O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasida maxsus savdo zonasini tashkil etish taklif qilindi
Joriy yil 22-oktyabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan Qozog‘iston va O‘zbekiston hukumatlarining qo‘shma hududlararo forumida Mang‘istau viloyati hokimi Nurdaulet Qilibay Mang‘istau viloyati va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish bo‘yicha qator takliflar bilan chiqdi.
Ta’kidlanishicha, Qozog‘istonning Mang‘istau viloyati va O‘zbekistonning Nukus shahrini bog‘lovchi avtomobil yo‘li qurilib foydalanishga topshirildi.
Nurdaulet Qilibayning aytishicha, Mang‘istau viloyatidagi ulgurji bozorlardagi oziq-ovqat mahsulotlari, sabzavot, meva va quritilgan mevalarning asosiy qismi Buxoro, Samarqand, Nukus va Sirdaryo dalalaridan keltiriladi. Xususan, «Tojen» bojxona posti orqali kuniga 250-300 taga yaqin yuk avtomobillari o‘tadi, shundan o‘rtacha 25-30 tasi Mang‘istau viloyatiga jo‘natiladi. Bu 11 ming tonnaga yaqin mahsulot deganidir.
Mintaqalararo forumda Mang‘istau viloyati hokimi ikki davlat o‘rtasidagi savdo aloqalarini yanada rivojlantirish maqsadida chegaradosh hududda «Xorgos» savdo majmuasi namunasidagi maxsus bojsiz savdo zonasini tashkil etishni taklif qildi. Savdo-iqtisodiy zonaning ochilishi Mang‘istau viloyati va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 4 barobarga oshirishi aytildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Mang‘istau viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Beyneu va Xo‘jeyli tumanlari hokimligi o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Ma’lumot uchun, ayni paytda Mang‘istau viloyatida O‘zbekiston ishtirokidagi 140 ta korxona ro‘yxatga olingan. 2023 yil yakuni bo‘yicha viloyatning O‘zbekiston bilan tashqi savdo aylanmasi 13,2 million AQSh dollarini tashkil etdi. O‘zbekiston Respublikasidan import qilinadigan tovarlarning umumiy tovar aylanmasidagi ulushi qariyb 25 foizni tashkil etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter