Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Germaniya yashil energiya bo‘yicha rekord qayd etdi

Germaniya yashil energiya bo‘yicha rekord qayd etdi

Fotoga izoh: Shimoliy Reyn-Vestfaliyadagi shamol generatorlari.

Foto: dpa

2022-yilda Germaniya yashil elektr energiya bo‘yicha rekord natija qayd etdi. Energetika va suv xo‘jaligi federal ittifoqi (BDEW) xabariga ko‘ra, joriy yilda mamlakatda yashil elektr energiya ulushi 47 foizga yetgan. 2021-yilda bu ko‘rsatkich 42 foizni tashkil qilgan edi.

Ayni choqda, energetikada ko‘mir ulushi 28,3 foizdan 31,9 foizga oshgan. Energiya bozoriga ko‘mirda ishlaydigan stansiyalarning qaytishi gaz sarfini tejash ehtiyoji bilan izohlanadi. Qolaversa, 2021-yil yakunida mamlakatdagi atom elektr stansiyalari ham tasarrufdan chiqarilgan.

Yil davomida energetika sanoatida atmosferaga karbonat angidrid chiqishi oshgan. Shunga ko‘ra BDEW ijroiya kengashi raisi Kerstin Andree atrof-muhitni muhofaza etish bo‘yicha ustuvor maqsadlarni amalga oshirish uchun jadal harakat qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini ko‘paytirishga undagan.

Germaniyada joriy yilda tabiiy gaz sarfi kamaygan. Bunga Rossiyaning gaz yetkazishni tovlamachilik quroliga aylantirgani va tejash siyosati sabab bo‘lgan.

Reuters agentligiga ko‘ra, joriy yilning 6 oyida Germaniyada qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushi 49 foizni tashkil qilgan edi. Hisob-kitob jarayonida energiya ishlab chiqarish emas, balki uning amaldagi sarfi inobatga olingan. 

Olmon o‘lkasi iqlim o‘zgarishi salbiy oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur amalga oshirmoqda. Iqlim muhofazasiga doir federal qonunga muvofiq, 2030-yilda atmosferaga zaharli gazlar chiqarish ko‘rsatkichini 1990-yilga qaraganda 65 foizga kamaytirish ko‘zda tutilgan. 2045-yilga borib esa Yevropa lokomotivi deya ta’riflanadigan Germaniyada iqlim betarafligiga erishish, ya’ni zaharli gazlar miqdorini eng quyi ko‘rsatkichga tushirish rejalashtirilgan.

2021-yilda o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovga ko‘ra, Germaniyadagi 92 foiz xo‘jalik neft, ko‘mir, gaz kabi qazilma yoqilg‘ilardan voz kechib, muqobil energiya manbalariga o‘tishni yoqlagan. 27 foiz oila kamida biror xil yashil energiya manbasidan foydalanishini ma’lum qilgan.

Mamlakatda muqobil energiyaga o‘tishni jadallashtirish maqsadida 2021-yil yanvar oyidan dizel, benzin, mazut va tabiiy gaz yonishidan hosil bo‘lgan zaharli gaz uchun 25 yevro to‘lov joriy etilgan edi. Iqlim o‘zgarishi asoratlarini kamaytirish maqsadida qazilma yoqilg‘ilar uchun o‘ziga xos soliq 2025-yilda 55 yevroga qadar oshiriladi.

Mamlakat bo‘ylab muqobil manbalar, xususan, shamol va quyosh energiyasidan foydalanish uchun ko‘p milliardlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Masalan, 2019-yilda Ryugen oroli yaqinida, Boltiq dengizi bo‘yida «Arkona» shamol energiyasi parki ochilgan. Bu yerda o‘rnatilgan 175 metrli 60 ta trubina 400 ming xo‘jalikni energiya bilan ta’minlash quvvatiga ega.  Shimoliy va Boltiq dengizlaridagi bu kabi generatorlar qariyb 360 kun davomida energiya berishi bilan qimmatlidir.

Berlin hukumati imtiyoz va moliyaviy ko‘mak orqali ham yashil energetikani rivojlantirishga harakat qilmoqda.

Qayd etish joizki, olmon o‘lkasi muqobil energiya borasida O‘zbekiston bilan ham hamkorlik qilmoqda. Jumladan, Toshkent shahridagi 4 ta issiqlik stansiyalarini Germaniyaning muqobil energiya bo‘yicha yetakchi shirkatlaridan biri – SIEMENS AG bilan hamkorlikda zamon talablari asosida yangilash rejalashtirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring