Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jurnalist prezident Baydenni tilidan ilintirdi. Tramp ustalik bilan chap bergan edi

Jurnalist prezident Baydenni tilidan ilintirdi. Tramp ustalik bilan chap bergan edi

Foto: "Google Images”

AQSh prezidenti Jo Bayden ABC telekompaniyasiga bergan intervyusida Rossiya yetakchisi Vladimir Putinni qotil deb atagani rasmiy Moskvani darg‘azab qildi.  Jurnalist Jorj Stefanopolusning «Ciz Putinni qotil deb hisoblaysizmi?» degan savoliga Bayden biroz taradduddan keyin ha deya javob qaytardi.

Kecha xabar berganimizdek, Vladimir Putin Oq uy sohibining keskin aybloviga tagdor kinoya bilan javob berishga ham ulgurdi.

Aslida, «Putinning qotil ekani» masalasi AQShdan ko‘pdan buyon muhokama etilmoqda. Sobiq prezident Donald Tramp ushbu masalada jurnalistlar tomonidan uch marta savolga tutilgan va har gal mushkul vaziyatdan chiqib ketishning yo‘lini topgan.

Birinchi marta MSNBC telekanali boshlovchisi Jo Skarboro Putin jurnalistlar va muxoliflarini o‘ldirayotgani masalasida munosabat so‘ragan. Milliarder prezident mavzuni boshqa o‘zanga burib, Putin o‘z mamlakatini idora etayotgan yetakchi ekanini qayd etish bilan cheklangan.

Ikkinchi bor AVS vakili Jorj Stefanopulos (ha, bu o‘sha – kuni kecha Baydenni tilidan ilintirgan jurnalist. Darvoqe, u o‘z vaqtida prezident Bill Klintonning matbuot kotibi vazifasida ishlagan) Trampga ayni shu mazmundagi savol bilan murojaat qilgan. Prezident esa «Odam o‘ldirgan deysizmi? Men bunday holatga guvoh bo‘lmadim» deya javob qaytargan.

Shuningdek, Fox telekanali boshlovchisi Bill O‘Rayli ham Rossiya rahbarini qotillikda ayblab, bu borada Trampning nuqtai nazarini bilishga uringan.

«Umuman olganda, qotillar talaygina. O‘zimizda ham (AQSh nazarda tutilmoqda – tahr.) kallakesarlar ko‘plab topiladi. Nima, siz bizning mamlakatimiz begunoh-ma’sum deb o‘ylaysizmi?» deb savolga savol bilan javob qaytargan Tramp.

Oq uyning Bayden hamda Trampdan avvalgi sohiblari ham Kremldagi hamkasblari borasida keskin fikrlar aytgani ma’lum. Qo‘shma Shtatlarga 2008-2016-yillarda rahbarlik qilgan Barak Obama Rossiya yetakchisini «bosqinchi va bezori» deya sifatlagan.

Jorj Bush hamda Barak Obama ma’muriyatida mudofaa vaziri lavozimida faoliyat yuritgan Robert Geyts esa Putinning ko‘ziga boqib, sovuqqon qotilni ko‘rganini so‘zlab bergan

Bundan tashqari, Jon Makkeyn, Mitt Romni, Marko Rubio, Berni Sanders kabi senator hamda prezidentlikka nomzodlar ham shunday ayblovlarni ilgari surgan.

AQSh Kongressi Vakillari palatasi spikeri Nensi Pelosi prezident Tramp Putinni Vashingtonga taklif etgudek bo‘lsa, Rossiya rahbari Kapitoliyda (parlament binosida) qabul qilinmasligini aytgan. Senatdagi respublikachilar fraksiyasi raisi Mitch Makkonnell ham ushbu bayonotni qo‘llab-quvvatlagan

Amerikalik arboblar Rossiya rahbarini korrupsiyada ham ayblab keladi.

Rasmiy Moskva bunday ayblovlarni qat’iyan rad etadi. Baydenning so‘nggi bayonoti ortidan ham Rossiyaning AQShdagi elchisi Anatoliy Antonov maslahatlashuv uchun oshig‘ich ravishda Moskvaga taklif etildi. Bu esa diplomatik «lahja»da keskin norozilikni ifodalaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring