Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yadro texnologiyalari  radioaktiv chiqindilarni kamaytirishga  qodir

Yadro texnologiyalari  radioaktiv chiqindilarni kamaytirishga  qodir

Yadro texnologiyalari dunyoda toza suv va oziq-ovqat tanqisligi muammosini hal qila oladimi? Qanday atom yechimlari nafaqat ertaga, balki o‘n va hatto yuzlab yillarda ham kundalik hayotda qulaylikni kafolatlaydi? 

Kuni kecha Sochida o‘tkazilayotgan «Atomexpo-2024» 13-xalqaro forumi doirasida «IV avlod yadro texnologiyalari: allaqachon haqiqatga aylandi» mavzusi muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Ishtirokchilar yopiq yadro yoqilg‘isi aylanishi energiya tizimining ajralmas qismi sifatida IV avlod reaktor texnologiyalarini rivojlantirishning hozirgi bosqichini muhokama qildilar. Muhokama davomida eksport salohiyati va xalqaro bozorning istiqbolli texnologiyalarga bo‘lgan talablari tahlil qilindi.

Yadro texnologiyalari, birinchi navbatda, xavfsizlikning yangi darajasi, yoqilg‘i diapazonining kengayishi va radioaktiv chiqindilarning sezilarli kamayishi hisobiga atom energetikasi sanoatini tubdan o‘zgartirishga qodir. Rossiya — IV avlod texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha yetakchilardan biridir.

MAGATE prognoziga ko‘ra, yadro ishlab chiqarish 2050-yilga borib 2,5 baravar ko‘payadi, ammo bu global energiya balansida 9 foizni tashkil qiladi. 

«Yevropada elektrga bo‘lgan talab 2030-yilga borib 50 foiz oshadi. Savol tug‘iladi: qanday qilib biz bu ehtiyojni arzon, ishonchli, xavfsiz va atrof-muhitga zarar yetkazmasdan ta’minlay olamiz. Faqat bitta javob bor — atom energiyasi orqali. Vengriya bunga misol. Yevropa va Rossiya o‘rtasidagi yadroviy hamkorliksiz biz raqobatbardoshligimizga yana bir zarba beramiz. Biz barqaror rivojlanish maqsadlariga erisha olmaymiz», — dedi Vengriya tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vaziri Piter Siyyarto.

Xalqaro forumda ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik ekspert, «Mano» tadqiqot tashabbuslari direktori Baxtiyor Ergashev bu haqda o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi:

«Bu forumda to‘rtinchi marta ishtirok etishim. Bundan oldingi tardbirlarda atom energiyasi kerakmi-yo‘qmi, degan savollar ustida qizg‘in bahs-munozaralar olib borilardi. Bu yil esa ushbu savolga javob izlanmadi, balki barcha mamlakat ekspertlari bu sohaning kelajagi borligiga vaqt o‘tgan sayin ishonch hosil qilmoqda. Masalan, Yaponiya o‘zining atom stansiyalarini qayta ochishni mo‘ljallayapti. Ushbu IV avlod yadro texnologiyalarining afzal jihati — ishlatib bo‘lingan yadro yoqilg‘isi AES uchun yangi yadro yoqilg‘isi sifatida qaytadan ishlatiladi. Jahon energetikasi istiqboli uchun esa bu juda muhim. Chunki yangi turdagi yoqilg‘ining sanoat miqyosida qo‘llanilishi kelajakda ishlatib bo‘lingan yadro yoqilg‘isidan qayta foydalanish va uran xom ashyosi qazib olinishini qisqartirish imkonini beradi».

Darvoqe, turli mintaqalarda ekologik muammolar jiddiy tus olayotgani sir emas. Atom energetikasi esa «yashil» energetikaning uzviy qismiga aylanishi kutilmoqda. Ya’ni «yashil» texnologiyalarni rivojlantirish, xavfsiz va samarali energiya manbalarini joriy etish har bir mamlakat taraqqiyoti uchun muhim ekanligi borgan sari oydinlashmoqda.

Yangi to‘rtinchi avlod yadro texnologiyalari imkoniyatlaridan hozirgi kunda nafaqat energetika, sanoat, ekologiya, logistika, raqamlashtirish, sog‘liqni saqlash sohalarida ham foydalanilyapti.

Barno Sultonova,
Sochi, Rossiya

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring