Texnik nosozlik Italiya havo hududini falajab qo‘ydi
Kecha ertalab Italiyaning «ENAV» havo harakatini boshqarish xizmati tizimida yuz bergan yirik nosozlik butun mamlakat bo‘ylab parvozlarning kechikishi va bekor qilinishiga sabab bo‘ldi.
Muammo nafaqat samolyotlarning uchishi va qo‘nishiga, balki Italiya havo hududidan tranzit o‘tuvchi reyslarga ham ta’sir ko‘rsatdi.
Nosozlik havo harakatini boshqarishda qo‘llaniladigan ma’lumotlar uzatish tarmog‘ida kuzatilgan. Rasmiylar kiberhujum yoki qo‘poruvchilik ehtimolini inkor etdi. Parvozlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida, mahalliy vaqt bilan soat 06:00 dan boshlab dispetcherlar havo hududining o‘tkazish qobiliyatini vaqtinchalik qariyb 50 foizga kamaytirdi.
«Cirium» tahliliy kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, kunning birinchi yarmida 192 ta reys bekor qilingan. Italiya aeroportlaridan samolyotlarning atigi 31 foizi o‘z vaqtida havoga ko‘tarildi. Ayniqsa, Milan va Rimda vaziyat ancha og‘irlashdi: bu shaharlarda parvozlarning atigi 25-28 foizi jadvalga muvofiq amalga oshirildi.
Kun davomida «ENAV» xizmati zaxira sun’iy yo‘ldosh tarmog‘ini ishga tushirish orqali tizimni qayta tiklashga muvaffaq bo‘ldi. Dastlab bu odatiy o‘tkazish qobiliyatining qariyb 75 foizini ta’minladi, ko‘p o‘tmay esa tashkilot tizim to‘liq tiklanganini ma’lum qildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter