Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Amitabh Bachchan hayotidagi eng dahshatli kun

Amitabh Bachchan hayotidagi eng dahshatli kun

foto: internet, ochiq manba

1982-yilning 26 iyulida olingan ushbu surat hind kinosi afsonasi Amitabh Bachchan hayotidagi eng dahshatli voqeadan bir necha lahza avval tasvirga tushirilgan. U bu kunni hayotidan butunlay o‘chirib tashlashni istardi. Biroq hayotning ajabtovur qonuniyati bor: ba’zan eng og‘ir sinovlar insonga yangi hayot baxsh etadi. Ko‘pchilikning ta’kidlashicha, aynan shu voqeadan so‘ng Amitabh Bachchan go‘yo ikkinchi marta tug‘ilgan...

Bu baxtsiz hodisa hind kinosi tarixidagi eng mashhur va eng xavfli suratga olish jarayonlaridan biri sifatida yodda qolgan. Gap “Hammol” (“Kuli”) filmini tasvirga olish ishlari vaqtida sodir bo‘lgan falokat haqida ketmoqda.

O‘sha kuni Bangalor universiteti shaharchasida Amitabh Bachchan va Punit Issar ishtirokida olishuv sahnasi suratga olinayotgandi. Ssenariyga ko‘ra, Punit Issar Amitabhga musht tushirishi va u orqaga yiqilib, temir stol ustiga tushishi kerak edi. Biroq kutilmagan holat yuz berdi. Punit zarba bergan paytda Amitabh beixtiyor o‘zini himoya qilish uchun bir qadam oldinga siljidi. Natijada harakatlar muvofiqligi buzildi va u katta tezlikda stolning o‘tkir chet qismiga qorni bilan urildi. Zarba shu qadar kuchli bo‘ldiki, kinoyulduzning ichagi yorilib ketdi.

Jarohat olganiga qaramay, Amitabh sahnani oxirigacha o‘ynab berdi va kadr muvaffaqiyatli yakunlandi. Dastlab hech kim jarohatning qanchalik og‘ir ekanini anglamadi. Hatto Punit Issar ham buni oddiy shikastlanish deb o‘yladi. Suratga olish tugagach, Amitabh hamkasblarining olqishlarini qabul qildi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay, kuchli og‘riq ta’sirida maysazorga yiqilib tushdi.

Bachchanni shoshilinch ravishda shifoxonaga olib ketishdi. Ahvoli tobora og‘irlashgach, maxsus samolyotda Mumbaydagi “Breach Candy Hospitalga yetkazildi. U yerda Amitabh murakkab jarrohlik amaliyotini boshdan kechirdi va bir muddat komaga tushib qoldi.

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, shifokorlar hatto Bachchanning yashab ketishiga umid qolmagan deb hisoblashgan. Butun Hindistonda ibodatxonalar, masjidlar, cherkovlar va gurdvaralarda uning sog‘ayishi uchun duolar qilindi. Gazetalar har kuni aktyorning ahvoli haqida xabar berib turdi. U bir necha oy davomida shifoxonada hayot va o‘lim orasida kurashdi.

Bachchanni saqlab qolish maqsadida adrenalin to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuragiga yuborilgan va shundan keyingina yurak urishi qayta tiklangan.

Fojia sodir bo‘lganida Punit Issar hali mashhur aktyor emasdi. Uning faoliyati endigina boshlanayotgan edi. Ammo hodisadan keyin vaziyat keskin o‘zgardi.
Amitabh ayblamasa ham, jamoatchilik va kinoindustriyaning bir qismi unga boshqacha munosabatda bo‘ldi. Ko‘plab prodyusserlar va rejissyorlar Issarni filmlarga chaqirmay qo‘yishdi. Ayrim loyihalardan, hatto shartnoma imzolanganidan keyin ham chiqarib yuborildi.

Punit Issar bu yillarni hayotidagi eng og‘ir davr deb atagan. O‘zining aytishicha, odamlar uni ko‘rganida «Bachchanni o‘ldirishiga sal qolgan odam» sifatida qabul qilishardi. Ko‘pchilik Punit Issarni voqeaning aybdori sifatida ko‘ra boshladi. Natijada u bir nechta filmdan chetlatildi va qariyb olti yil davomida ishsiz qoldi.

Nihoyat, uzoq davolanishdan keyin Amitabh Bachchan hayotga qaytdi. Halokatli jarohat uning hayotini butunlay o‘zgartirib yuborgan edi. Keyinchalik bir necha intervyularida aynan shu voqeadan keyin hayotga bo‘lgan qarashi o‘zgarganini aytgan. U o‘zini «ikkinchi hayotni yashab yurgan inson» deb atadi. Bachchanning fikricha, shifokorlar va muxlislarning muhabbati uni o‘limdan qaytargan. Hatto “Hammol” ekranlarga chiqqan paytda rejissyorlar tomonidan maxsus yozuv kiritilgan.

Filmda Amitabh jarohat olgan sahna “muzlatilgan” kadr orqali alohida ko‘rsatilib, tomoshabinlarga aynan shu yerda baxtsiz hodisa sodir bo‘lgani ma’lum qilingan. Bu jahon kinosi tarixida kam uchraydigan holatlardan biri hisoblanadi.

Bir tomonda o‘lim yoqasidan qaytgan superyulduz, ikkinchi tomonda esa nohaq ayblangan yosh aktyor bor edi. Vaqt esa ikkalasining ham hayotini yangi o‘zanga burib yubordi.

Eng olijanob jihati shundaki, Bachchan sog‘aygach, Punit Issarni shaxsan himoya qildi. Ommaviy axborot vositalariga bergan intervyularida bu voqea oddiy baxtsiz hodisa ekani, Punitning hech qanday aybi yo‘qligini qayta-qayta ta’kidladi. Hatto bir kuni Punit Issarni shifoxona darvozasigacha kuzatib chiqib, yig‘ilgan odamlarga ular o‘rtasida hech qanday adovat yo‘qligini ko‘rsatdi.

Keyinchalik Punit Issar u mashhur rejissyor B.R.Chopra tomonidan yaratilgan “Mahobhorat” teleserialida Duryodhana obrazini mohirona ijro etib, hind televideniyesining eng yorqin qahramonlaridan biriga aylandi. Issarning aytishicha, agar Bachchan ochiqchasiga himoya qilmaganida uning karerasi butunlay tugagan bo‘lardi. Ko‘pchilik uni hozir ham Duryodhana obrazi bilan tilga oladi.

Akbar Fathullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring