yib, hamkorlikni yanada kuchaytirishlari lozimligi qayd etildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring