Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

To‘qayev: «Yevropa ko‘pdan buyon bunday fojiaga ro‘baro‘ kelmagandi...»

To‘qayev: «Yevropa ko‘pdan buyon bunday fojiaga ro‘baro‘ kelmagandi...»

Foto: Akorda.kz

Qozog‘iston Ukraina hududiy yaxlitligini hurmat qiladi. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev muallifligida AQShning The National Interest nashrida chop etilgan maqolada so‘z boradi.

«Dunyodagi eng uzun chegaraga ega davlatlar sifatida Qozog‘iston va Rossiya hamkorlik borasida o‘ziga xos robitalar o‘rnatgan. Ayni choqda, Ukraina bilan ham do‘stona aloqalarimiz teran an’analarga ega. Dunyoning ko‘plab mamlakatlari kabi biz ham mazkur mamlakatning hududiy yaxlitligini hurmat qilamiz. Ziddiyat BMT nizomlariga muvofiq tez fursatda, adolatli tarzda hal etiladi degan umiddamiz», – deb yozadi Qozog‘iston prezidenti.

Qayd etilishicha, Q.To‘qayev urushni tinch yo‘l bilan bartaraf etish maqsadida ham Rossiya, ham Ukraina prezidentlari bilan suhbatlashgan, bu borada xalqaro vositachilik taklif etgan.

Qozog‘iston rahbari urushni ulkan fojia deb atar ekan, mamlakatda joriy yil yanvar oyida ro‘y bergan zo‘ravonliklarni ham yodga olgan.

«Rossiya–Ukraina ziddiyati Yevropa qit’asi ko‘pdan buyon ro‘baro‘ kelmagan fojiadir. Urush boshlanishidan ikki oygina avval Qozog‘iston ham musibatni boshdan kechirdi: umummilliy namoyishlar mamlakatning 30 yillik mustaqillik tarixida kuzatilmagan zo‘ravonlikka aylanib ketdi. Biz hamon o‘sha jarohatlarga malham qo‘ymoqdamiz, ammo biz undan saboq chiqarib, muammolarni dadil hal etib oldinga intilishda sobitmiz», – deb yozadi Q.To‘qayev.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Qozog‘iston joriy yil 14-15-mart kunlari Ukrainaga gumanitar ko‘mak jo‘natgandi. O‘shanda ham rasmiy Nursulton Ukrainaning tinch aholisi va infratuzilmasiga zarar yetkazishni to‘xtatish borasida bayonot bergandi.

Avval xabar berganimizdek, Qozog‘iston rahbari 16-mart kuni mamlakatda katta siyosiy islohotlar boshlanayotgani, xususan, superprezidentlik boshqaruvidan kuchli parlamentga asoslangan prezidentlik respublikasi tizimiga o‘tilishi, siyosiy monopoliyadan voz kechilishini e’lon qilgan edi.

The National Interest nashrida chop etilgan maqolada siyosiy islohotlar xususida ham so‘z boradi.

«Mamlakat markaziy davlat hokimiyati vakolatlarining hududlarga berilishi, muvozanat va posangini saqlash borasida mislsiz choralarni amalga kiritmoqda. Korrupsiya va oshna-og‘aynigarchilikka yo‘l qo‘yilmaydi. Siyosiy hokimiyat vakolatlarining kuchayib ketishi va boyliklarning bir siqim shaxslar qo‘lida to‘planishiga barham beriladi. Mamlakatimiz chinakam ma’noda gullab-yashnashga haqli», – deb yozadi Q.To‘qayev.

Qozog‘iston rahbari ulkan maqsadlarni amalga oshirish, jumladan, Yevroosiyoda barqarorlikni ta’minlash yo‘lida AQSh va Yevropa bilan hamkorlikka alohida e’tibor qaratilishini qayd etgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring