«Bu – provokatsiya!» Turkiya rahbariyati Yevroittifoq sanksiyasi borasida keskin bayonot berdi

Prezident Erdo‘g‘on rasmiy Bryusselga Anqaraga berilgan va’dalarni eslatdi.
Yevropa ittifoqi yetakchilari Turkiyaning ayrim fuqarolariga joriy etilgan sanksiya ro‘yxatini kengaytirish haqida qaror qabul qilgan edi. Bryussel bunga Turkiya tomonidan Sharqiy O‘rtayer havzasida gaz konlarini qidirish maqsadida burg‘ulash-razvedka faoliyati olib borilayotganini sabab qilib ko‘rsatgan.
YeIning sanksiyasi Turkiya rahbariyati tomonidan keskin tanqid ila kutib olindi. Xususan, prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Sharqiy O‘rtayer dengizidagi qidiruv-razvedka faoliyati xalqaro huquq me’yorlari doirasida olib borilayotganini ta’kidladi va rasmiy Bryusselga sanksiyalar o‘rniga Anqaraga berilgan va’dalarni bajarishni tavsiya etdi.
«Turkiyaning pozitsiyasi haqqoniydir. Anqara o‘ziga tegishli huquqni talab qilmoqda, xolos. Xususan, bugun YI zimmasida Turkiya oldida bajarilmagan ko‘plab majburiyatlar turibdi. Bu o‘rinda gap, jumladan, viza rejimini soddalashtirish hamda Bojxona ittifoqi haqida ketmoqda. Ushbu masalalar qisqa muddatda hal etiladi degan umiddaman», – degan Turkiya prezidenti.
Gap shundaki, Turkiya Sharqiy O‘rtayer dengizi havzasida geologik razvedka faoliyatini olib bormoqda. Gretsiya bunga e’tiroz bildirmoqda. Rasmiy Anqara esa barchasi xalqaro huquq me’yorlari doirasida ekanini ta’kidlamoqda.
Turkiya tashqi ishlar vazirligi ham YI tomonidan qabul qilingan qarorni xalqaro huquqqa zid atagan.
Bayonotga ko‘ra, YI a’zosi bo‘lgan ayrim mamlakatlar adolatsiz talablar bilan Anqara hamda Bryussel munosabatlarini boshi berk ko‘chaga olib kirmoqda. Bu esa nafaqat Turkiya va YI umumiy manfaatlariga, shuningdek, mintaqadagi barqarorlik va xavfsizlikka ham zarar yetkazishi tayin.
YI yetakchilari sammitida qabul qilingan qaror Bryussel Kiprning faqat yunon jamoasi manfaatini himoya qilib, orolda yashovchi turklar irodasi va manfaatini hisobga olmayotganini ko‘rsatdi, deb hisoblaydi Turkiya TIV.
Ta’kidlanishicha, Gretsiyaning provokatsion qadamlariga qaramay, Turkiya mintaqaviy barqarorlik uchun hech bir shartlarsiz muzokaralar o‘tkazishga shayligini bildirib kelmoqda.

Turkiya mas’ullariga ko‘ra, mamlakatning Oruç Reis kemasi Sharqiy O‘rtayer dengizining BMT ruxsat bergan hududlarida geologik tadqiqot olib bormoqda. Foto: «AP»
Turkiya mudofaa vaziri Hulusi Akar ham «Hürriyet» nashrida chop etilgan maqolasida bu borada o‘z mulohazalari bilan bo‘lishdi.
Vazirga ko‘ra, Sharqiy O‘rtayer dengizidagi ziddiyat faqat sog‘lom tafakkurga asoslangan muloqot va muzokara yo‘li bilangina hal etilishi mumkin.
«Bizning maqsadimiz hamisha murakkab masalalarni o‘zaro manfaat va adolat tamoyiliga tayangan holda, hamkorlik va muzokaralar yo‘l bilan hal etishdan iboratdir. YI tomonidan Turkiyaga qarshi sanksiya joriy etish yoki muzokaralar oldidan turli shartlar qo‘yish orqali provokatsiya qilish esa samarasiz yo‘l sanaladi», – deb yozadi H.Akar.
Avval xabar berganimizdek, Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li ham rasmiy Anqaraning xalqaro huquq me’yorlarida mustahkamlangan ochiq dengizlar hamda o‘z dengiz zonalariga kirishi va tasarruf etishiga hech kim to‘sqinlik qila olmasligini ta’kidlagan edi.
«Mintaqadagi eng uzun sohilbo‘yiga, ortib borayotgan aholiga, ishlab chiqarish quvvati va energiya talabiga ega bo‘lgan Turkiya kabi mamlakatni uning atrofidagi boyliklardan mahrum etishga urinishlar haqiqatdan yiroqdir... Shu sababli Turkiya o‘zining asosiy manfaatlariga zarar yetkazishga urinishlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun albatta qat’iy pozitsiyani egallaydi», – degan edi M.Chovusho‘g‘li.
C.Salim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter