Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anqarada NATO sammiti boshlandi

Anqarada NATO sammiti boshlandi

Turkiya poytaxti Anqara shahrida NATOning ikki kunlik sammiti boshlandi. Anjumanga NATOga a’zo 32 davlat rahbarlari, shuningdek, Ukraina, Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya, Yangi Zelandiya va Yevropa Ittifoqi vakillari taklif etilgan. Sammitning ochilishi munosabati bilan Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an prezident saroyida ishtirokchilar sharafiga rasmiy kechki qabul uyushtirdi.

Sammitning asosiy ishchi yig‘ilishlari bugun, 8 iyul kuni bo‘lib o‘tmoqda. Unda Ukrainaga harbiy yordamni davom ettirish, Yevropaning mudofaa qobiliyatini kuchaytirish hamda NATO mamlakatlari o‘rtasida mudofaa xarajatlarini oshirish masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilgan. Shuningdek, alyansning keyingi yillar uchun ustuvor vazifalari belgilab olinadi.

NATO bosh kotibi Mark Ryuttening ta’kidlashicha, so‘nggi 18 oy davomida Yevropa davlatlari va Kanada mudofaa hamda xavfsizlik sohasiga ajratilayotgan mablag‘larni sezilarli darajada oshirgan. Hozirda ularning mudofaa xarajatlari yalpi ichki mahsulotning qariyb 4 foiziga yetgan.

Sammitdagi asosiy masalalardan yana biri AQShning NATO oldidagi majburiyatlari bo‘lib qolmoqda. AQSh Prezidenti Donald Tramp Anqaraga kelgach, ayrim Yevropa davlatlarini Eronga qarshi operatsiyalarda Vashingtonni qo‘llab-quvvatlamagani uchun tanqid qildi hamda NATO faoliyatidan «juda hafsalasi pir bo‘lganini» aytdi. Shu bilan birga, u Yevropa davlatlari mudofaa sohasiga ko‘proq mablag‘ ajratishi lozimligini yana bir bor ta’kidladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring