Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Maqsadimiz — begunoh insonlarni terrorchilar changalidan qutqarish» — Turkiya elchisi

«Maqsadimiz — begunoh insonlarni terrorchilar changalidan qutqarish» — Turkiya elchisi

Avval xabar berganimizdek, joriy yil 9-oktyabr kuni Turkiya qurolli kuchlari Suriya hududida “Tinchlik bulog‘i” (Barış Pınarı Harekatı) deb atalgan harbiy amaliyot boshladi.

Xo‘sh, mazkur amaliyotdan ko‘zlangan maqsad nima?  Harbiy operatsiya sabab Suriya hududiy yaxlitligi xavf ostida qolmaydimi? Boshpanasidan ayrilgan millionlab qochqinlarning taqdiri qanday kechadi? Harbiy amaliyot payti Suriya qamoqxonalaridagi IShID terrorchilarining qochib ketishi mumkinligi haqidagi xavotirlar nechog‘li asosli? Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Surayyo Er shu kabi savollarimizga javoban quyidagi mulohazalarini bildirdi.

Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Surayyo Er

“Avvalo, 9-oktyabr kuni boshlangan “Tinchlik bulog‘i” operatsiyasining muvaffaqiyat bilan davom etayotganini qadrli O‘zbekiston jamoatchiligiga yetkazish, qo‘llab-quvvatlaganlari uchun qardosh o‘zbek xalqi va O‘zbekiston davlatiga minnatdorligimizni izhor etishni istayman.

Terrorning har qanday turiga qat’iyan qarshi bo‘lgan Turkiya bu borada Suriyadagi barcha terroristik guruhlarga qarshi, ularni ajratmagan holda kurashmoqda. Turkiya IShIDga qarshi kurashda xalqaro koalitsiyaga qo‘shilibgina qolmay, IShID bilan maydonda yakkama-yakka to‘qnashgan yagona davlat bo‘lib, 4000 dan ortiq IShID terrorchisini bir o‘zi  yo‘q qilgan.  Turkiya faqat o‘zi joylashgan mintaqaga emas, qardosh O‘zbekiston kabi uzoq va yaqin jug‘rofiyadagi davlatlar boshiga ham ta’riflab bo‘lmaydigan kulfatlar keltirgan IShID va unga o‘xshash mal’un terrorchi tashkilotlarni o‘z inlarida yo‘q qilish va bu kulfatlarning boshqa takrorlanmasligini ta’minlash uchun barcha imkoniyatlarini safarbar etdi.

Xalqaro hamjamiyat e’tiborini IShID qadar tortmasa-da, Suriyada faoliyat olib borayotgan boshqa bir terrorchi tashkilot – PYD/YPG va uning turli bo‘linmalari haqida alohida to‘xtalmoq joiz. Furot daryosining sharqiy hududidan mamlakatimizga qarshi yuzlab hujumlar uyushtirgan mazkur jangari guruhlar o‘n yillardan beri mamlakatimizda o‘n minglab begunoh insonlarning o‘limiga sababchi bo‘lgan qonli PKK terroristik tashkilotining Suriyadagi bo‘linmasidir.

PYD/YPG faqatgina Turkiyaga hujum qilish bilan cheklanmay, Suriya xalqiga qarshi, xususan, mamlakatning shimoliy hududlaridagi ko‘p sonli tinch aholining o‘limi va jarohatlanishiga sabab bo‘lgan terroristik hujumlarni amalga oshirgan.

Turkiyaga qarshi olib borgan xoinona harakatlarida turli terrorchi guruhlar bilan hamkorlik qilgan, o‘z manfaati uchun, Raqqa shahrida bo‘lganidek, IShID terrorchilarini ozod qilgan va ular bilan ittifoq tuzib, mazkur jangari guruh nazoratni qo‘lga kiritgan joylarda insonlarni uy-joysiz qoldirgan va zo‘rovonlikka asoslangan zulmkor boshqaruv o‘rnatgan.

“Tinchlik bulog‘i” operatsiyasi ana shunday sharoitda amalga oshirilmoqda. Maqsadimiz – Turkiyaning chegara xavfsizligini ta’minlash, Suriyaning shimoliy hududlarida terrorchi guruhlar makon topgan bir koridorning paydo bo‘lishini oldini olish va mintaqadagi mahalliy xalqni terrorchilarning qo‘lidan qutqarishdir. To‘rtdan bir qismi PKK/YPG terrorchi tashkilotining ishg‘oli ostida bo‘lgan Suriyaning hududiy butunligiga va siyosiy birligiga erishishiga hissa qo‘shishdir.

BMT Nizomining 51-moddasiga binoan qonuniy mudofaa choralari doirasida amalga oshirayotganimiz bu operatsiyada biz uchun ustuvor bo‘lgan jihat – oddiy fuqarolar va begunoh xalqning bir tola sochi ham to‘kilmay terrorchilar changalidan qutqarilishidir. Jangarilar oddiy fuqarolardan jonli qalqon sifatida foydalanish kabi turli yo‘llarni qo‘llashiga qaramay, askarlarimiz katta mahorat va ehtiyotkorlik ko‘rsatmoqdalar. Bundan avval muvaffaqiyat bilan amalga oshirilgan “Furot qalqoni” va “Zaytun novdasi” operatsiyalarida bo‘lgani kabi, operatsiyada faqatgina terrorchi unsurlar aniqlik ila nishonga olinmoqda.

Operatsiyaning yana bir maqsadi – Suriya shimoliy hududlari terrorchilardan tozalanib xavfsiz hududga aylantirilgach, 300 ming nafari suriyalik kurdlar bo‘lgan, mamlakatimizda himoyaga olingan 4 millionga yaqin suriyalikning bir qismini, o‘z ixtiyorlariga ko‘ra ana xavfsiz hududga joylashtirish maqsadida mamlakatlariga qaytishlarini ta’minlashdir.  Xususan, ulardan 365 ming nafari “Furot qalqoni” va “Zaytun novdasi” operatsiyalari doirasida Jerablus va xavfsiz holga keltirilgan boshqa zonalarga  o‘z istaklari bilan qaytgan edi.

Shuni esda tutish kerakki, Suriya aholisining 5,5 million nafari xorijda boshpana topishga majbur bo‘lgan, 6 million nafari esa mamlakat ichida boshqa joylarga ko‘chib o‘tgan. Boshqacha aytganda, uylarini tark etishga majbur qilingan 12 million kishi, ya’ni Suriya aholisining yarmidan ko‘prog‘i “etnik muhandislik”dan jabrlanganlardir. Ularning orasida anchagina musulmon bo‘lmagan fuqarolar va mamlakat aholisining 10 foizini tashkil etuvchi nasroniylar ham mavjud. “Tinchlik bulog‘i” operatsiyasidan, ayni vaqtda, terrorchilarning “demografik muhandisligi” natijasida yarmi uylarini tashlab ketishga majbur qilingan, mamlakat aholisining asl namoyandalari hisoblangan musulmon bo‘lmagan aholining Suriyaga – uyiga qaytishini ta’minlash maqsad qilingan.

Operatsiyadan ko‘zlangan pirovard maqsad-muddao haqida to‘g‘ri va sahih tushunchaga ega bo‘lish uchun Turkiyaning faqat o‘z hududida himoyasiga olgan fuqarolarnigina emas, ayni paytda Suriyada yashayotgan 3 millionga yaqin suriyalikka ham, ya’ni mamlakatning uchdan bir foizini tashkil etuvchi aholiga ham qo‘lidan kelgan ko‘makni ko‘rsatgani, terrordan tozalagan joylarda maktablar, kasalxonalar, bog‘chalar barpo qilish bilan infratuzilmani rivojlantirish, “yuqori tuzilmalarni” qayta tiklashga yordam berish bilan qayta oyoqqa turg‘azishga harakat qilayotgani, shu maqsadlarda 40 milliard dollar mablag‘ o‘tkazganini yodga olish kifoya.

Suriyaning shimolida tashkil etilishini istayotganimiz – xavfsiz zona bo‘yicha qarashlarimiz Suriya milliy koalitsiyasi, Suriya muvaqqat hukumati, kurd va nasroniy yetakchilarini o‘z ichiga olgan mintaqa xalqi va rasmiy vakillari tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani armiyamizga ma’naviy kuch bag‘ishlamoqda.

Turkiyaning terrorga qarshi kurashi Suriyaning hududiy butunligi, xavfsizligi va barqarorligi uchun muhim ahamiyatiga egadir. Bu kurashning ayni paytda xalqaro tartib, tinchlik va barqarorlikka hissa bo‘lib qo‘shilajagi qo‘shimcha izoh talab qilmasa kerak.

Terror, afsuski, ummonu cho‘llarni oshib o‘tuvchi chegara bilmas global ofatdir. U Turkiya yoki O‘zbekiston demay, Suriya, Nyu-York yoki O‘rta Osiyoda har onda bir bo‘shliq topib, pand berish g‘arazida. Shu sababli xalqaro hamjamiyat birgalikda harakat qilishi, terrorni qayerda paydo bo‘lishidan qat’i nazar, birgalikda, qo‘lni qo‘lga berib qat’iyat bilan bartaraf etishi kerak. Faqat so‘nggi 4 yil ichida Turkiya ichkarisida 7500 nafar, Turkiya tashqarisida 8500 nafar, jami 16 ming nafar terrorchining yo‘q qilinganini eslashning o‘zi bu global tahdidning bartaraf etilishiga mamlakatimiz qo‘shgan hissani namoyon etadi.

Turkiya Suriyadagi terrorizmning har xil ko‘rinishlariga qarshi kurash olib bormoqda, operatsiya doirasida IShID unsurlarining yo‘q qilinishi va hibsda tutib turilgan IShID terrorchilarining qo‘yib yuborilishining oldi olinishiga katta ahamiyat bermoqda.

Qayerdan va kimdan kelsa kelsin, ortida qaysi kuch tursa tursin, terrorning barcha ko‘rinishini la’natlash ham axloqiy, ham insoniy, ham siyosiy majburiyatdir. Bundan o‘zni olib qochish va “ishga yaragan terrorchi” qabilida toifaga ajratish faqat noto‘g‘ri bo‘libgina qolmay,  ayni paytda xalqaro hamjamiyat va dunyo tinchlig  uchun o‘ta xatarlidir.

Turkiya milliy xavfsizligini ta’minlagunga qadar, oddiy xalqni jangarilar changalidan qutqarib, mintaqani terrordan tozalagunga qadar O‘zbekiston kabi ittifoqchi va do‘stlarining qo‘llab-quvvatlashi bilan kurashni qat’iy davom ettiradi. Etnik, ideologik, diniy, siyosiy va boshqa ildizlariga qaramay, terrorning har qanday turiga qarshi olib borayotgan murosasiz kurashimizda xalqaro hamjamiyatning ayni nuqtai nazar bilan bizni oxirigacha qo‘llab-quvvatlashi va shu orqali terror qarshisida bahamjihat ekanini ko‘rsatishi jahonda tinchlikni ta’minlash uchun rad etib bo‘lmas hayotiy ahamiyatga ega majburiyatdir”.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring