Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«uMail.uz» elektron pochtasining to‘laqonli ishlashiga nima to‘sqinlik qilmoqda?

«uMail.uz» elektron pochtasining to‘laqonli ishlashiga nima to‘sqinlik qilmoqda?

«uMail.uz» elektron pochta tizimi

Foto: «Xabar.uz»

Ishga tushirilganiga yaqinda besh yil to‘ladigan «uMail.uz»  elektron pochta xizmatida bugungi kunga kelib yarim milliondan ortiq pochta qutilari ochilgan. Demak, har kuni minglab kishilar bu pochta xizmatidan foydalanib kelishadi.

So‘nggi vaqtlarda ushbu pochta tizimida texnik muammolar yuzaga kela boshladi. Bu esa haqli ravishda foydalanuvchilar e’tirozlarini keltirib chiqarmoqda. «Xabar.uz»ga ham bu borada murojaatlar bo‘ldi. Aniqlik kiritish maqsadida UZINFOCOM yagona integratoriga bog‘landik va quyidagi javobni oldik:

«uMail.uz»  pochtasi barcha foydalanuvchilarga qulay interfeysga ega bo‘lgan, spam va viruslardan ishonchli himoyalangan elektron pochta qutisini taklif qilib kelmoqda. Xizmatdan veb-interfeys va kompyuterda pochta mijozi sifatida foydalanish mumkin.  

«uMail.uz»  elektron pochta tizimi 2013-yilning 15-mayida ishga tushirilib, 2017-yilning may oyida uning dasturiy ta’minoti qayta ishlab chiqildi va yangi ko‘rinishdagi pochta xizmati yo‘lga qo‘yildi.

«uMail.uz»  pochta tizimining may oyida yangi ko‘rinishi ishga tushgan bo‘lsa-da, ba’zi sabablar tufayli pochta xizmatining muqobil ishlashida muammolar vujudga kela boshladi. Bunga sabab quyidagicha:

Foydalanuvchilar — pochta xizmati har bir foydalanuvchiga 3 GB miqdorda ma’lumotlarni saqlash imkonini beruvchi qutilarni ajratib bergan. Hozirgi kunda pochta xizmatidan foydalanuvchilar soni 550 ming nafardan oshgan. Har bir foydalanuvchi pochta xizmatining maktubga fayllarni bog‘lab yuborish xizmati bilan birga, pochta qutisidan «Bulutli saqlagich» sifatida foydalanadi.

Serverga murojaat — pochta xizmatidan foydalanuvchilar soni ortib borgani sari tarmoqqa bo‘layotgan «fayl-server» murojaatlar soni ham ortib boradi. Murojaatlar soni oshgani sababli serverning ma’lumotlarni qayta ishlashga javob beruvchi disklari murojaatlar va kelib tushayotgan ma’lumotlarni qayta ishlashida muammolar vujudga kelmoqda.

Fayl-server (File-server) — lokal tarmoqni tashkillashtirishning bir arxitekturasi bo‘lib, umumiy resurslarni (fayllarni) saqlash, boshqarish, himoya qilish va ulardan foydalanishga ruxsat berish server zimmasiga yuklatiladi.

Muammoning yechimi nimalarga bog‘liq?

«uMail.uz»  pochta tizimidan foydalanuvchilar soni ortib, ommalashib borayotgani va xizmatdan foydalanishga bo‘lgan ehtiyoj yuqoriligi, shuningdek, pochta xizmati uzilishlarsiz ishlashi uchun texnik ta’minotni yangilash va qurilmalarning texnik ko‘rsatkichlarini oshirish vaqti kelganidan darak beradi. Mazkur muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan.

Hozirda «uMail.uz» pochta tizimini modernizatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha texnik choralarni amalga oshirish tadbirlari boshlangan bo‘lib, tez kunlarda pochta xizmati uzluksiz, muqobil ishlashi ta’minlanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring