Yuz yillik jumboqqa javobni talaba topdi

Nega suyuqlik to‘la trubkada havo pufakchalari tepaga ko‘tarilmaydi? Bu jumboq qariyb bir asrdan beri olimlarning boshini qotirib kelayotgandi, deb yozadi «Neue Züricher Zeitung».
Shuncha olim topolmagan yechimni kutilmaganda oddiy talaba — Lozanna (Shveysariya) federal politexnika universiteti bakalavri Vasim Dovadi taklif etdi. U suyuqlikka to‘la tor vertikal trubada havo pufakchalari, masalan, gazli suv shishasini ochganda sodir bo‘ladigandek tepaga ko‘tarilmasdan, aksincha harakatsiz qolishi sababini aniqladi.
Shu tobgacha havo pufakchalarining harakatlanmasligiga ularning trubaga yopishib qolishi sabab qilib ko‘rsatib kelingan. Ammo bunday emas ekan. Hosil bo‘lgan havo pufakchalari harakatlanadi, ammo shunchalik sekinki, buni oddiy ko‘zda ilg‘ash aslo mumkinmas.
Qator qurilmalardan foydalangan Vasim arang ko‘rinuvchi harakatlanishni, qolaversa, pufakcha va suyuqlik o‘rtasida o‘ta yupqa qatlamni ko‘ra oldi. Aynan o‘sha qatlamning xususiyatlari havo tepaga ko‘tarilish-ko‘tarilmasligiga ta’sirini o‘tkazadi.
Bu qatlamning qalinligi millimetrning milliondan bir ulushiga teng bo‘lib, faqat yorug‘lik nurlari yordamidagina uni o‘rganish mumkin bo‘ldi. Trubkaning ichki yuzasi hamda pufakchaning yuzasidan qaytgan nurlar interferensiyasi (intensivlikning qayta taqsimlanishi)ni tahlil qilgan tadqiqotchilar pufakcha va truba o‘rtasidagi suyuqlik qatlamini o‘ta aniqlikda o‘lchay olishdi.
Ushbu ilmiy ish natijalari kelgusida suyuqliklarning nanoo‘lchamlarda harkatlanishini o‘rganishda qo‘llanilishi aytilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter